Kichik Tramp otasining o‘rnini egallash uchun kurashishi mumkin
Olam
−
26 may 4908 2 daqiqa
Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning o‘g‘li kichik Donald Tramp 2028 yilgi AQSH prezidentligi saylovlarida Respublikachilar partiyasi nomzodi bo‘lishi mumkin. Bu haqda “The Hill” xabar berdi.
Nashrda aytilishicha, Trampning katta o‘g‘li o‘tgan hafta otasi Oq uydan ketgandan keyin saylovlarda ishtirok etish imkoniyatini inkor etmagan.
Shu bilan birga, vitse-prezidenti Jeyms Devid Vens ham yaxshi imkoniyatga ega. Avvalroq, bir intervyusida Tramp Vens 2028 yilda uning vorisi bo‘lishi mumkinligiga ishora qilgan edi.
Shuningdek, nomzodlar orasida Davlat kotibi Marko Rubio, Ichki xavfsizlik kotibi Kristi Noem va uchta gubernator ham bor. Nashrning ta’kidlashicha, nomzodlarning hech biri qora tanli emas.
Ma’lumot uchun, Respublikachilar partiyasi vakili bo‘lgan AQSHning amaldagi Prezidenti 2024 yilgi saylovda g‘alaba qozonib, 47-davlat rahbari bo‘ldi. U ilgari 2017-2021 yillarda ham prezidentlik lavozimini egallagan. AQSH konstitutsiyasiga ko‘ra, Oq uyda ikkinchi prezidentlik muddatini o‘tayotgan Tramp uchinchi muddatga saylanish huquqiga ega emas. Shuningdek, konstitutsiyaga kiritilgan tegishli tuzatishga ko‘ra, ikki yildan ortiq davom etgan va mandati tugamagan prezidentlik muddatini to‘ldirgan kishiga ham ikki martadan ortiq prezident etib saylanish taqiqlanadi. Konstitutsiyani o‘zgartirish uchun Senat va Vakillar palatasining uchdan ikki qismi, shuningdek, mamlakat shtatlari hukumatlarining to‘rtdan uch qismi ma’qullashi kerak.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp uchinchi prezidentlik muddatiga nomzodini qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqidagi ma’lumotni rad etgandi.