Xitoy 3 nafar astronavt va 4 ta sichqonni kosmosga uchirdi (video)
Bu qiziq
−
31 Oktabr 4437 2 daqiqa
Kecha, 30 oktyabr kuni Xitoyning “Chanchjen-2F” raketa tashuvchisi “Shenchjou-21” bortida uch astronavt va to‘rtta sichqon bilan “Tyangun” orbita stansiyasiga yo‘l oldi. Raketa uchirish marosimi Xitoy Markaziy televideniyesi tomonidan jonli efirda namoyish etildi.
Qayd etilishicha, uchirish mahalliy vaqt bilan soat 23:44 da Gansu provinsiyasining shimoli-g‘arbida joylashgan “Szyutsyuan” kosmodromidan reja asosida amalga oshirilgan.
Asosiy ekipaj tarkibiga 2022 yilda “Shenchjou-15” missiyasi doirasida “Tyangun” stansiyasida olti oy faoliyat olib borgan komandir Chjan Lu, shuningdek, ilk bor kosmosga uchayotgan bort muhandisi U Fey va foydali yuklar bo‘yicha mutaxassis Chjan Xunchjan kiritilgan. Ular orbitada olti oy qolib, jami 27 ta yangi ilmiy va amaliy tadqiqotlar o‘tkazadi.
“Shenchjou-21” kemasi bilan stansiyaga to‘rtta – ikkita urg‘ochi va ikkita erkak sichqon yetkaziladi. Xitoy boshqariladigan parvozlar dasturi rasmiy vakili Chjan Szinboning ma’lum qilishicha, bu Xitoyning kosmosda kemiruvchilar ustida olib boradigan ilk tajribasi bo‘ladi. Unga ko‘ra, tajriba mikrogravitatsiya va yopiq fazo kabi kosmik sharoitlarning hayvonlar xatti-harakatlariga ta’sirini o‘rganishga qaratilgan.
Keyinchalik sichqonlar Yerga qaytarilib, kosmik muhitda yuzaga kelgan stressga javob reaksiyalari hamda ularning to‘qima va organlaridagi moslashuv o‘zgarishlari bo‘yicha qo‘shimcha tadqiqotlar o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amerikaning SpaceX kompaniyasi Hind okeaniga qo‘ngan tarixdagi eng katta Starship kosmik kemasi prototipi bo‘lgan raketa tashuvchining 11-sinovini muvaffaqiyatli yakunlagandi.
Live
Barchasi