IIB xodimi mast holda odam urib, qochib ketdi. Jabrlanuvchi vafot etdi
3-sahifa
−
27 fevral 10752 2 daqiqa
Xorazm viloyatida mast holda odam yuborib, uning o‘limiga sababchi bo‘lgan Ichki ishlar boshqarmasi inspektori 3 yil-u 1 oyga ozodlikdan mahrum etildi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi
Hujjatda keltirilishicha, 2025 yilning 27 sentyabr kuni 22:14 larda sudlanuvchi A.U. Tracker rusumli mashinasida mast holda Shovot tumanidan Urganch shahriga ketayotganida 1996 yilda tug‘ilgan ayolni urib yuborgan. U ayolga birinchi yordam ko‘rsatmay, voqea joyidan qochib ketgan. Jabrlanuvchi boshqa transport vositasida shifoxonaga olib borilgan, biroq ko‘rsatilgan muolajalarga qaramay vafot etgan.
Joriy yilning 23 fevral kuni Jinoyat ishlar bo‘yicha Shovot tumani sudida mazkur ish ko‘rib chiqilgan. Sudda A.U. aybiga qisman iqror bo‘lib, ko‘rsatma bergan. Unga ko‘ra, 2025 yil 27 sentyabr kuni kechki soat 22:00 larda “Shovot-Urganch” yo‘nalishi bo‘yicha eski yo‘ldan Urganch shaxriga qarab harakatlanib borayotganida yo‘lni yoritish chiroqlari tugagan joyda avtomashinani o‘ng yon tomonidan qarsillagan tovush chiqqan, shu sababli u yo‘l chetiga o‘tib to‘xtagan. Keyin bilsa, u odam urib yuborgan. Shuningdek, sudlanuvchining aytishicha, yo‘l bo‘ylab ortidan kelayotgan Gentra avtomashinasidagi yigitlar uning odam urib yuborganini bilib, yugurib kelgan. Ular bilan o‘zi urib yuborgan odam yoniga borgan va ayol ariq ichida yotganini ko‘rgan.
A.U. o‘sha paytda ayolning ustida turmush o‘rtog‘i turganini ko‘rgan va shundan keyin jabrlanuvchi ariq ichidan olib chiqilgan, bunda A.U. ning o‘zi ham yordam bergan. Sudlanuvchiga ko‘ra, o‘sha kuni u kursdoshi bilan birga choyxonada spirtli ichimlik iste’mol qilgan. Shuningdek, u sudda hodisa paytida mazasi bo‘lmaganini, spirtli ichimlik ichgan bulsada, “xushyor” holatda bo‘lganini aytgan. Bundan tashqari, u hodisa joyidan qochmaganini, Gentra haydovchisiga ayolni shifoxonaga olib borishini aytib, o‘zi uni qutqarish uchun Urganch shahridagi uyiga pul olish uchun ketganini, shifokorlarga pul bermasa yaxshi qaramasligini bildirgan.
U Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi va 117-moddasi (Xavf ostida qoldirish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Sudlanuvchi 3 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinib, jinoyatlar majmui bo‘yicha uzil-kesil 3 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Jazoni manzil-koloniyalarda o‘tashi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sirdaryo viloyatida 38 yoshli ayol yo‘l-patrul xizmati xodimi mashinada urib yuborishi oqibatida vafot etgan edi.
Live
Barchasi