Xitoy tug‘ilishni ko‘paytirish uchun yangi dasturni ishga tushirmoqda
Olam
−
15 dekabr 8999 2 daqiqa
Xitoy 2026 yildan boshlab tug‘ruq bilan bog‘liq barcha tibbiy xarajatlarni davlat byudjeti hisobidan qoplashni rejalashtirmoqda. Bu orqali davlat yosh juftliklarni farzand ko‘rishga rag‘batlantirishni maqsad qilgan. Bu haqda Milliy sog‘liqni saqlash xavfsizligi boshqarmasi ma’lum qildi.
2026 yilga kelib, mamlakat bo‘ylab tug‘ruq jarayoni bilan bog‘liq barcha tibbiy xizmatlar, jumladan, tug‘ruqdan oldingi tekshiruvlar uchun xarajatlar to‘liq qoplanadi. Bu chora-tadbirlar tug‘ruq uchun “cho‘ntakdan xarajatsiz” tizimni shakllantirishga qaratilgan. Ushbu qaror Pekinning aholi soni kamayishini to‘xtatish va demografik o‘sishni rag‘batlantirish siyosati doirasida qabul qilinmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy aholisi 2022 yilda so‘nggi o‘n yilliklarda ilk bor kamaygan va 2024 yilga qadar bu tendensiya davom etgan. Mutaxassislar tug‘ilish darajasining pasayishi sababli aholi qisqarishi yaqin yillarda ham saqlanib qolishini taxmin qilmoqda. Bu esa ishchi kuchining kamayishi va keksa aholining ko‘payishi orqali mahalliy hukumatlar uchun qo‘shimcha bosim yaratishi mumkin.
Xitoyda tug‘ilish darajasi 1980–2015 yillarda amalda bo‘lgan “bir bola” siyosati, shuningdek, jadal urbanizatsiya ta’sirida uzoq yillar davomida pasayib kelmoqda. Bolalarni parvarish qilish va ta’lim xarajatlarining yuqoriligi, ishsizlik muammolari hamda iqtisodiyot sur’atlarining sekinlashishi ko‘plab yoshlarni oila qurishdan tiyib kelmoqda.
Ayrim hududlar, jumladan, Szilin, Szyansu va Shandun provinsiyalari allaqachon tug‘ruqni deyarli bepul qilish bo‘yicha siyosatni joriy etgan. Shuningdek, Xitoy hukumati bolalar parvarishi uchun subsidiyalar berish va maktabgacha ta’limni bepul qilish kabi choralarni ham kengaytirishini ma’lum qilgan.
Shuningdek, rasmiylar tug‘ruq ta’tili muddatini uzaytirish, moliyaviy va soliq imtiyozlari hamda uy-joy subsidiyalari orqali juftliklarni farzandli bo‘lishga undashga uringan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myon tug‘ilishni oshirish uchun ish vaqtini qisqartirish va 4 kunlik ish haftasiga o‘tish orqali tug‘ilishni ko‘paytirishni taklif qilgandi.
Live
Barchasi