Xitoyda bezgak tarqaldi. Bu O‘zbekiston uchun xavflimi?
Jamiyat
−
06 avgust 4555 2 daqiqa
So‘nggi bir hafta ichida Xitoyning Guandun provinsiyasida deyarli 4 mingta yangi chikungunya bezgagi holati qayd etildi. Mamlakat hukumati og‘ir holatlar yoki o‘lim holatlari hozircha qayd etilmaganini ma’lum qildi. O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi ham mazkur holat bo‘yicha ma’lumot berdi.
Bildirilishicha, Xitoyda tarqalgan chikungunya bezgagi O‘zbekistonga xavf solmaydi. Ushbu kasallikni tarqatuvchi Aedes aegypti yoki Aedes albopictus chivinlari O‘zbekiston tabiatida uchramaydi.
“Sanepidqo‘mita tomonidan mamlakatda epidemiologik barqarorlikni ta’minlash borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, chikungunya – bu chikungunya virusi sababli kelib chiqadigan kasallik bo‘lib, u odamga chivin chaqishi orqali yuqadi. Virus yuqqanidan keyin 3-7 kun o‘tib alomatlar paydo bo‘ladi. Eng keng tarqalgan belgilari – isitma va bo‘g‘imlardagi og‘riqlar, shuningdek, bosh og‘rig‘i, mushak og‘rig‘i, bo‘g‘imlarning shishishi yoki toshmalar ham kuzatilishi mumkin.
Kasallikning og‘irroq rivojlanishi xavfi yuqori bo‘lgan shaxslar – bu yangi tug‘ilgan chaqaloqlar (tug‘ilish vaqtida virus yuqqan), 65 yoshdan oshganlar va yurak, qon bosimi yoki diabet kabi xastaliklari bor odamlar.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rasmiy saytida qayd etilishicha, chikungunya virusi Afrikada, Osiyoda va Amerika mamlakatlarida chivinlar orqali odamga yuqadi. Ayrim boshqa hududlarda ham sporadik (vaqti-vaqti bilan) epidemiyalar qayd etilgan. Chikungunyaga qarshi tasdiqlangan vaksina yoki maxsus davolash usuli hozircha mavjud emas.
Yuqumli kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha xitoylik mutaxassislar kasallik tarqalishining sabablaridan biri sifatida yomg‘ir mavsumini ko‘rsatishmoqda. Bu davrda kasallik tashuvchi chivinlar soni ko‘payadi. Epidemiyaning keng miqyosda tarqalishining oldi olingan bo‘lsa-da, shifokorlar profilaktika choralari zarurligini ta’kidlamoqda. Bunga ko‘lmak suvlarni tozalash, chivinlarni yo‘q qilish va ularning chaqishidan saqlanish kiradi.
Shu bilan birga, Xitoy nashrlarining yozishicha, mamlakat olimlari chikungunya tashuvchi chivinlarni yeb qo‘yadigan yirik turdagi chivin lichinkalarini tarqatishni boshlagan.
Live
Barchasi“Samarqand darvoza”da Tahoe yonib ketdi
19 dekabr