Katta urush. Xomanaiy va oilasi yo‘q qilindi
Tahlil
−
01 mart 8896 9 daqiqa
Epik g‘azab operatsiyasi
Berilgan muddat tugadi. Trampning sabr kosasi to‘ldi. Boshlanishi uzoq cho‘zilgan hujumga aynan bugun, joriy yilning 28 fevralida start berildi. Qo‘shma Shtatlar Eronga qilingan hujumni "Epik g‘azab operatsiyasi" (Operation Epic Fury) deb atamoqda. Eron o‘t ichida. Xo‘sh dunyoda nimalar bo‘lmoqda?
Trampning start to‘pponchasi
Qator e’lon qilingan tahdidli nutqlar va itervyulardan so‘ng va nihoyat AQSH Prezidenti Donald Tramp “tepkini bosdi”, Eronga qarshi yirik jangovar operatsiyalarni boshlaganini e’lon qildi. 28 fevral kuni ertalab o‘zining Truth Social sahifasida e’lon qilingan 8 daqiqalik nutqida Eron xavfidan Amerikaliklarni himoya qilishga qaratilgan hujumlarni boshlanganini rasman tasdiqladi.
"Bizning maqsadimiz - Eron rejimining yaqinlashib kelayotgan tahdidlarini bartaraf etish orqali Amerika xalqini himoya qilish. Bu juda qattiqqo‘l va dahshatli odamlardan iborat yovuz guruh. Uning tahdidli faoliyati Qo‘shma Shtatlar, bizning qo‘shinlarimiz, xorijdagi bazalarimiz va butun dunyo bo‘ylab ittifoqchilarimiz uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xavf tug‘diradi", dedi u.
Tramp Eronni yillar davomida Amerika uchun tahdid bo‘lib kelgan davlat sifatida ta’rifladi. U o‘z nutqida Eron bilan bog‘liq bir qator tarixiy voqealarni eslatib o‘tdi. Jumladan, 1979 yil 4 noyabrda Tehrondagi AQSH elchixonasining eronlik inqilobiy talabalar tomonidan bosib olinib, 52 nafar amerikalik diplomat va boshqa xodimlar 444 kun davomida asirlikda ushlab turilgani, 1983 yilda Livandagi AQSH dengiz piyodalari kazarmasiga uyushtirilgan hujum, “Iroq ozodligi operatsiyasi” davrida Eronning Iroqdagi aralashuvi hamda 2023 yil 7-oktyabr kuni Isroilga uyushtirilgan terror hujumlarini tilga oldi. Mana shunday “qora tarix”ga ega davlatning yadro quroliga ega bo‘lishiga hech qachon yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidladi.
Jimjimador so‘zlarni sevuvchi Oq uy rahbari Tehronga uyushtirilgan hujumlarni “oliyjanob missiya” deb atamoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra Qo‘shma Shtatlarning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari : yadroviy dasturni butunlay barbod qilish, Eron rejimining mintaqaviy vakillarga qurol tarqatish qobiliyatini yo‘q qilish, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusini (IGRC) mag‘lub etish va rejimni o‘zgartirish. Yana Tramp bu vazifalarni bajarishda mahalliy xalqni yordamga chaqirdi.
Eron yonmoqda
Isroil mudofaa rasmiylarining so‘zlariga ko‘ra, Eronga hujumlar ertalab mahalliy vaqt bilan soat 08:10 da boshlangan. Hech qanday rasmiy ogohlantirishlarsiz, xalqaro huquq normalariga ochiqchasiga tupurgan holda, shunchaki tinch aholi ustiga raketa “yog‘diridi”. “Sher narasi” nomi bilan atalgan Isroil operatsiyasi nishonlari orasida Eronning qator nufuzli shaxslari ham bo‘lgan. Kechga kelib “Reuters” nashri chiqargan xabarlarda, Eron mudofaa vaziri Amir Nosirzoda va Inqilobiy gvardiya qo‘mondoni Muhammad Pakpur Isroil hujumlarida halok bo‘lgani aytilgan. Hatto Oliy rahnamo Oyatulloh Ali Xomanaining o‘limi haqidagi xabarlar ham dunyoning nufuzli nashrlarida tarqala boshladi. Biroq Isroil va AQSH hujumlari oqibatida 86 yoshli Xomanaiy halok bo‘lgani haqidagi ma’lumotni 1 mart kuni Eron davlat televideniyesi tasdiqladi.
Eron hududiga uyushtirilgan hujum chog‘ida Oyatullohning oila a’zolaridan to‘rt kishi – qizi, kuyovi, nabirasi va kelinlaridan biri ham vafot etgan.
Xomanaiy 1989 yildan beri Eronni boshqarib kelayotgan edi. Oliy rahbar sifatida u ushbu Islom Respublikasidagi hukumatning barcha tarmoqlari, harbiylar va sud tizimi ustidan mutlaq vakolatga ega edi.
Oyatullohning vafoti munosabati bilan mamlakat bo‘ylab 40 kunlik umumxalq motami va 7 kunlik umumxalq dam olish kunlari e’lon qilindi.
Xomanaiy o‘limi haqidagi xabarlar Isroilda bayram tarzida nishonlanmoqda. Truth Sosial tarmog‘ida Tramp tomonidan joylangan postda u Xomanaiy o‘lganini rasman e’lon qildi.
“Xomenei, tarixdagi eng yovuz odamlardan biri, o‘ldi. Bu nafaqat Eron xalqi uchun adolatdir, balki barcha buyuk amerikaliklar hamda Xomenei va uning qonxo‘r bezorilar to‘dasi tomonidan o‘ldirilgan yoki mayib qilingan dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan bo‘lgan insonlar uchun ham adolatdir. U bizning razvedkamiz va yuqori darajadagi zamonaviy kuzatuv tizimlarimizdan qochib qutula olmadi. Isroil bilan yaqin hamkorlikda ishlagan holda, u yoki u bilan birga yo‘q qilingan boshqa rahbarlar hech narsa qila olmadi”, deb yozadi AQSH Prezidenti.
Isroil kutilmagan vaqtda Tehronga qarata havodan zarbalar yo‘lladi. Ushbu zarbalar Eronning muhim ob’ektlari – Prezident qarorgohi, davlat idoralari va yadro inshootlariga tekkani iddao qilinmoqda. Eronning “Mehr” axborot agentligi Tehrondagi Eron razvedka binosiga ham hujum qilinganini yozgan.
Terhrondan tashqari Isfahon, Tabriz, Kirmonshoh, Qom, Karaj va Chobahor kabi mamlakatning yirik shaharlari o‘qqa tutilgan. 200 dan ortiq oddiy aholi ushbu hujumlar oqibatida halok bo‘ldi, 750 ga yaqin inson jarohatlandi. Minab shahridagi qizlar maktabiga qilingan raketa hujumi ham jiddiy talofatlar keltirdi. Portlashda 160 nafar o‘quvchi qiz halok bo‘lgani aytilmoqda. 1977 yilgi Jeneva konvensiyasiga birinchi qo‘shimcha protakolning 57-moddasida belgilanganidek tinch aholiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan hujumlar oldidan ogohlantirish berish talabini hech bir davlat inobatga olmagani ham dunyoda asosiy o‘ringa kuch-qudrat ko‘tarilganining yorqin isbotidir.
AQSH va Isroil hujumlarga faqatgina qurol bilan tayyorolanmagani ham tez orada ma’lum bo‘di. Raketalar ortidan Eronning qator yangilik kanallariga, jumladan, IRNA’ga ham kiberhujumlar uyushtirildi. Hakkerlar ushbu tarmoqlarda rejimga qarashi maqolalar joyladi, internetdan uzib qo‘ygani haqida xabarlar tarqatdi.
Barcha voqealarni bir chetdan kuzatib turgan Eron sobiq valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy ham Eron xalqiga murojaat qilib, mamlakat uchun hal qiluvchi lahzalar kelganini ta’kidlagan. Shuningdek, u bu so‘nggi jang ekanini va unda Eron xalqi Islom Respublikasi tuzumi ustidan g‘alaba qozonishini ta’kidlagan.
Eron qarshi hujumda
Garchi ertami-kechmi, hujumning bo‘lishi aniq bo‘lgan bo‘lsa-da, bu galgi hujumlarni ham Tehron bartaraf eta olmadi, ammo, tezda javob zarbasini berishni boshladi. Eronning harbiy salohiyati har qancha kuchli bo‘lmasin, okean ortidagi AQSHga zarba berish imkoniyati cheklangan, Isroilning himoya devori ham ancha mustahkam. AQSH harbiy bazalariga hujum uyushtira boshlagan Eronning dushmani ko‘paydi.
AQSH-Isroil zarbalaridan keyin Tehron o‘zining hududidan bir nechta yaqin mintaqaviy nishonlarga qarshi raketa otish va dronlar uchirish bilan javob berdi. Bu hujumlar nafaqat Isroilga, balki AQSH harbiy bazalari joylashgan Bahrayn, Qatar, Kuvayt va boshqa ko‘plab hududlarga qaratildi. Eronning qarshi zarbalari, birdaniga yirik hujum kampaniyasi deyish qiyin. Bu hujumlar natijasida ba’zi hududlarda portlashlar ro‘y bergan, biroq keng ko‘lamli baxtsiz hodisalar haqida ma’lumotlar mavjud emas.
Strategik tahlilchilar bu qarshi hujumni ikki asosiy maqsadda baholamoqda. Birinchidan, Eron rejimi xalq oldida o‘z kuchini yo‘qotmaslik va mintaqada o‘z mavqeini mustahkamlash istagida bo‘lgan. Ikkinchidan, bu javob choralari orqali Tehron o‘z deterrent salohiyatini – ya’ni hujumga qodir ekanligini ko‘rsatish niyatida edi. Biroq bu hujumlar kelgusida yanada kengashgan to‘qnashuv va avj olish xavfini keltirib chiqaradi.
Mintaqadagi boshqa davlatlar javob hujumlarni o‘z qarashlariga ko‘ra baholamoqda. Ba’zi davlatlar, jumladan Saudiya Arabistoni va BAA, Eronning qarshi hujumlarini xalqaro qonunlarni buzish sifatida tanqid qilgan. Ular bu zarbalar mintaqaviy tinchlik va barqarorlikka tahdid solayotganini ta’kidlamoqda.
Birlash Arab Amirligida sodir bo‘layotgan portlashlar Eron bilan arab mamlakatlari orasidagi keskinlashuvni oshirishi tabiiy. Abu Dabi va Dubaydagi tinch aholiga qilingan dron hujumlari aks etgan videolar ko‘pchilikni hayratga solmoqda. Al Dafra havo bazasiga yo‘naltiriligan hujum harakatlari o‘z vektoridan chiqib ketdi.
Shu bilan birga, Eronning turli hududlardagi proksi kuchlari, Livandagi Hizbulloh, Yamandagi Husiylar kabi harbiy guruhlar faolligi oshib, Eronni qo‘lab-quvvatlashini bildirgan. Ularning Isroilga hujumlari Tel-Avivni murakkab ahvolga solib qo‘yishi mumkin. Ammo, ularning hujumga kirishish ehtimoli hali so‘roq ostida.
Xalaqaro reaksiyalar
Yaqin Sharqdagi keskinlik ko‘plab xalqaro aktorlarning keskin noroziliklariga sabab bo‘ldi. Kimdir tinch yo‘l tanlanmagani uchun har ikki tomonni koyisa, yana kimdir Eronning javob hujumlarini ortiqcha “agressiya” deb baholaydi. Aniq to‘xtam mavjud emas.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Antonio Guterres boshchiligida harbiy eskalatsiyani qat’iyan qoraladi va ziddiyatni tinch yo‘l bilan hal etishga chaqirdi. Guterres har ikki tomonning ham kuch ishlatishi mintaqaviy va xalqaro tinchlik uchun jiddiy xavf tug‘dirishini ta’kidlab, “darhol to‘xtatish” choralarini talab qildi
“Qo‘shma Shtatlar va Isroilning Eronga qarshi kuch ishlatishi va keyinchalik Eronning mintaqa bo‘ylab qasos olishi xalqaro tinchlik va xavfsizlikka putur yetkazmoqda”, deydi Gutterish.
Ko‘plab Yevropa davlatlari ham vaziyatga munosabat bildirdi. Evropa Ittifoqi (EI) eng nufuzli ikki rahbari Ursula fon der Leyen va Antonio Kosta, har ikki tomonning tinch aholini himoya qilgan holda eng yuqori darajada samarali cheklovlarni ko‘rishiga chaqirdi va xalqaro huquqni hurmat qilishni talab qildi. EI siyosiy yetakchilari, shu jumladan Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya raislari, Eron bilan muzokaralarni yangidan boshlash kerakligini aytib, keng ko‘lamli eskalatsiyani xavfli deb baholadi.
Arab davlatlari ichida reaksiyalar ham juda turlicha bo‘ldi. Qatar, BAA, Bahrayn va Saudiya Arabistoni Eronning raketa hujumlarini qat’iyan qoralab, bu harakatlarni suverenitet va hududiy yaxlitlikka qarshi qilingan tajovuz sifatida baholadi.
Biroq boshqa tomonlarda chiqishlar boshqacha bo‘ldi. O‘mon rasmiylari Eron va AQSH o‘rtasidagi diplomatik muzokaralar hali davom etar ekan, hujumlarning diplomatik jarayonni to‘xtatib qo‘yayotganini tanqid qildi va tezroq qurolli nizoni to‘xtatishni talab qildi.
Osiyo davlatlari, jumladan Xitoy va Hindiston, hujumlarni tugatish va diplomatik yechim topish tarafdori ekanliklarini ma’lum qildi. Xitoy tashqi ishlar vazirligi Eronning suvereniteti va hududiy yaxlitligi hurmat qilinishi kerak deb qayd etdi va ziddiyatning keskinlashmasligini so‘radi. Hindiston esa barcha tomonlarga “o‘zaro hurmat va tinchlik uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirishni” tavsiya qildi.
Rossiya Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari va sobiq prezident Dmitriy Medvedev esa AQSH va Isroil hujumlarini keskin tanqid qildi.
“Tinchlikparvar asl qiyofasini ko‘rsatdi. Eron bilan olib borilgan muzokaralar shunchaki niqob edi. Buni hamma bilardi. Endi dushmanning ayanchli yakunini kutishga kimning sabri yetadi? Aslida hech kim jiddiy muzokara olib borishni istamagan”, degan Medvedev.
Kanada ham AQSHning hududiy va xavfsizlik choralarini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan holda, Eronning yadro quroliga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidladi. Boshqa tomondan, ba’zi davlatlar, jumladan Pokistan, hozirgi zarbalarni “noqonuniy hujumlar” deb qoraladi hamda ziddiyatni tez orada muzokaralar orqali hal etish tarafdori ekanligini bildirdi.
Bundan tashqari, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH boshchiligidagi zarbalarni qo‘llab-quvvatlab, Eronni Rossiya bilan yaqin aloqada bo‘lishda aybladi va bu harakatni global xavfsizlik nuqtai nazaridan muhim deb atadi.
O‘zbekiston ham mazkur vaziyatga nisbatan o‘z pozitsiyasini bildirib, tomonlarni muzokaralarga chorladi.
“Barcha tomonlarni vazminlikka da’vat etib, nafaqat harbiy-siyosiy, balki gumanitar jihatdan oldindan ko‘rib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan xavfli keskinlashuvga sabab bo‘ladigan keyingi qadamlardan tiyilishga chaqiramiz.
Vujudga kelgan inqirozni xalqaro huquq normalari asosida, siyosiy-diplomatik vositalar orqali va o‘zaro maqbul muloqot yo‘li bilan hal etish maqsadga muvofiq ekanini ta’kidlaymiz”, deyiladi Taashqi ishlar vazirligi bayonotida.
Umuman olganda, dunyo hamjamiyati hozirgi voqealarni xavotir bilan kuzatmoqda. Ko‘pchilik davlatlar va xalqaro tashkilotlar eskalatsiyani kamaytirish, tinchlik yo‘lini topish va xalqaro huquqni hurmat qilishni talab qilmoqda. Hech kimga navbatdagi xalqaro mojaro kerak emas. Dunyoga tinchlik kerak.
Live
Barchasi