Katta tozalash: AQSH Harbiy-dengiz kuchlari vaziri ham ishdan haydaldi
Olam
−
23 aprel 3578 2 daqiqa
AQSH Harbiy-dengiz kuchlari vaziri Jon Felan o‘z lavozimini tark etdi. Uning iste’fosi darhol kuchga kirgan. Bu haqda Pentagon matbuot kotibi Shon Parnell X sahifasida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Mudofaa vaziri va uning o‘rinbosari nomidan Felanning AQSH Mudofaa vazirligi hamda Harbiy-dengiz kuchlaridagi xizmatlari uchun minnatdorlik bildirilgan va unga kelgusi faoliyatida muvaffaqiyat tilangan.
Vazir vazifasini vaqtincha Xung Kao bajaradi. U bungacha Felanning o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
CNN ma’lumotiga ko‘ra, Jon Felan ilgari tadbirkor bo‘lgan va harbiy xizmat tajribasiga ega emas edi. U 2025 yilda, Donald Tramp AQSH Prezidenti etib saylangach, ushbu lavozimga tayinlangan. Telekanalning ta’kidlashicha, Felan rafiqasi bilan birga Trampning saylovoldi kampaniyasi uchun mablag‘ yig‘ish bilan ham shug‘ullangan.
AQSH Prezidenti Felan haqida iliq fikrlar aytib kelgan.
“Jon dengizchilarimiz uchun kuchli tayanch va mening tamoyilimni ilgari surishda qat’iy yetakchi bo‘ladi. U AQSH Harbiy-dengiz kuchlari manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yadi”, degan edi Tramp.
Aprel oyining boshida AQSHda Quruqlikdagi qo‘shinlar shtabi boshlig‘i, general Rendi Jorj ham iste’foga chiqarilgani e’lon qilingan edi. SBS telekanali manbalariga tayanib xabar berishicha, uning lavozimdan ketishini Pentagon rahbari Pit Hegset talab qilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, u bu lavozimda o‘zi va Tramp shakllantirgan armiya konsepsiyasini amalga oshira oladigan shaxsni ko‘rishni istaydi.
13 aprel kuni AQSH harbiylari Tramp topshirig‘i bilan Hormuz bo‘g‘ozida blokada boshlagan. U Eron portlariga kirayotgan va chiqayotgan kemalarga nisbatan qo‘llanilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Mehnat vaziri Lori Chaves-Deremer nomaqbul xatti-harakatlar haqidagi ayblovlar fonida Prezident Donald Tramp ma’muriyatini tark etgandi.
Live
BarchasiDehqonobod tumaniga sel keldi
23 aprel