Kelasi yil “Markaziy Osiyo – Koreya” sammiti bo‘lib o‘tadi

Jamiyat

image

“Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” formatida oliy darajadagi sammit bo‘lib o‘tadi. Bugun, 17 dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi va Markaziy Osiyo davlatlari parlamentlari rahbarlarining uchinchi uchrashuvida ishtirok etish uchun Toshkentga kelgan Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri U Von Shik boshchiligidagi delegatsiya bilan sammit doirasidagi tadbirlarning kun tartibini puxta tayyorlash haqida gaplashdi.

Uchrashuv avvalida oliy martabali mehmon davlat rahbariga Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myonning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi. O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi alohida strategik sheriklikni, jumladan, parlamentlar hamkorligi orqali yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Siyosiy va parlamentlararo aloqalar jadal tus olgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bildirilishicha, tovar ayirboshlash hajmi hamda Koreyadan, birinchi navbatda, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va yuqori texnologiyali sanoat tarmoqlarini rivojlantirishga yo‘naltirilayotgan investitsiyalarning soni ortib bormoqda.

Shuningdek, gumanitar va ta’lim almashinuvlari kengaymoqda. O‘zbekistonda Koreya yetakchi universitetlarining to‘rtta filiali, shuningdek, hududlardagi professional ta’lim markazlari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

“Infratuzilmani rivojlantirish, transport va logistika, nodir metallar va o‘ta muhim xomashyoni qayta ishlash, shuningdek, qonun ijodkorligi faoliyatini raqamlashtirish va boshqaruvda ilg‘or yechimlarni joriy etish bo‘yicha kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish qo‘llab-quvvatlandi.

Parlamentlararo hamkorlik dasturini ishlab chiqish hamda parlamentlardagi “do‘stlik guruhlari” ishini faollashtirish muhimligi ta’kidlandi”, deyiladi Prezident matbuot xizmati xabarida.

Ma’lumot uchun, 2024 yilning iyunida Janubiy Koreyaning o‘sha vaqtdagi prezidenti Yun Sok Yolning Markaziy Osiyo davlarlariga tashrifi davomida mintaqaning beshta davlati ishtirokida “Markaziy Osiyo – Koreya” formatidagi birinchi sammitni tashkil etish va 2025 yil Seulda uning yig‘ilishini o‘tkazishga kelishilgandi. Biroq 2025 yilning iyunida Yun Sok Yolning harbiy holat joriy etishga muvaffaqiyatsiz urinishidan keyin yuzaga kelgan siyosiy o‘zgarishlar sabab “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammiti 2026 yilga qoldirildi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19-20 dekabr kunlari Yaponiyaning Tokio shahrida Markaziy Osiyo – Yaponiya sammiti o‘tkazilishi xabar qilingandi. Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev esa 18-20 dekabr kunlari Yaponiyaga rasmiy tashrif bilan boradi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Koreya Respublikasi Markaziy Osiyo – Koreya U Von Shik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing