Kim Chen In Shimoliy Koreya Prezidenti etib qayta saylandi

Olam

image

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In yana Prezident etib qayta saylandi. Bu haqda KCNA axborot agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu qaror mamlakat Oliy xalq majlisining bir kun avval bo‘lib o‘tgan birinchi sessiyasidan so‘ng qabul qilingan. U 99,93 foiz ovozi bilan tasdiqlangan, saylovda ishtirok etish darajasi esa 99,99 foiz bo‘lgan.

Poytaxt Pxenyanda o‘tkazilayotgan yig‘ilishda sotsialistik konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, Davlat ishlari komissiyasi raisi va boshqa davlat rahbarlik organlarini saylash masalalari ko‘rib chiqiladi.

Oliy xalq majlisi Shimoliy Koreyada davlat siyosatini rasman tasdiqlovchi organ hisoblanib, odatda hukmron Mehnat partiyasi qurultoyidan keyin yig‘iladi va partiya qarorlarini qonun darajasiga olib chiqadi. Yig‘ilishda, qolaversa, fevral oyida bo‘lib o‘tgan to‘qqizinchi partiya qurultoyida e’lon qilingan mamlakatning besh yillik iqtisodiy rejasi ham ko‘rib chiqiladi.

Kim Chen Inning Janubiy Koreyaga nisbatan “ikki dushman davlat” siyosatini rasmiylashtirish uchun konstitutsiyasini qayta ko‘rib chiqadimi yoki yo‘qmi mavzusi diqqat markazida bo‘lmoqda. U so‘nggi yillarda Koreya yarimorolini tinch yo‘l bilan birlashtirish g‘oyasidan voz kechib, Janubni dushman davlat sifatida qayta e’lon qilgan.

Kim Chen Inning singlisi Kim Yo Jong esa Davlat ishlari komissiyasi a’zolari ro‘yxatida ko‘rinmagan. U 2021 yildan buyon ushbu tarkibda faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Janubiy Koreyaning Birlashuv vazirligi uning ro‘yxatda yo‘qligi sabablarini o‘rganayotganini ma’lum qilgan. Tahlilchilarga ko‘ra, bu holat uning ta’siri kamayganini anglatmaydi. Aksincha, bu strategik vazifalar taqsimoti bo‘lishi mumkin. Sababi u hukmron partiyada yuqori lavozimda ishlashda davom etib, siyosatni muvofiqlashtirishda muhim rol o‘ynashi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Mehnat partiyasi bosh kotibi lavozimiga qayta saylangandi.  


Maqola muallifi

Teglar

Prezident Kim Chen In Shimoliy Koreya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing