Qurmanbek Bakiyevning ukasi O‘zbekistonda vafot etdi – OAV
Olam
−
13 aprel 24255 2 daqiqa
Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Qurmanbek Bakiyevning ukasi Ahmat Bakiyev O‘zbekistonda vafot etdi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, bugun, 13 aprel kuni “Sputnik Qirg‘iziston” xabar berdi.
Qayd etilishicha, uning jasadi bugun Jalolobod viloyatiga olib borilishi kerak. Bakiyev o‘zining tug‘ilib o‘sgan Masadan (Teyit) qishlog‘ida dafn etilishi aytilmoqda.
“24.kg” nashriga ko‘ra, u so‘nggi yillarda O‘zbekiston hududida yashab kelgan. Shuningdek, Ahmat Bakiyevning uzoq vaqt davomida kasal bo‘lgani aytilmoqda. O‘limning aniq sababi hozircha ochiqlanmagan.
Ma’lumot uchun, Ahmat Bakiyev – Qirg‘iziston Respublikasi sobiq prezidenti Qurmanbek Bakiyevning tug‘ishgan ukasi. 2010 yilgi Aprel inqilobidan keyin u bir qator jinoiy ishlar markazida qolgan. 2012 yilda sud uni ommaviy tartibsizliklarni tashkil etishda aybdor deb topgan. U ozodlikdan mahrum etilib, jazoni manzil-koloniyada o‘tayotgan edi. Keyinchalik Ahmat Bakiyev muassasani tark etgan va huquq-tartibot idoralari ma’lumotiga ko‘ra, g‘oyib bo‘lgan. O‘shandan beri, OAV xabarlariga ko‘ra, u Qirg‘iziston tashqarisida bo‘lgan va qidiruvga berilgan. O‘tgan yillar davomida uning qayerda ekani rasman ochiqlanmagan.
Qurmanbek Bakiyev 2005 yilda sodir bo‘lgan “Lola inqilobi” natijasida hokimiyat tepasiga kelgan. U birinchi prezident Asqar Akayevning iste’fosidan so‘ng mamlakatni boshqara boshlagan. 2010 yilning aprel oyida mamlakatda ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan. Poytaxt Bishkekda namoyishchilar va huquq-tartibot organlari o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz berib, “Oq uy” (prezident qarorgohi) oldida o‘nlab odamlar halok bo‘lgan. Qurmanbek Bakiyev mazkur ishda aybdor deb topilib, sirtdan 30 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Hozirda u Belarusda istiqomat qilmoqda.
Live
Barchasi18 aprel