XVJ O‘zbekistonni iqtisodiyotning ortiqcha “qizib ketishi”dan ogohlantirdi
Jamiyat
−
28 noyabr 9948 3 daqiqa
O‘zbekistonda rejadan tashqari daromadlar, asosan oltin savdosidan tushadigan qo‘shimcha tushumlar hisobiga xarajatlar hamda imtiyozli kreditlash dasturlarining kengayishi iqtisodiyotning ortiqcha “qizib ketishi”ga sabab bo‘lishi mumkin. Bu haqda Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) missiyasining joriy yilning 17-25 noyabr kunlari O‘zbekistonga bo‘lgan tashrifi yakunlari bo‘yicha hisobotda so‘z boradi.
Tashrif davomida Yosir Abdih boshchiligidagi jamoa davlat organlari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, mamlakatning joriy iqtisodiy holati, rivojlanish istiqbollari va iqtisodiy siyosatning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilgan.
Yakuniy bayonotda O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror o‘sishni davom ettirayotganini qayd etilgan. 2025 yilning dastlabki uch choragi davomida real YAIM o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,6 foizga oshgan, bu esa yuqori darajadagi investitsiyalar va uy xo‘jaliklari iste’moli bilan izohlanmoqda. Shu bilan birga, inflyatsiya pasaygan: oktyabr oxiriga kelib umumiy inflyatsiya 7,8 foizni, bazaviy inflyatsiya 6,6 foizni tashkil etgan.
“Chakana kreditlash o‘sishi yuqori sur’atlarda davom etmoqda – sentyabr holatiga ko‘ra yillik o‘sish 23 foizga yetdi, korporativ sektor esa yanada mo‘’tadil ko‘rsatkichlarni namoyish qilmoqda”, deyiladi XVJ hisobotida.
Joriy operatsiyalar hisobi defitsiti oltin bo‘yicha yuqori talab, eksportning faol dinamikasi va xorijdan yuborilgan katta pul o‘tkazmalari tufayli qisqargan. Xalqaro zaxiralar esa barqaror darajada – potensial importning 12 oylik hajmiga teng.
Missiya prognozi ijobiyligicha qolmoqda: 2025 yilda real YAIM o‘sishi 7 foizdan yuqori bo‘lishi, 2026 yilda esa iste’mol va investitsiyalarning barqaror o‘sishi hisobiga qariyb 6 foizni tashkil etishi kutilmoqda. XVJ prognoziga ko‘ra, inflyatsiya asta-sekin pasayib, 2027 yil oxiriga borib O‘zbekiston Markaziy bankining 5 foizlik maqsadli darajasiga yetadi.
XVJ bir qator xatarlarni ham qayd etgan. Xususan, potensial xavflar qatorida iqtisodiyotning ortiqcha “qizib ketish” ehtimoli bor. Bunda rejadagidan tashqari daromadlar (asosan, oltin savdosidan tushadigan qo‘shimcha tushumlar) hisobiga xarajatlar hamda imtiyozli kreditlash dasturlarining kengayishi qayd etiladi. Shu sababli ekspertlar kelgusida rejalashtirilmagan qo‘shimcha daromadlar hisobidan xarajatlarni ko‘paytirish tashabbuslarini cheklashni tavsiya qilyapti.
“Davlat byudjetida rejalashtirilganidan yuqori bo‘lgan daromadlar kutilganidan tezroq iqtisodiy faollik hamda yuqori oltin narxlari hisobiga shakllangan bo‘lsa, ularga javoban davlat xarajatlarini oshirishga qaratilgan harakatlarni imkon qadar kamaytirish nihoyatda muhimdir”, deyiladi hisobotda.
Tashqi xavflar esa geosiyosiy noaniqlik va xomashyo narxlarining o‘zgaruvchanligi bilan bog‘liq. Shu bilan birga, tarkibiy islohotlarning tezlashishi va kapital oqimining ko‘payishi iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yanada yaxshilashi mumkin.
Missiya 2025 va 2026 yillarda konsolidatsiyalangan davlat byudjeti defitsitini 3 foizlik maqsad darajasida saqlash, qo‘shimcha daromadlardan foydalanishni cheklash, soliq bazasini kengaytirish va soliq ma’murchiligini yaxshilashni tavsiya qilmoqda.
Pul-kredit siyosatiga alohida e’tibor qaratilgan: O‘zbekiston Markaziy banki 2025 yil martidan beri asosiy stavkani 14 foiz darajasida saqlab kelmoqda. Missiya almashuv kursining yanada moslashuvchanligini ta’minlash bo‘yicha choralarni olqishlagan va inflyatsiya barqaror pasaymaguncha qat’iy siyosatni davom ettirishni tavsiya etgan.
Shuningdek, moliyaviy sektorni isloh qilishni tezlashtirish, yirik davlat korxonalarini restrukturizatsiya qilish, xususiy sektorni rivojlantirish, korporativ boshqaruvni yaxshilash va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha islohotlarni ilgari surish muhimligi qayd etilgan.
“Tezkor iqtisodiy o‘sish va oltin narxining yuqori bo‘lishi makromoliyaviy barqarorlikni mustahkamlash, iqtisodiyotning chidamliligini oshirish va tarkibiy islohotlarni amalga oshirish uchun qulay sharoit yaratmoqda”, deyiladi xulosada.
Live
Barchasi