Myanmaga sotib yuborilgan markaziy osiyoliklar vatanga qaytarildi
3-sahifa
−
13 dekabr 3277 2 daqiqa
Myanmada odam savdosi qurboniga aylangan O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolari Tailanddagi diplomatik vakolatxonalar ko‘magida vatanga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ozod etilganlar Tailandga internetdagi yuqori maoshli ish taklifi bilan kelgan. Ularga O‘zbekistondan hatto bepul aviachipta taqdim etilgan. Biroq ular Tailandga yetib borganidan so‘ng, aldov yo‘li bilan Myanma hududiga noqonuniy olib o‘tilgan. U yerda fuqarolar odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruhlar qo‘liga tushib, firibgarlik bilan shug‘ullanuvchi telefon markazlarida ishlashga majbur qilingan. Noqonuniy harakatlarni amalga oshirishdan bosh tortgan shaxslar jismoniy zo‘ravonlik va tahdidlarga duchor bo‘lgan.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasining Bangkok shahridagi Bosh konsulxonasiga bir guruh fuqarolar Myanmada odam savdosi qurboniga aylangani haqida xabar berib, vatanga qaytishda yordam so‘rab murojaat qilgan. Qirg‘izistonning Tailandda diplomatik vakolatxonasi yo‘qligi sababli, O‘zbekiston va Qozog‘iston diplomatlari qo‘shni davlat iltimosiga binoan qirg‘iz fuqarolarini ham vatanga qaytarishga yordam bergan.
Myanma va Tailandning vakolat organlari bilan olib borilgan kelishuv harakatlari va muzokaralar natijasida uch davlat fuqarolari ozod qilinib, Mayesot chegara punktida diplomatlarga topshirilgan. Ularga vaqtinchalik turarjoy va oziq-ovqat ajratilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbekistonlik ayol Pokistonda qamoqda saqlanayotgani haqida xabar berilgan edi.
Nigora Muhammadiyeva