“Ko‘rsatma berishdan bosh tortgan”. “Activist” qamalishi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berildi

Jamiyat

image

O‘zining mahsulotlar sifati va ularning yaroqliligi haqidagi tanqidiy videolari bilan “Activist” nomi orqali tanilgan Hojiakbar Nosirov 15 sutkaga qamalgani haqida xabar bergan edik. Holat yuzasidan Toshkent shahar sudlari qo‘shimcha ma’lumot berdi. 

Toshkent shahar sudlariga ko‘ra, kecha, 8 aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184-3-moddasi (milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish) va 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismi bo‘yicha H.N.ga nisbatan yuritilgan ma’muriy ish ko‘rib chiqilgan.

Qayd etilishicha, H.N. o‘ziga tegishli bo‘lgan “Activist” kanali orqali har xil turdagi diniy mazmundagi videolarni, ya’ni Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2023 yil 7 apreldagi xulosasiga asosan aholi orasida turli ixtilof va tushunmovchiliklar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan g‘oyalarni tarqatgani aniqlangan.

Bundan tashqari, H.N. Ichki ishlar organlari xodimlarining hujjatlarini tekshirish uchun taqdim etish, tushuntirish berish va ish hujjatlari bilan tanishib chiqish kabi qonuniy talablariga bo‘ysunmagan.

Ta’kidlanishicha, sud majlisida huquqbuzar tariqasida so‘roq qilish uchun H.N.ga so‘z berilganida huquqbuzar va uning himoyachisi holat yuzasidan ko‘rsatma berishdan bosh tortgan.

U ko‘rsatma berishdan bosh tortgan bo‘lsada, uning yuqoridagi huquqbuzarliklarni sodir etgani ish hujjatlaridagi IIO FMB xodimining bildirgisi, dalolatnoma, ko‘zdan kechirish va elektron materiallarni olish bayonnomasi, “Activist” kanalidan olingan fotolavhalar, DVD-R diskidagi videolavhalar, ashyoviy dalillarni olish bayonnomasi, hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ekspertlik xulosasi va boshqa dalillar bilan o‘z tasdig‘ini topgan.

Sudning qarori bilan H.N. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184-3-moddasi va 194-moddasi 1-qismida tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Ma’lum qilinishicha, ushbu qaror ustidan qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarda Toshkent shahar sudiga apellyatsiya shikoyati yoki protest berilishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

sud Hojiakbar Nosirov Activist

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made