Qozog‘istonliklarning 16 milliondan ziyod ma’lumoti internetga sizib chiqdi
Olam
−
17 iyun
7297Qozog‘istonliklarning 16 milliondan ziyod ma’lumoti internetga sizib chiqdi. Bu haqda mamlakat Kiberhujumlarni tahlil qilish va tergov markaziga (TSARKA) tayanib, “Informburo.kz” xabar berdi.
TSARKA ma’lumotlariga ko‘ra, bu holat norasmiy ravishda “Qozog‘iston aholisi 2024” nomini olgan.
“Bu anchagina yirik hodisa: umumiy hisobda 16 milliondan ortiq ma’lumotga ochiq kirish imkoni paydo bo‘ldi. Bu esa mamlakat aholisining katta qismini qamrab oladi. Eng xavotirli jihati shundaki, faqat ism-sharif emas, juda nozik shaxsiy ma’lumotlar sizib chiqqan: familiya, ism, otasining ismi, tug‘ilgan sana, IIN (shaxsiy identifikatsiya raqami), yashash manzili, telefon raqamlari – mobil, ishchi yoki uy telefoni. Ba’zi hollarda bu ma’lumotlar poliklinika va stomatologiya muassasalarida qayd etilgan, demak bu turli sohalardan to‘plangan axborot bo‘lishi mumkin”, deya izoh berdi TSARKA Group vitse-prezidenti Enlik Satiyeva.
Hozircha bu sizib chiqish qayerdan yuz bergani aniqlanmagan. TSARKA mutaxassislariga ko‘ra, bu biror xizmatning bazasi bo‘lishi ham, yoki IIN orqali birlashtirilgan turli manbalardan yig‘ilgan ma’lumotlar to‘plami ham bo‘lishi mumkin.
Sizdirilgan ma’lumotlar ro‘yxati:
- familiya;
- ism;
- otasining ismi;
- jins;
- tug‘ilgan sana;
- IIN (shaxsiy identifikatsiya raqami);
- mobil telefon raqami;
- ish telefoni;
- uy telefoni;
- fuqarolik;
- millat;
- yashash manzili;
- manzilni tasdiqlash holati;
- yashay boshlagan sana.
Bu kabi katta ko‘lamdagi ma’lumotlar sizib chiqishi shaxsiy hayot daxlsizligiga tahdid soladi va xavfsizlik bo‘yicha jiddiy choralarni talab qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq internetda Rossiyadagi maxfiy yadro inshootlariga oid yirik ma’lumotlar sizib chiqqandi. 2 milliondan ortiq hujjat, jumladan, Yasniy shahridagi Strategik raketa kuchlari bazasining to‘liq sxemalari ochiq tarmoqda paydo bo‘lgan.
LiveBarchasi