Xitoygacha yetib boradi: Yaponiya uzoq masofali raketalar joylashtirdi
Olam
−
12 mart 7255 2 daqiqa
Yaponiya Xitoy Xalq Respublikasi hududigacha yetib borish imkoniyatiga ega bo‘lgan uzoq masofali raketalarining birinchi partiyasi joylashtirilganini e’lon qildi. Bu haqda “Kyodo” xabar berdi.
“Mitsubishi Heavy Industries” mudofaa giganti tomonidan ishlab chiqilgan va modernizatsiya qilingan Type-12 “yer-kema” sinfidagi kompleksining masofasi dastlabki 200 kilometrdan 1 ming kilometrgacha oshirilgan. Bu Yaponiya zarba berish vositalarini prinsipial jihatdan yangi operativ darajaga olib chiqadi. Mart oyi oxiriga qadar raketa batareyalari janubi-g‘arbdagi Kumamoto prefekturasida joylashtiriladi. Kelasi yili esa raketalar Tokiodan g‘arbdagi Sidzuokada paydo bo‘ladi.
Rasman Yaponiya o‘z mudofaa qobiliyatini mustahkamlash dasturini amalga oshirmoqda, biroq Pekinda bu harakatlar boshqacha baholanmoqda. Xitoy Mudofaa vazirligi rasmiy vakili Szyan Bin ogohlantirish bilan chiqdi: agar Yaponiya Xitoy suvereniteti va xavfsizligiga tajovuz qilishga jur’at etsa, u muqarrar ravishda keskin zarbaga duch keladi va qaqshatqich mag‘lubiyatga uchraydi.
“Ritorikaning keskinlashuvi mintaqada o‘sib borayotgan taranglikni aks ettiradi, bu yerda qurollanishni oshirish bo‘yicha har bir qadam qarama-qarshi tomon tomonidan mojaroga tayyorgarlik sifatida qabul qilinmoqda”, deb qayd etadi harbiy tahlilchilar.
Type-12 raketasining ming kilometrlik masofasi – bu Yaponiya an’anaviy mudofaa doktrinasi doirasidan chiqayogani va Pekin “zarba beruvchi” deb hisoblaydigan vositalarga ega bo‘layotgani haqidagi signaldir.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In qizi Kim Jchu E bilan birga strategik qanotli raketa sinovini kuzatgandi. Sinov vaqtida ketma-ket bir nechta kruiz raketalari uchirilib, ular oldindan belgilangan trayektoriya bo‘ylab taxminan 2 soat 48 daqiqa parvoz qilib, belgilangan nishonlarga aniq zarba bergan.