Urushga kurdlar qanday ta’sir qilmoqda?

Tahlil

image

Yaqin Sharq siyosiy xaritasida “kurdlar masalasi” yillar davomida yechib bo‘lmas muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. O‘z davlatiga ega bo‘lmagan, ammo Turkiya, Eron, Iroq va Suriya hududlarida yashovchi 35 milliondan ortiq kurd xalqi deyarli barcha mintaqa davlatlarida ichki siyosiy keskinlik, xavfsizlik muammolari va separatistik xavotirlarning asosiy sabablaridan hisoblanadi. Ayniqsa, milliy o‘zlik, avtonomiya yoki mustaqillik talablarini ilgari surayotgan kurd harakatlari ko‘plab davlatlar uchun ichki barqarorlikka tahdid sifatida ko‘riladi. Natijada kurd muammosi Yaqin Sharq geosiyosatining eng murakkab va bahsli masalalaridan biriga aylangan.

Bugun ushbu masala, ayniqsa Eronda yana keskinlashib bormoqda. AQSH va Isroil bilan Tehron o‘rtasidagi ziddiyat kuchaygan bir paytda, kurd omili yana geosiyosiy o‘yinlarning muhim ishtirokchisiga aylanmoqda. So‘nggi haftalarda Iroq Kurdistoni hududida joylashgan eronlik kurd qurolli guruhlari faollashib, Eron hududiga qarshi operatsiyalar boshlagani haqida xabarlar tarqala boshladi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, bu guruhlar chegaraga yaqin hududlarda harbiy tayyorgarlikni kuchaytirgan va Tehron rejimiga qarshi kengroq qo‘zg‘olon rejalashtirmoqda.

Bunga javoban Eron ham keskin choralar ko‘rmoqda. Rasmiy Tehron Iroq Kurdistoni hududidagi kurd muxolif guruhlarining bazalariga raketa va dron zarbalari berganini ma’lum qildi hamda agar bu hududlardan Eron ichkarisiga hujumlar amalga oshirilsa, yanada keng ko‘lamli zarbalar berilishi haqida ogohlantirdi. Vaziyat qaltis, Eronga yana bir front kerak emasligi aniq.

Kurdlar tarixi

Kurdlarning kelib chiqishi haqida turli ilmiy qarashlar mavjud. Kurd nomining aniq kelib chiqishi noma’lum.  Ko‘plab tarixchilar ularni qadimgi eroniy xalqlar guruhiga mansub deb hisoblaydi. Kurd tili ham eroniy tillar oilasiga kiradi va fors tiliga yaqin hisoblanadi. Tarixiy manbalarda kurdlar asosan Zagros tog‘lari hududida yashagan tog‘li qabila va urug‘lar sifatida tilga olinadi. Asrlar davomida ular turli imperiyalar – Arab xalifaligi, Saljuqiylar, Usmoniylar imperiyasi va Safaviylar davlatlari tarkibida yashagan. Biroq, kurdlar hech qachon mustaqil va barqaror milliy davlat barpo eta olmagan.

XX asr boshlarida Usmoniylar imperiyasi parchalanib ketgach, Yaqin Sharqning siyosiy xaritasi qayta chizildi. Aynan shu davrda kurdlar mustaqil davlat tuzish imkoniyatiga yaqin kelgan edi. 1920 yildagi Antanta ittifoqi va Usmoniylar davlatlari o‘rtasida imzolangan Sevr shartnomasida, hatto Kurdiston davlatini tashkil etish ehtimoli ham muhokama qilingan. Ammo, keyinchalik imzolangan Lozanna shartnomasi bu rejalarni bekor qildi va kurdlar to‘rt davlat hududida qolib ketdi. Ana shu tarixiy jarayon kurd millatchiligi shakllanishiga kuchli turtki berdi.

Kurd millatchiligi XX asrning o‘rtalaridan boshlab kuchaya boshladi. Turli siyosiy tashkilotlar, qurolli guruhlar va milliy harakatlar paydo bo‘ldi. Iroq, Turkiya va Eronda kurd siyosiy partiyalari mustaqillik yoki keng avtonomiya talabini ilgari surdi. Ayniqsa, Iroq Kurdistoni hududida kurdlar siyosiy jihatdan nisbatan kuchli institutlarni shakllantirishga muvaffaq bo‘ldi.

Eron hududida esa kurdlar asosan mamlakatning g‘arbiy qismida – Kurdiston, G‘arbiy Ozarbayjon va Kirmonshoh viloyatlarida yashaydi. Eron kurdlarining aksariyati sunniy musulmonlar hisoblanadi. Bu esa, asosan shia mazhabiga tayangan Eron siyosiy tizimi bilan muayyan diniy tafovutni ham yuzaga keltiradi. Tarix davomida Eron kurdlari markaziy hokimiyat bilan murakkab munosabatda bo‘lib kelgan.

Turli baholashlarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab kurdlarning umumiy soni 30–40 million atrofida bo‘lib, ularning eng katta qismi Turkiyada yashaydi. Taxminan 15–20 million kurd Turkiyada, 6–8 millioni Eronda, 5–6 millioni Iroqda va 2 millionga yaqini Suriyada istiqomat qiladi. Ana shu tarqoqlik va siyosiy bo‘linish kurd masalasini Yaqin Sharq geopolitikasining doimiy og‘riqli nuqtasiga aylantirgan.

1979 yilda Eronda Islom inqilobi sodir bo‘lgach, kurd hududlarida keskin qarshilik harakatlari boshlandi. Kurd siyosiy partiyalari yangi hukumatdan muxtoriyat talab qildi, ammo Tehron bu talablarni qat’iyan rad etdi. Natijada Eron armiyasi va kurd qurolli guruhlari o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar yuzaga keldi. Bu mojaro o‘sha davrda minglab qurbonlarga sabab bo‘ldi va kurd muammosi Eron siyosatining doimiy xavfsizlik masalasiga aylandi.

Keyingi yillarda Eron kurd muxolif guruhlari asosan mamlakat tashqarisida, xususan Iroq Kurdistoni hududida faoliyat yurita boshladi. Bu guruhlar orasida Kurdiston Demokratik partiyasi (KDPI) va Komala kabi tashkilotlar bor. Ular Eron hududida siyosiy bosim va repressiyalar mavjudligini ta’kidlab, kurdlarning siyosiy huquqlarini kengaytirishni talab qiladi.

Chegaralararo hamkorlik va kurd tashkilotlarining bir-biri bilan aloqasi ham vaqt o‘tishi bilan kuchaydi. Iroq Kurdistoni hududi Eron kurd muxoliflari uchun muhim siyosiy va harbiy tayanchga aylandi. Bu esa Tehron uchun jiddiy xavfsizlik muammosini yuzaga keltirdi. Eron hukumati bir necha bor Iroq Kurdistoni hududidagi kurd muxolif bazalariga raketa va dron zarbalari berganini ma’lum qilgan.

So‘nggi yillarda Eron kurdlari mamlakat ichidagi norozilik namoyishlarida ham faol ishtirok etmoqda. Ayrim holatlarda bu namoyishlar qurolli to‘qnashuvlar yoki qo‘zg‘olonlarga aylangan. Tehron esa bunday harakatlarni tashqi kuchlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan separatizm sifatida talqin qiladi.

Shunday qilib, Eron kurdlari masalasi oddiy etnik muammo emas. U tarixiy, diniy va geosiyosiy omillar kesishgan murakkab siyosiy tugunga aylangan. Mintaqada kuchlar muvozanati o‘zgarayotgan bir paytda esa kurd omili yana Yaqin Sharq siyosatining eng nozik va portlovchi nuqtalaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Kurdlarning hujumlari

Joriy yilning 4 mart kuni “The Jerusalem Post” nashrining Isroil va Amerika rasmiylariga tayanib bergan ma’lumotlariga ko‘ra, Iroqning Eron bilan chegarasi yaqinidagi yuzlab kurd jangchilari Xomanaiy rejimiga qarshi qurolli harakatlarni boshlagan. Quruqlikda ochilgan bu yangi front Eronning mullalar rejimini qiyin ahvolga solib qo‘yishi mumkin edi. Garchi rasmiy Tehron bu hujumlarni avvaliga rad etgan bo‘lsa-da, keyinchalik ma’muriyat Iroq Kurdistoniga javob zarbalarini yo‘llaganini   e’lon qildi.

5 mart kuni tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Eron harbiylari mamlakatning g‘arbiy chegarasi bo‘ylab joylashgan kurd bazalariga raketa va dron zarbalarini bergan va buning oqibatida guruhning bir nechta a’zolari halok bo‘lgan.

“Biz Iroq Kurdistonidagi inqilobga qarshi bo‘lgan kurd guruhlarining shtab-kvartirasini uchta raketa bilan nishonga oldik”, deb yozadi Eronning rasmiy IRNA axborot agentligi.

AQSH va Isroil ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, yaqinlashib kelayotgan kurd hujumlari Eron xavfsizlik kuchlarining e’tiborini boshqa tomonga yo‘naltirish va mamlakat ichidagilarga rejimni ag‘darishga imkon berishga qaratilgan. “The Washington Post” jurnalida e’lon qilingan xabarga ko‘ra, AQSH kurdlarni Eronga qarshi qurol ko‘tarishda qo‘llab-quvvatlamoqda, Prezident Tramp esa guruhga bunday operatsiya uchun keng ko‘lamli AQSH havo himoyasini taklif qilgan.

Tehronda AQSH va Isroilning qo‘shma hujumlaridan so‘ng tarqalgan yangi xabarlarda Tramp Iroqdagi asosiy kurd guruhlari rahbarlari – Mas’ud Barzani va Bafel Talabani bilan telefon orqali suhbatlashgani aytilgan. Ushbu ikki shaxs mintaqada, jumladan, Eronda kurd guruhlariga ta’sir ko‘rsata olishi bilan tanilgan. Ba’zi manbalarda esa, AQSH mutaxassislari eronlik kurdlarni jangovar tayyorgarlikdan o‘tkazishni va ularga qurol-yarog‘ yetkazib berishni boshlagani aytilgan. 

Ayni paytda, taxminan 8 million eronlik kurd bor, Iroqning Kurdiston mintaqasida yana 6 million kishi yashaydi. Eron kurdlari asosan mamlakatning shimoli-g‘arbiy qismidagi to‘rtta viloyatda, Iroq va Turkiyadagi etnik kurd mintaqalariga tutashgan holda joylashgan. Shu vaqtgacha eronlik kurdlarning xalqaro siyosiy ta’siri va aloqalari Iroq, Suriya va Turkiyadagi kurd aholisiga qaraganda ancha past edi. Ammo, boshlangan yangi urush ushbu muxolif guruh uchun qulay fursat yaratgan ko‘rinadi.

So‘nggi geosiyosiy vaziyat kurd omilini yana kun tartibiga olib chiqdi. Ayrim tahlillarga ko‘ra, AQSH va Isroil Eron bilan qarama-qarshilik kuchaygan sharoitda kurd guruhlarini potensial ittifoqchi sifatida ko‘rmoqda. Bu guruhlar orasida Kurdiston Demokratik partiyasi (KDPI), PJAK va Kurdiston Ozodlik partiyasi (PAK) kabi tashkilotlar mavjud bo‘lib, ular siyosiy va harbiy qanotlarga ega. Ushbu guruhlar o‘zaro koalitsiya tuzib, Eron rejimini ag‘darish va kurdlar uchun o‘zini o‘zi boshqarish tizimini yaratish maqsadini ilgari surmoqda.

Harbiy nuqtai nazardan, kurd kuchlari Eron uchun jiddiy strategik muammo tug‘dirishi mumkin. Mutaxassislarning fikricha, agar ular tashqi yordam bilan faol harakat boshlasa, Eron xavfsizlik kuchlarini bir vaqtning o‘zida bir necha frontda kurashishga majbur qilishi mumkin. Bu esa ichki norozilik harakatlari uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratishi ehtimoldan xoli emas. Eng yomoni esa, mamlakat hududida fuqarolar urushi boshlanib ketishi mumkin. 2500 yillik tarixga ega Eron navbatdagi Suriya bo‘lib qolishi mintaqa uchun eng yomon ssenariy bo‘ladi.

Kelajak masalasida esa hamma narsa Eron ichidagi siyosiy jarayonlar va xalqaro vaziyatga bog‘liq. Agar mavjud rejim saqlanib qolsa, kurd hududlarida repressiyalar yanada kuchayishi mumkin. Aksincha, agar siyosiy tizim o‘zgarish jarayoniga yuz tutsa, kurdlar boshqa etnik guruhlar bilan birga ko‘proq avtonomiya talab qiladigan asosiy siyosiy kuchlardan biriga aylanish ehtimoli bor.

Xulosa qilib aytganda, kurdlarning separatistik harakatlari Eron uchun keraksiz g‘alva, AQSH va Isroil uchun mullalar hokimiyatini “oyog‘idan chalish” uchun zo‘r imkoniyat. Ammo shuni unutmaslik kerakki, kurd xalqi bu kimlarningdir “qo‘lida o‘ynatadigan” vositasi emas, balki barcha huquq va erkinliklarga ega millatdir.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Iroq Yaqin Sharq Isroil Tehron Kurdiston Kurd Mas'ud Barzani Bafel Talabani

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing