Kreativ industriyani shakllantirish real qo‘llab-quvvatlashni talab etadi – Saida Mirziyoyeva

Jamiyat

image

Bugun, 2 iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti “Madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ushbu farmon tarixiy ekanini aytib, kreativ industriyani shakllantirish real qo‘llab-quvvatlashni talab etishini qayd etdi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozdi.

“Madaniyat rivoji uchun nafaqat ilhom, balki ijodiy g‘oyalarni ro‘yobga chiqarish imkonini beruvchi shart-sharoitlar ham juda muhim. Kreativ industriyani shakllantirish esa real qo‘llab-quvvatlashni talab etadi. Bugun Prezidentimiz tomonidan ana shunday ko‘makni taqdim etuvchi tarixiy farmon imzolandi”, deydi Saida Mirziyoyeva.

Farmonga ko‘ra, “Ijodga investitsiya” davlat maqsadli jamg‘armasi ta’sis etilmoqda. Istiqbolli ijodiy loyihalarni moliyalashtirish uchun ushbu jamg‘armaga har yili 200 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

Shuningdek, endilikda konsert tashkilotchiligi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar, film va serial tasvirga oluvchi kinokompaniyalar, bolalar uchun kontent ishlab chiqaruvchilar, xususiy teatr va studiyalar, madaniyat sohasidagi xususiy ta’lim muassasalari qo‘shilgan qiymat, foyda, aylanma, yer, mulk soliqlari hamda xodimlarning ish haqidan olinadigan jismoniy shaxslarning daromad solig‘idan ozod etiladi.

Xorijiy kino kompaniyalari uchun ham qulay sharoitlar yaratiladi: ularning O‘zbekiston hududida kino mahsulotlarini ishlab chiqarishdan olgan daromadlari norezidentlarning daromadi sifatida soliq bazasiga kiritilmaydi.

Nufuzli xalqaro va respublika tanlovlari g‘oliblari pul mukofotlari bilan taqdirlanadi: gran-pri va birinchi o‘rin uchun tegishli ravishda 300 va 100 million so‘m, ikkinchi o‘rin uchun 200 va 50 million so‘m, uchinchi o‘rin uchun esa 100 va 25 million so‘m beriladi.

Pedagoglar ham qo‘llab-quvvatlanadi: g‘oliblarni tayyorlagan o‘qituvchi va konsertmeysterlarga yil davomida oylik maoshining 100 foizigacha miqdorda ustama to‘lanadi.

Bundan tashqari, har yili madaniyat, san’at va ijod sohalari vakillari orasidan uy-joyga muhtoj bo‘lgan ming nafar xodimga ipoteka krediti dastlabki to‘lovining 50 foizi qoplab beriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev madaniyat, san’at va adabiyot sohalari xodimlaridan bir guruhiga davlat mukofotlarini topshirgan edi. Mazkur marosim davomida soha vakillari bilan ham muloqot bo‘lib o‘tdi va ularga qator yengilliklar berilishi aytildi.


Maqola muallifi

Teglar

Saida Mirziyoeva san'at Kreativ industriya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing