Xitoy mashinalarini O‘zbekistonga sotishda nayrang ishlatmoqda – OAV
Olam
−
25 iyun 39901 3 daqiqa
Xitoy avtosanoati yillar davomida hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan “kulrang bozor” orqali avtomobil savdosini sun’iy ravishda oshirib kelmoqda. Bu tizimda avtomobillar zavoddan chiqqanidanoq “yangi” holatda ro‘yxatdan o‘tkaziladi va keyin xorijiy davlatlarga “ishlatilgan” sifatida eksport qilinadi. Ular orasida esa O‘zbekiston ham bor. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Bu “nol kilometrli” deb ataluvchi mashinalar hech qachon haydalmagan bo‘lsa-da, Markaziy Osiyo (shuningdek, O‘zbekiston), Rossiya va Yaqin Sharq kabi bozorlarga ishlatilgan avtomobillar sifatida eksport qilinmoqda. “Reuters” nashrining hukumat hujjatlari hamda besh nafar avtomobil sotuvchisi va vositachisi bilan o‘tkazgan suhbatlariga ko‘ra, bu amaliyot Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchilari uchun sun’iy o‘sishni ko‘rsatish va ichki bozorda sotilishi qiyin bo‘lgan mashinalardan qutulish imkonini bermoqda.
“Bu deyarli to‘rt yildan beri davom etayotgan narxlar urushining oqibati. Bu kompaniyalarni har qanday yo‘l bilan sotuv qayd etishga majbur qilmoqda”, deydi AQSHning Michigan shtatidagi Sino Auto Insights konsalting kompaniyasi asoschisi Tu Le.
Ushbu amaliyot, ayniqsa, joriy yil may oyida Great Wall Motor kompaniyasi rahbari mamlakat ichkarisidagi “nol kilometrli” ishlatilgan mashinalar savdosini tanqid qilganidan so‘ng keng e’tiborga tushgan.
Joriy yilning 10 iyun kuni “People’s Daily” gazetasi ham bu amaliyotni qoralagan. Xitoy Kommunistik partiyasi qarashlarini ifodalaydigan ushbu nashr “soxta ishlatilgan mashinalar” narxlarni tushirib yuborayotgani va ichki bozordagi narx urushini kuchaytirayotganini aytib, “qat’iy tartibga solish choralarini” ko‘rishga chaqirgan.
Shunga qaramay, “Reuters” tomonidan tahlil qilingan davlat OAVlari va hukumat hujjatlariga ko‘ra, Xitoydagi mintaqaviy hukumatlar bunday “soxta ishlatilgan” mashinalarni eksport qilishni faol ravishda rag‘batlantirmoqda. Mahalliy hukumatlar Pekin tomonidan belgilangan iqtisodiy o‘sish maqsadlariga erishish uchun bu amaliyotni muhim vosita sifatida qabul qilgan.
Kamida 20 ta shunday mintaqaviy hukumat aniqlangan va ularga Guandun va Sichuan kabi yirik eksport markazlari ham kiradi. Ular rasmiy hujjatlarda nol kilometrli ishlatilgan mashinalar eksportini qo‘llab-quvvatlashini ochiq bildirgan.
Ushbu qo‘llab-quvvatlash shakllari maxsus eksport litsenziyalarini berish, soliq imtiyozlarini tezlashtirish, eksport infratuzilmasiga investitsiya kiritish hamda nol kilometrli ishlatilgan mashinalar eksportini targ‘ib qiluvchi tarmoq tadbirlarini moliyalashtirish o‘z ichiga oladi.
Bu bozor qanday ishlaydi: yangi avtomobil ishlab chiqarish liniyasidan chiqqach, eksportchi uni ishlab chiqaruvchidan yoki dilerdan sotib oladi, Xitoy davlat raqami bilan ro‘yxatdan o‘tkazadi va darhol ishlatilgan avtomobil sifatida xorijga yuboradi. Bu jarayonda ishlab chiqaruvchi avtomobilni “sotilgan” deb qayd etadi va daromadni hisobga oladi.
“Markazlashgan Xitoy iqtisodiy tizimidan tashqarida bu kabi amaliyotlar mantiqsiz ko‘rinishi mumkin, ammo bu yerda savdo va bandlik ko‘rsatkichlaridagi tez o‘sish mahalliy rahbarlar uchun martaba ko‘tarilishiga olib kelishi, maqsadlarga erishilmasa esa lavozimdan tushishga sabab bo‘lishi mumkin”, deyiladi xabarda.
Xitoy avtosanoatidagi ikki nafar rahbariga ko‘ra, mahalliy hukumatlar bu firmalarni o‘z hududlariga jalb qilishga intiladi, chunki bunday firmalar har bir mashinani ikki marta – sotib olish va sotishda hujjatlashtiradi, bu esa yalpi ichki mahsulot (YAIM) statistikasini sun’iy ravishda tez o‘sishini ta’minlaydi.
Live
Barchasi