Kim Chen In Rossiyaga 15 ming migrantni “sovg‘a qildi” – WSJ

Olam

image

Shimoliy Koreya Rossiyaga 15 mingga yaqin mehnat muhojirlarini jo‘natdi. Bu haqda Janubiy Koreya razvedkasiga tayanib, “The Wall Street Journal” xabar berdi.

Bildirilishicha, KXDR fuqarolarining aksariyati hozir Uzoq Sharqda ishlamoqda. Ammo Shimoliy Koreya ishchilari tez orada Rossiyaning yirik shaharlarda ham paydo bo‘lishi kutilmoqda. Qayd etilishicha, mahalliy ish beruvchilar KXDRdan kelgan ishchilarni past maoshga rozi bo‘lgani, 12 soat ishlashga tayyorligi va ish sharoitlaridan shikoyat qilmagani uchun yollashga qaror qilgan.

Qolaversa, “Yonhap” agentligi ham razvedkaga tayanib, Pxenyan ishchi kuchi yetishmasligi tufayli Rossiyaga minglab ishchilarni yuborgani haqida yozgan. Rossiya Mehnat vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2030 yilga borib mamlakatda ishchi kuchi tanqisligi hozirgi 1,5 million kishiga nisbatan 2,4 millionga yetishi mumkin.

Rossiyaning statistik ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda Rossiyaga kirib kelgan shimoliy koreyaliklar soni o‘tgan yilga qaraganda 12 baravarga oshgan.

Ma’lumot o‘rnida, Shimoliy Koreya Rossiyaga ishchilardan tashqari o‘z harbiylari va qurol-yarog‘larini ham yuboradi. Janubiy Koreya razvedkasi xabar berishicha, 2024 yilda Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etish uchun Rossiya Federatsiyasiga 12 ming, 2025 yilda yana 3 ming Shimoliy Koreyadan harbiylar yetib kelgan. KXDRning 4700 ga yaqin askarlari jarohatlangan, shu jumladan 600 kishi halok bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreya Rossiyaning Kursk yaqinida o‘tgan harbiy operatsiyada o‘z harbiylarining ishtirokini rasman tan olgan edi. KXDR yetakchisi Kim Chen In Shimoliy Koreya Qurolli kuchlarining bu operatsiyadagi ishtirokini “KXDR va Rossiya o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik va birdamlikni monolit tarzda mustahkamlash uchun muqaddas missiya” deb atagan. KXDR bayonotiga ko‘ra, ushbu harakatlar KXDR va Rossiya o‘rtasidagi “Har tomonlama strategik sheriklik to‘g‘risida”gi shartnomaning 4-moddasini amalda qo‘llashga mos keladi. https://qalampir.uz/news/kim-nihoyat-askarlarini-kurskka-yuborganini-tan-oldi-118104 Shundan so‘ng, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inga va Shimoliy Koreyaning barcha rahbariyatiga Kursk viloyatidagi janglarda koreyalik jangchilar ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorlik bildirgandi.

Marjona Murodova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Rossiya migrant Kim Chen In Shimoliy Koreya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing