KXDR o‘zining ilk atom suvosti kemasini namoyish qildi
Olam
−
25 dekabr 3836 2 daqiqa
Bugun, 25 dekabr kuni KXDR yetakchisi Kim Chen In atom energetik qurilmasiga ega bo‘lgan ilk suvosti kemasini shaxsan ko‘zdan kechirdi. Bu haqda Koreya markaziy telegraf agentligi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu kema o‘lcham jihatidan AQSH Harbiy-dengiz kuchlarining ayrim zarba beruvchi suvosti kemalariga teng keladi. Davlat OAVlari tarqatgan suratlarda Kim Chen In yopiq qurilish ob’ektida boshqariladigan raketalar bilan jihozlangan suvosti kemasini ko‘zdan kechirayotgani aks etgan. Bu holat kema hali suvga tushirilmaganini ko‘rsatadi.

Qayd etish joiz, atom suvosti kemasi qurilishi Kim Chen Inning uzoq yillik maqsadi hisoblanadi. U bu masalani ilk bor 2021 yilda hukmron partiya s’ezdida tilga olgan. Shu bilan birga, Janubiy Koreyaning yaqinda AQSH Prezidenti Doanld Tramp ma’muriyatidan o‘z atom suvosti kemalarini ishlab chiqish uchun ruxsat olgani Kim Chen In rejalariga qo‘shimcha turtki bergan bo‘lishi mumkin.
CNN suvosti kemasining afzalliklariga to‘xtalgan. Unga ko‘ra, atom dvigateliga ega suvosti kemasi uzoq vaqt – agar ekipaj uchun yetarli zaxira bo‘lsa, deyarli yillar davomida suv ostida qolishi mumkin. An’anaviy dvigatelli suvosti kemalar esa dizel dvigatellarini ishlatish va batareyalarni zaryadlash uchun vaqti-vaqti bilan suv yuzasiga chiqishga majbur bo‘ladi.

Bundan tashqari, odatda atom suvosti kemalari an’anaviy dvigatelli kemalarga qaraganda tezroq va ko‘plab holatlarda shovqinsizroq bo‘ladi. Hozirda bu texnologiyaga faqat AQSH, Rossiya, Xitoy, Fransiya, Buyuk Britaniya va Hindiston ega.
Qayd etilishicha, KXDR e’lon qilgan suratlar mart oyida mavjudligi ilk bor ma’lum qilingan suvosti kemasi qurilishida sezilarli yutuqlarga erishilganini ko‘rsatadi. Kim Chen In Pxenyan mudofaa siyosatida suvosti kemalarining ahamiyatini alohida ta’kidlab, bu siyosat, uning so‘zlariga ko‘ra, “eng kuchli hujumkor qudratga asoslangan”.
“Biz o‘ta kuchli hujum salohiyatini qurolli kuchlarni rivojlantirishda milliy xavfsizlik uchun eng yaxshi qalqon deb bilamiz”, deydi Kim Chen In.
Shuningdek, u Janubiy Koreyaning AQSH ko‘magida atom suvosti kemasi qurishini Shimoliy Koreya xavfsizligiga tahdid deb atab, bunga qarshi turish zarurligini qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreya Raketa qurilishi bosh boshqarmasi katta balandlik va uzoq masofaga mo‘ljallangan yangi zenit raketalarining sinov uchirishini amalga oshirgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi