Koreyada o‘lgan “Nozima uchun adolat” bormi?

Tahlil

Turkiyada vahshiylarcha o‘ldirilgan Durdona Hakimova, Sayyora Ergashaliyeva, Dilafruz Cho‘liyeva… Bu qatorni yana qancha davom ettirish mumkin?

So‘nggi paytlarda tez-tez uchrayotgan o‘zbekistonlik migrant ayollarning xorijda tazyiq va zo‘ravonlik qurboni bo‘layotgani haqidagi xabarlar ko‘paymoqda. Bular orasiga Janubiy Koreyaga ishlash maqsadida ketgan O‘zbekistonlik 26 yoshli Nozima Kim ham qo‘shildi.  2026 yil 4 mart kuni ayol Janubiy Koreyaning Pxyontxek shahrida joylashgan o‘z uyida o‘lik holda topilgani aytilmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ya’ni Tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, ayolning o‘z joniga qasd qilgani tasdiqlanmoqda. Biroq ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, uning tanasidagi ko‘karishlar va bo‘ynidagi chandiqlar aks etgan suratlar bu xulosaga nisbatan shubha uyg‘otmoqda. Marhumaning onasi ham qizining o‘z joniga qasd qilganiga ishonmayotganini va bolasi bilan doimiy aloqada bo‘lganini bildirgan. Ijtimoiy tarmoqlarda bu voqeaga aloqador turli xil asosli va asossiz xabarlar ko‘paygandan ko‘paygan. Har kim o‘z shubha gumonlari orqali voqeani izohlashga urinadi. Biroq Nozima kim o‘z joniga qasd qilganmi yoki zo‘ravonlik qurboni bo‘lganmi? degan savol hali ham ochiq. Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, 14 aprel kuni marhumaning onasi va uning advokati elchixona xodimlari bilan birgalikda hodisa yuzasidan tergov harakatlari olib borayotgan Koreyaning Pxyontxek shahriga borgan.  Holatga aniqlik kiritish maqsadida QALAMPIR.UZ hozirda Janubiy Koreyada bo‘lib turgan marhumaning onasi Feruza Alimbekova bilan bog‘landi.  

“O‘zi Nozima qizim yoshligidan “Koreya mening orzuim, Koreyaga boraman” deb aytib yurar edi. Toshkentda ikki yil koreys tilini o‘rgandi. Yozuv-chizuvlarni ikki yil o‘rganishga harakat qildi. Koreyaga viza olish qiyin bo‘lganligi sababli, turmush qurib ketdi. Qizim juda ham mehribon edi…” deb aytdi marhumaning onasi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Nozima Koreyadagi o‘zbekistonlik mehnat migranti — namanganlik 25 yoshli Sherzod Shamsiddinov bilan doimiy aloqada bo‘lib kelgan. Voqea sodir bo‘lishidan bir necha soat oldin ular o‘rtasida tortishuv yuzaga kelgan, shundan so‘ng ayol Sherzodni tashqariga kuzatib qo‘ygan. Shu kuni Nozima Sherzod Shamsiddinovning do‘sti Sirojiddinga qo‘ng‘iroq qilgan. Qo‘ng‘iroq vaqtida Sherzod ham uning yonida bo‘lgan. Qo‘ng‘iroqdan so‘ng Nozimaning uyiga borgan Sirojiddin uni osilgan holda topgan. Ta’kidlanishicha, voqea joyiga politsiya va tez yordam xodimlari yetib kelmasdan avval Avazbek ismli bloger holatni tasvirga olib, uni o‘z talqini asosida izohlab bergan.

Koreyadagi o‘zbeklar hayotini yoritib boradigan bloger Avazbek  “tergovchimi”?

Janubiy Koreyaga ishlash maqsadida borgan, keyinchalik blogerlik faoliyati bilan shug‘ullangan Avazbek ushbu voqeani birinchilardan bo‘lib yoritgan. U o‘zining tarmoqlardagi profili orqali Nozima Kimning o‘limi bilan bog‘liq seriyali videolar joylashtirgan. Biroq unga nisbatan ijtimoiy tarmoqlarda norozilik boshlangandan so‘ng, Nozima haqidagi barcha videolarni o‘chirib tashlagan. Marhumaning onasi Feruza Alimbekova ham farzandining o‘limi haqidagi xabarni birinchi bo‘lib undan eshitganini bildirgan. Onaning aytishicha, Avazbek unga “qizingiz o‘zini ro‘moliga osib qo‘ydi” deb aytgan.

 “2026 yil 4 mart kuni kechga yaqin Sherzodbekning Telegram raqamidan menga videoqo‘ng‘iroq bo‘ldi. Ko‘tarsam, men bilan Avazbek ismli bloger yigit gaplashib, qizingiz o‘zini osib qo‘ydi, deb xabar berdi. Men umuman ishonmadim. “Qizim unday qiz emas, bo‘lishi mumkin emas”, dedim. Sababi qizim Nozima juda xushchaqchaq, o‘zini yaxshi ko‘radigan, juda pozitiv qiz edi” deb aytdi marhumaning onasi.

Blogerning aytishicha, qizning bo‘lajak turmush o‘rtog‘i Sherzodbek ushbu hodisa haqida dastlab unga murojaat qilgan. Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: nega u voqea haqida avvalo politsiya yoki mas’ul xodimlarga emas, aynan blogerga xabar bergan? Shundan so‘ng, Avazbek ushbu mudhish voqea sodir joyga, ya’ni Nozimaning uyiga bemalol kirib, xotirjam bo‘lgan hodisani “tekshiruvchi” sifatida o‘rganishga harakat qiladi. Hatto u, bu uyga taklif qilgan Sherzodbek Shamsiddinovni ham so‘roq qilgan.

U olingan javoblarga tayanib, voqeani o‘z talqinida aytib bergan. Shu bilan birga, u Nozima Kim haqida haqoratli so‘zlar ishlatib, turli gumonlar asosida ayblovlar ham bildirgan. Avazbek tarmoq foydalanuvchilaridan bu videolarni ko‘proq tarqatib, ularni o‘zicha “ogohlikka” chaqirgan. Biroq blogerning o‘zbek migrant qizining o‘limini bunday haqoratli so‘zlar bilan talqin qilishi ijtimoiy tarmoqlarda keng noroziliklarga sabab bo‘lgan.  

Janubiy Koreyada yashab kelayotgan o‘zbeklarning aytishicha, Pxyontxek shahrida tez yordam tizimi juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Ta’kidlanishicha, tez yordamning o‘rtacha yetib kelish vaqti 5–10 daqiqani tashkil etadi. Shaharning markaziy va zich hududlarida bu ko‘rsatkich ko‘pincha 5–7 daqiqa atrofida bo‘ladi. Chekka yoki tirband hududlarda esa, 10–15 daqiqagacha cho‘zilishi mumkin. Biroq voqea sodir bo‘lgan joydagi kuzatuv kameralari yozuvlarida ko‘p qavatli uyning yo‘lagida Nozimaning jasadini Sherzod va uning do‘sti Sirojiddin olib chiqayotgani aks etgan. Bundan tashqari, Sherzodbekning kulumsiragan yuz ifodasi ham ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida shubha uyg‘otgan. Onaning aytishicha, agar tez yordamni chaqirish imkoni bo‘lgan bo‘lsa, nega qizini darhol shifokorlarga topshirmasdan, uni o‘z qo‘lida olib ketgan?

Nozima Kim o‘z joniga qasd qilganmi yoki o‘ldirilganmi?

Bu voqea ijtimoiy tarmoqlarda mart oyining boshida tarqalgan bo‘lsa, ko‘plab blogerlar holatni turlicha talqin qilgan. Hattoki tarmoqlarda “Nozimaga adolat” nomli chellenj ham boshlanib ketgan. Koreyada esa, o‘zbek ayollari Nozima Kim uchun namoyish o‘tkazdi. 26 aprel kuni Janubiy Koreyaning Pxyontxek shahridagi politsiya binosi qarshisida bo‘lib o‘tgan ushbu namoyishga Koreyadagi o‘zbekistonlik Anora ismli ayol boshchilik qilgan. Video tasvirlarda bir qancha koreyalik qizlar ham ishtirok etgani ko‘rinadi.

“Marhumaning nomiga aytilayotgan so‘zlar Koreya qonunchiligiga to‘g‘ri kelmaydi. Uning uyiga kirganlar marhumaning qonuniy turmush o‘rtog‘i emas. Marhumaning uyiga politsiya xodimlari, sud ekspertiza xodimlaridan boshqa hech kimga kirishga ruxsat berilmagan!” deydi namoyish vaqtida Anora. 

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Nozima Kimning o‘limi bilan bog‘liq holatga aniqlik kiritib, barcha savollarga javob berdi. Koreya huquq-tartibot organlarining ma’lum qilishicha, fuqaro Nozima Kimning o‘limi yuzasidan olib borilgan dastlabki tergov va ekspertiza natijalariga ko‘ra, marhumaning vafotida qotillik alomatlari aniqlanmagan.

Pxyontxek shahridagi Koreya Milliy sud-tibbiyot ekspertizasi tomonidan amalga oshirilgan chuqurlashtirilgan ekspertiza natijalariga ko‘ra, fuqaro Nozima Kimda o‘z joniga qasd qilish tashxisi asosida o‘lim holati qayd etilgan.

Shuningdek, DNK, qon, barmoq izi tahlil qilingani, uning tanasidan zaharli va dori moddalar yoki ichki hamda tashqi tana qismlarida qattiq zarba ta’sirida yuzaga kelgan ko‘karish holatlari aniqlanmagan. Biroq marhumaning onasi bunday sud-tibbiyot ekspertizasi xulosalari taqdim etilmaganini aytib, faqat oddiy tibbiy xulosa berilganini ta’kidlamoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu hujjatda Nozima Kimning o‘lim sababi aniq ko‘rsatilmagan.

“Bolamni jasadini Koreyadan olib kelishganda, menga tibbiyot ekspertiza xulosalarini berishdi. Hujjatda tashqi tomondan havo yetishmasligi ya’ni bo‘g‘ilish orqali o‘lim sababi keltirilgan. Biroq o‘z joniga joniga qasd qilgan deb aniq ko‘rsatilmagan” deb aytdi Feruza Alimbekova.

Koreya politsiyasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan, marhuma Nozima Kimga tegishli turli suratlar tergov jarayonida olinmaganini va ularni tarqatish Koreya qonunchiligiga ko‘ra, taqiqlanganini ma’lum qilgan.

Biroq marhumaning onasi Feruza Alimbekova ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, qizining tanasidagi ko‘karishlar hamda yuz qismidagi og‘ir jarohatlar aks etgan suratlarni marhumaning jasadi O‘zbekistonga olib kelingach, ya’ni ona farzandini ko‘rgandan so‘ng o‘zi olganini aytmoqda. U ushbu suratlar haqiqatga to‘g‘ri kelishini, unda hech qanday yolg‘on ma’lumot yo‘qligini ta’kidlamoqda.

“Men qizimning jasadini ko‘rganimda tamom bo‘ldim. Uning tanasiga juda qattiq jarohat olgani va bir qancha ko‘karishlar borligini ko‘rib yurak bag‘rim ado bo‘ldi. Men sizga taqdim qilgan suratlarni hech olmagan, o‘zim olganman. Bu suratlarda ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. Bolamga juda qattiq tazyiq o‘tkazishgan”, dedi marhumaning onasi.

Pxyontxek shahar politsiyasiga ko‘ra, hozirda tergov jarayoni davom etmoqda, natijasi bo‘yicha ma’lumot marhumaning yaqinlariga taqdim etiladi. Ayni paytda Koreyada bo‘lib turgan marhumaning onasi advokati orqali Koreya politsiyasidan voqea sodir bo‘lgan joy, ya’ni qizining uyi oldidagi kuzatuv kameralariga oid videoyozuvlarni taqdim etishni so‘ragan. Biroq politsiya ushbu tasvirlar o‘chib ketganini ma’lum qilib, ularni taqdim eta olmagan.

“Nozimaning uyini eshigining oldida kamera bor. Agar u tekshirilsa bu uyga kim kirib, kim chiqqani ma’lum bo‘ladi. Biroq Koreya politsiyasi uni menga bermadi, sababi 20 kundan so‘ng o‘chib ketar ekan”, deydi Feruza opa

Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi o‘zbek xotin-qizlarining huquqlarini himoya qilish jamiyati ushbu masaladagi bir qancha vaziyatlarga oydinlik kiritib, ma’lumot berdi.

Bildirilishicha, marhumaning jasadini O‘zbekistonga olib kelishda bloger Avazbek uning onasidan pul talab qilgan. Bundan tashqari, u ijtimoiy tarmoqlarda “ehson” qilish yo‘li orqali ushbu xarajatlar uchun pul yig‘ib berishi mumkinligini ham aytgan. Ammo ona bunga rozi bo‘lmagan. Shu vaziyatda ham Bloger onadan pul talab qilib, Koreya shifoxonasida marhumaning jasadi saqlangan har bir kun uchun ma’lum miqdorda pul talab qilgan. Bu faktlarni bloger o‘z videolarida ham tasdiqlagan.

Biroq migratsiya agentligi Nozima Kimning jasadi 10 kun muddatda Koreyada saqlanishi va uning O‘zbekistonga qaytarilishi bilan bog‘liq barcha xarajatlarini agentlik fondi tomonidan qoplanganini bildirdi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonlik har bir ayol va uning bolasi rasmiy migrant yoki nolegal bo‘lishidan qat’iy nazar, xorijda og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolsa, yoki vafot etsa, Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 4 apreldagi qaroriga asosan, Migratsiya agentligining fondidan ularga ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi hamda fors-mojar holatlarda vafot etsa, ularning jasadi saqlanishi va vatanga qaytarilish xarajatlari mutlaq bepul amalga oshiriladi.

Xulosa qilib aytganda, Koreyada yashagan o‘zbek migrant ayoli Nozima Kimning o‘limi haqida tasdiqlangan va tasdiqlanmagan ma’lumotlar juda ko‘p va chalkashliklar mavjud.  Aslida, bu mudhish voqea haqida dastlab xabar bergan o‘zbekistonlik bloger bo‘lgani, shuningdek, uning tomonidan Nozima haqida haqoratli gaplarning tarqalishi vaziyatni yanada chigallashtirgan. Ona tergov natijalari e’lon qilingunga qadar, Koreyada qolishini aytmoqda. QALAMPIR.UZ marhumaning onasi bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi. Ushbu masalaga oydinlik kiritilishi yoki tergov tafsilotlari ochiqlanishi bilan qo‘shimcha ma’lumotlar beriladi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya tazyiq Koreya zo'ravonlik adolat Durdona Hakimova Sayyora Ergashalieva Dilafruz Cho'lieva Nozima

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing