Qumqo‘rg‘onda neft daryoga oqib ketdi (video)
Jamiyat
−
24 aprel 10044 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumani hududidan oqib o‘tuvchi daryoda neft oqayotgani haqida xabar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot kotibi Shuhrat Suyunov munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, Boysun tumani Kofrun mahallasidan oqib o‘tuvchi Xangaronsoy soyining oqim bo‘ylab chap tomonida neft saqlanadigan vaqtinchalik hovuzlar bo‘lgan. Ushbu hovuzlar burg‘ulash chog‘ida yer yuzasiga chiqqan neft xomashyosi soyga oqib ketishining oldini olish maqsadida joriy yilning yanvar-fevral oylarida ERIELL Group kompaniyasi tomonidan tuproqdan damba qilish yo‘li bilan barpo etilgan. Ularda to‘plangan neft maxsus texnikalar yordamida tashib ketilgan.
Kecha, 23 aprel kuni Boysun tumanida ro‘y bergan kuchli yog‘ingarchilik oqibatida Xangaronsoy soyida suv ko‘payib, vaqtinchalik dambalardan sel-toshqin suvlari toshib o‘tgan. Shu sababli neft aralashgan suv Bandixon tumani hududidan oqib o‘tuvchi Bandixonsoyga, u orqali Qumqo‘rg‘on tumanidan oqib o‘tuvchi Surxondaryo daryosiga quyilgan.
Shu kunning o‘zida Kofurun mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Xangaronsoy soyidagi bir nechta hovuz dambalari ERIELL Group kompaniyasi tomonidan tiklanib, suvga neft oqib chiqishi to‘liq bartaraf qilingan.
Amu-Surxon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi va viloyatdagi barcha suv xo‘jaligi tashkilotlari tomonidan sel-toshqin xavfi ro‘y berishi mumkin bo‘lgan hududlarda nazorat kuchaytirilib, kechayu-kunduz navbatchilik tashkil etilgan.
Live
Barchasi