Midweek: Bosqinga ruju qo‘ygan Putin, natijasiz qo‘ng‘iroq, chuv tushirilgan Kiyev

Tahlil

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Netanyaxu bilan rostmanasiga “jang” olib bormoqda. Prezident sifatida o‘zining ikkinchi muddati oxirlab borarkan, Makron yaqin kelajakda Falastinni tan olish borasida katta qadamlar tashlash arafasida.

So‘nggi paytlarda Isroil nashrlari rasmiy Parij Falastinni tan olishi haqida ko‘plab xabarlar chiqaryapti. Unga ko‘ra, Fransiya joriy yilning iyun oyida Isroil ishtirokisiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti homiyligida Nyu-Yorkda Falastin davlatini tan olish bo‘yicha xalqaro anjuman o‘tkazadi.

Aslida Makronning bu tashabbusi bir necha hafta oldin Misrga tashrifi chog‘ida ochiqlangandi. Anjuman esa Saudiya bilan birga o‘tkazilishi aytilmoqda. Fransiya prezidenti bu qarorga o‘tgan yili Yevropaning qator davlatlari Isroilning G‘azodagi vahshiyliklari ta’sirida Falastinni tan olgandan so‘ng ochiqlagandi. U Parijda Falastinni tan olish uchun hech qanday to‘siq yo‘qligi haqida og‘iz ochgandi. Endilikda Yevropa lideri, Netanyaxu idorasining o‘zboshimchaligi va allaqachon qonli hukumatga aylangani ortidan Falastini tan olish jarayonini tezlatyapti.

“Israel hayom” nashrining yozishicha, Nyu-Yorkdagi Saudiya va Fransiya boshchiligida o‘tkaziladigan anjumanda Falastin davlatini tan olish bo‘yicha aniq muddatlar va ijro mexanizmlarni o‘z ichiga olgan keng qamrovli yo‘l xaritasi ishlab chiqiladi. Fransiya va Saudiya vakillari boshchiligida munozaralar va rasmiy sessiyalar o‘tkaziladi hamda Falastin davlatini barpo etish uchun amalga oshiriladigan doiraviy reja ishlab chiqiladi. Ushbu tashabbus Isroilning bu boradagi pozitsiyasini butunlay chetlab o‘tadi. Ya’ni Makron va saudlar bu borada Isroil bilan ortiq hisoblashib o‘tirmaydi.

Fransiya Prezidentining Falastin tarafdori sifatida qilgan bayonotlaridan so‘ng mazkur anjuman misli ko‘rilmagan diplomatik tashabbusni tashkil etadi. Bu tashabbus faqat tan olish bayonotlaridan tashqariga chiqib, aniq maqsadlar va amalga oshirish rejalarini belgilaydi. Isroil nashri bergan xabarga ko‘ra, tomonlar hatto mazkur jarayonni, ya’ni Falastinni tan olish protsessini to‘xtatishga harakat qiladiganlarga qarshi sanksiyalarni kiritishi ham mumkin.

Nashrga ko‘ra, ushbu anjumanda ishtirok etish uchun ko‘plab davlatlarga taklifnomalar ham yuborilgan. BMT a’zo davlatlariga yuborilgan ushbu taklifnomalarda, ushbu anjuman Falastinning tan olinishini ortga qaytmas jarayonga aylantirish, bosqinni tugatish va ikki davlat yechimi asosida doimiy kelishuvni ilgari surish maqsadida tashkil etilishi ta’kidlagan. Taklifnomada 2023 yil 7 oktyabrdagi hujumlar va zo‘ravonlikda “har ikkala tomon” ayblanishi, unda “7 oktyabrdan beri ikkala tomonning fuqarolari, shu jumladan, o‘g‘irlanganlar va ularning oilalari, G‘azo aholisining katta aziyat chekkani” qayd etilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Saudiya va Fransiya yuqorida ta’kidlanganidek, Falastinni tan olishga qarshi harakat qilayotgan tomonlarga BMT sanksiyalarini qo‘llashni taklif qilmoqda. Taklif etilgan yechim “tez va ortga qaytmas” jarayonni talab qiladi, bu esa “Falastinning mustaqil va suveren davlat sifatida Isroil bilan yonma-yon qad rostlashi bilan yakunlanishi kerak. Ma’lumot o‘rnida shuni ham ta’kidlash joizki, ayni paytga kelib Falastinni BMT a’zo 193 davlatdan 147 tasi tan olgan. Bu dunyo hamjamiyatining 75 foizi degani. Asl haqiqatni ko‘ruvchi mazkur davlatlar bosqin ostidagi G‘arbiy sohil, misli ko‘rilmagan genotsid bilan yuzlashayotgan G‘azo sektori va Sharqiy Quddusni Falastinga tegishli deb hisoblaydi. Katta ehtimol bilan endi bu mamlakatlar orasiga Fransiya ham qo‘shilishi mumkin. So‘nggi paytlarda bunga shubha qolmadi.

Ukraina chetdan qurol xarid qilishda 770 mln dollar yo‘qotdi

“Financial Times” xabariga ko‘ra, Ukraina mudofaa ehtiyojlari uchun chetdan qurol va o‘q-dorilarni xarid qilish chog‘ida 3 yil ichida 770 million dollar yo‘qotgan. Bunga esa xarid qarorlarining favqulodda tezkor qabul qilinishi hamda buyurtmalarning hajmi katta ekani sabab sifatida keltirilgan. Ma’lum qilinishicha, mamlakat hududiga Rossiya bostirib kirgandan so‘ng, Ukraina tezkor tarzda qurol va o‘q-dorilar sotib olishga majbur bo‘lgan. Biroq kamida 30 ta shartnoma bo‘yicha Ukraina oldindan to‘lov qilgan bo‘lsa-da, qurol-yarog‘ni ololmagan. Surishtiruv natijalariga ko‘ra, bosqin boshlanganidan buyon Ukraina xorijiy yetkazib beruvchilarga 770 million dollar miqdoridagi to‘lovni oldindan amalga oshirgan.

Ammo bu mablag‘ evaziga qurol-yarog‘lar yoki yetkazilmagan, yoki faqat qisman topshirilgan, yoki buyurtma mutlaqo sifatsiz bo‘lgan. Bu summa Ukrainaning har yili mudofaa uchun ajratadigan 6–8 milliard dollarlik byudjetining sezilarli qismini tashkil qiladi. Ukraina huquqni muhofaza qilish organlari bir nechta xorijiy qurol vositachilari bilan tuzilgan shartnomalarni tekshirmoqda. Ba’zi shartnomalar bo‘yicha jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan, ammo hozircha hech kimga rasmiy ayblov qo‘yilmagan.

Ayni damda Ukraina Mudofaa vazirligining harbiy-texnik siyosati departamenti sobiq rahbarlari Tomas Naxkur va Aleksandr Liyev, shuningdek, “Lvovskiy arsenal” kompaniyasi menejerlari va xorijiy firma vakili ustidan 1,5 milliard grivna (36,2 million dollar) mablag‘ni o‘zlashtirishga urinish bo‘yicha ish ochilgan. Ular Xorvatiyadan 100 ming dona minomyot snaryadini xarid qilish chog‘ida noqonuniy harakatga qo‘l urgan bo‘lishi mumkin. Ya’ni ushbu savdoda oldindan to‘langan 12,5 million dollar vositachilar orqali maqsadsiz ishlatilganligi gumon qilinmoqda. Naxkur va Liyev mazkur ayblovlarni rad etib, urush sharoitida istalgan yo‘l bilan qurol topishga majbur bo‘lganliklarini ta’kidlamoqda. Ukraina esa ushbu yirik yo‘qotishlardan so‘ng, o‘z mablag‘larini qonuniy yo‘llar orqali qaytarish harakatida.

Qayd etilishicha, Ukraina Mudofaa vazirligi hozirda 309 million dollar miqdoridagi oldindan to‘lovlarni sud orqali qaytarishga urinmoqda. Qolgan 460 million dollarni esa rasmiy Kiyev muzokaralar orqali yetkazib beruvchilardan qaytarib olishga umid qilyapti.

Ma’lumot o‘rnida shuni ham qayd etish joizki, 2025 yil yanvar holatiga ko‘ra, Ukrainaga Rossiya bosqini sharoitida ittifoqchilaridan  umumiy hisobda 280 milliard dollar sarflangan. Rossiya 2022 yilning fevralida mamlakatga bostirib kirganidan beri butun dunyo mamlakatlari Ukrainaga milliardlab dollarni xayriya qildi, ammo ikkita eng katta moliyalovchi manbalar AQSH va Yevropa Ittifoqining bo‘ldi.

Hisobotlarga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi moliyaviy, harbiy va gumanitar yordam uchun 138 milliard dollar ajratgan. AQSH esa Kiyev uchun shu uch yo‘nalishda 119 milliard dollar sarflagan. Harbiy yordam yuki ko‘proq AQSH gardanida bo‘lib, Vashington bu sohada Ukrainaga 67 milliard dollar, YeI esa 53 milliard ajratgan. Qit’a mamlakatlari asosan moliyaviy va gumanitar sohaga e’tibor qaratishgan. Jumladan, Ittifoq mamlakatlari 3 yil mobaynida bosqin ostidagi Ukrainaga 68 milliard dollar moliyaviy va 17 milliard dollar gumanitar yordam bergan. Bu borada ular AQSHdan ancha ko‘p mablag‘ sarflagan. Yo‘qotishlar haqida gap ketganda Rossiya Ukrainadan ko‘proq ko‘rsatkichlarni qayd etmoqda. Pentagon tomonidan tuzilgan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya bosqinchilik harakatlari uchun 211 milliard dollardan ko‘proq mablag‘ sarflagan va bekor qilingan yoki to‘xtatilgan qurol savdosidan taxminan 10 milliard dollar yo‘qotgan. Bu esa Rossiya hozirgacha havoga sovurgan pullar borasida Ukrainaga nisbatan 13 martaga yomonroq ahvolda ekanini ko‘rsatadi.

Tramp va Putinning natijasiz 3-suhbati

AQSH prezidenti Donald Tramp Yaqin Sharq safaridan qaytayotganda, Ukrainadagi vaziyatga nuqta qo‘yish uchun Putin bilan gaplashishi haqida jurnalistlarga ma’lum qilgandi. Butun dunyo Vladimir Putinni 15 may kuni Istanbulda kutgandi. Ammo Kreml Turkiyaga juda past darajadagi delegatsiyani yuborib, hali bosqinni to‘xtatish niyati yo‘qligini qaysidir ma’noda yana isbotladi. Shundan so‘ng, AQSH vitse-prezidenti Jeyms Devid Vens faqatgina Tramp va Putinning o‘zaro suhbati bu urushni yakunlashi mumkinligini aytdi. Shu tariqa ikki o‘rtada telefon muloqoti o‘tkazilishi ma’lum qilindi. 19 may kuni hammaning nigohi Kreml va Oq uy rahbarlarining telefon muloqoti natijasiga qaratildi. G‘arb nashrlari Tramp va Putinning o‘zaro muloqoti Ukraina uchun xavfli tus olishi haqida yozishdi. Ammo Tramp bunday taxminlarni parchalab, Putin bilan suhbatdan bir necha soatlar oldin Ukraina prezidenti va Yevropa yetakchilari bilan gaplashgani ma’lum bo‘ldi.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur qo‘ng‘iroqda Zelenskiy Trampga Ukraina hech qanday shartlarsiz to‘liq o‘t ochishni to‘xtatishga tayyor ekanini ta’kidlagan. Zelenskiyga ko‘ra, ehtimoliy muzokaralar uchun Turkiya, Vatikan va Shveysariya kabi davlatlar tanlanishi mumkin. Shuningdek, telefon muloqotida Ukraina Prezidenti Trampdan muzokaralardan chiqib ketmaslikni iltimos qilgan. Sababi Oq uy rasmiylari ikkala tomonga bosim o‘tkazish uchun turli vositalardan foydalanmoqda. Masalan, Rossiyani muzokaralar stoliga o‘tkazishga majburlash uchun AQSH rasmiylari unga moliyaviy sanksiyalar bilan tahdid qilayotgan bo‘lsa, Kiyevni ikki o‘rtadagi muzokaralardan chiqish bilan qo‘rqityapti. Shu sabab Zelenskiy Trampdan o‘yinni tark etmaslikni alohida so‘ragan. 

Shunday qilib, 19 may kuni kechga yaqin Tramp va Putin Ukrainadagi vaziyatni tartibga solish masalasida telefon orqali muloqot qildi. Bu AQSH va Rossiya Prezidentlarining yil boshidan beri uchinchi suhbati hisoblanadi. Birinchisi joriy yil 12 fevral, ikkinchisi esa 18 mart kuni bo‘lib o‘tgandi. Ammo bulan ikki tomonning rasman e’lon qilgan muloqotlari ekani, mart oyida Tramp va Putin o‘rtasida bundan boshqa muloqotlar ham o‘tkazilgan bo‘lishi mumkinligi aytilgandi. 19 maydagi so‘nggi qo‘ng‘iroq esa Tramp Putinning bosqinni to‘xtatishni rostdan ham istayotganiga aniqlik kiritish uchun qilayotgani aytildi. Chunki so‘nggi paytlarda AQSHning yuqori martabali mulozimlari, jumladan vitse-prezident Vens Moskvadan hafsalasi pir bo‘lganini yashirmadi. Shu va boshqa masalalarga oydinlik kiritishi kutilgan suhbat ikki soatdan ko‘proq davom etdi. Telefon muloqoti tugashi bilan ikki davlat rahbarlari tafsilotlarni turli ko‘rinishda ochiqladi.

Rossiya Prezidenti mazkur muloqotni ochiq va mazmunli deb baholadi. Putin yana so‘z o‘yinini takrorladi. U oldin bayon qilgan gaplaridan ortiqcha yangilik aytmadi. Oldinga tashlangan yagona qadam esa Ukrainaga o‘z pozitsiyasini yetkazish, mumkin bo‘lgan tinchlik bitimi kuni belgilash va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha memorandum taklifidir. Putinning so‘zlariga ko‘ra, agar tegishli kelishuvlarga erishilsa Ukraina bilan sulh amalga oshishi mumkin, ammo Rossiya ham, Ukraina ham o‘zaro maqbul murosalarni topishi kerak.

“AQSH Prezidenti o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha o‘z pozitsiyasini bildirdi va o‘z navbatida, Rossiya ham Ukraina inqirozini tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori ekanini ta’kidladi, faqat tinchlikka erishishning eng samarali yo‘llarini belgilash zarur. Biz AQSH Prezidenti bilan kelishib oldik. Rossiya Ukraina tomoniga kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tinchlik shartnomasi bo‘yicha bir qator pozitsiyalarni, masalan, kelishuv tamoyillari, mumkin bo‘lgan tinchlik bitimini imzolash muddatlari, jumladan, ma’lum kelishuvlarga erishilgandan so‘ng ma’lum muddat davomida o‘t ochishni to‘xtatish imkoniyatini belgilovchi memorandumni taklif qiladi va u bilan ishlashga tayyor. Uchrashuv ishtirokchilari o‘rtasidagi aloqalar va Istanbuldagi muzokaralar qayta tiklandi, bu esa, umuman olganda, biz to‘g‘ri yo‘nalishda ketyapmiz, deyishga asos bo‘ladi”, dedi u.

Tramp esa Truth Social’dagi sahifasida Putin bilan suhbat “juda yaxshi” o‘tgani va uning “ohangi va ruhi” “a’lo darajada” ekanini yozdi. U Rossiya va Ukraina zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va urushni tugatishga olib keladigan muzokaralarni boshlashini ma’lum qildi. Bundan tashqari, u Rim papasi Leo XIV vakilligidagi Vatikan ushbu muzokaralarda vositachilik qilishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya urush tugaganidan so‘ng AQSH bilan “har tomonlama savdo-sotiq”ni qayta tiklashga intilmoqda. Ya’ni Tramp Putinga Ukrainada to‘xtash evaziga unga o‘zaro manfaatli savdo aloqalarini va’da qilgan. Shu o‘rinda AQSH prezidenti Rossiyaning resurs va boshqa masalalarda cheksiz imkoniyatlarga egaligini ham eslab o‘tdi.

Yuqorida ta’kidlanganidek, Tramp Rossiya rahbari bilan muloqotdan oldin Yevropa yetakchilari bilan ham gaplashgan. Shu bois Oq uy egasi Putin bilan suhbatdan ham Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy, Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen, Germaniya kansleri Fridrix Mers, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni va Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubbga ushbu telefon suhbatining mazmuni darhol ma’lum qilinganini bildirdi.

Ikki o‘rtadagi suhbat natijalariga qaytadigan bo‘lsak, kuzatuvchilar mazkur muloqotni past baholamoqda. Hatto ko‘pchilik buni Putinning kichik g‘alabalaridan biri deya ta’rifladi. Chunki Donald Tramp Vladimir Putin bilan gaplashganidan so‘ng, yana Kreml foydasiga og‘ishdi. U Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy qilmasligini ma’lum qilib, buni Ukrainadagi urushni tugatish masalasida hali oldinga siljish imkoniyati mavjudligi bilan izohladi.

AQSH Prezidenti Putin bilan suhbatdan keyin sezilarli o‘zgarishlar bo‘lishiga ishonch bildirdi. Biroq Donald Tramp, agar muzokaralarda “sezilarli taraqqiyot”ga erishmasa, Ukraina atrofidagi mojaroni hal qilishda vositachilik qilishdan bosh tortishi mumkinligi haqida yana ogohlantirdi. U holda Qo‘shma Shtatlar kelishuvdagi o‘z rolini Yevropaga topshiradi. Yevropaning esa Rossiya bilan munosabatlardagi yondashuvi aniq. Ittifoq yaqinda Moskvaga Ukrainadagi bosqin boshlangandan buyon o‘zining 17-sanksiyalar paketini joriy qildi. Bryusselda Putin bilan hadeb telefonda muloqot qilishga vaqt topadigan siyosatchilar yo‘q.

Putinning “A” rejasi

Donald Trampga tinchlikka erishish harakatlarini boshlashga va’da berayotganiga qaramay, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainada yaqin orada to‘xtash niyati yo‘qligi taxmin qilinmoqda. “Bloomberg” xabariga ko‘ra, Putin Rossiya qo‘shini 2025 yil oxirigacha Ukraina Qurolli Kuchlarining mudofaasini buzib o‘tib, to‘rtta viloyat – Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporojeni to‘liq qo‘lga kirita olishiga ishonadi. Ammo tahlilchilar buning amalga oshishiga ishonmaydi. Xususan, Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti tahlilchisi Ben Barrining fikricha, Rossiya yil oxirigacha Donbass, Zaporoje va Xerson viloyatlarini to‘liq qo‘lga kiritishi ehtimoli nihoyatda past.

“Bloomberg”ning qayd etishicha, Putin o‘z navbatida, janglarni to‘xtatishga tayyorgarlik ko‘rmayapti. Agentlik manbasining fikricha, Rossiya Prezidenti AQSHning Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish haqidagi tahdidlariga nisbatan ham bepisand yondashmoqda. Tramp avvalroq, agar Putin Ukrainada 30 kunlik otashkesimga rozi bo‘lmasa, Rossiyaga nisbatan cheklovlarni kuchaytirishga tayyorligini bildirgan edi. Putin esa bu masalada juda xotirjam. Putin bu sovuqqonligi Tramp bilan so‘nggi telefon suhbatidan so‘ng, AQSH prezidenti Rossiyaga nisbatan sanksiya qo‘llamaslikka ishora qilgandan so‘ng yanada ortgan bo‘lishi mumkin.

Ustiga-ustak Rossiya hozirda qisman bosib olingan shu 4 viloyatdan chiqmasligini Istanbuldagi so‘nggi muzokaralarda ham ochiq ta’kidladi. Bu ham yetmaganidek, Turkiyadagi uchrashuvda Rossiya delegatsiyasi Ukraina rasmiylariga ushbu hududlar soni yaqin kelajakda 5 taga yetishi bilan tahdid qilgan. Shu bilan birga, Medinskiy boshchiligidagi delegatsiya Ukraina tomoniga Rossiya istalgan muddatgacha urusha olishi mumkinligi bilan dag‘dag‘a qilib, buning isboti sifatida 300 yil oldin Rossiya va Shvetsiya o‘rtasida kechgan 21 yillik urushni misol qilib keltirgan.

Ammo Medinskiy  asr muqaddam dunyo shakl-shamoyili mutlaqo boshqacha ko‘rinishda bo‘lgani, u paytlar xalqaro munosabatlarda ko‘p jihatlar bir-biriga bog‘lanmaganini sedan chiqargan chog‘i. Bugun globallashgan dunyoda agressiv tashqi siyosat olib boruvchi va uzoq yillik urushga kirgan davlat vaqt o‘tib tanazzulga yuz tutishi mumkinligi Iroq misolida yaqqol namoyon bo‘lgan deyish mumkin. XX asrning 80 yillarida Saddam Husaynning Eronga ochgan salkam 10 yillik urushi keyinchalik Iroq uchun falokatli oqibatlarni keltirib chiqargandi. Forslar bilan urushdan tinkasi qurigan mamlakatning yo‘qotishlarini to‘ldirish esa zanjirli xatolarni yuzaga keltirdi. Quvaytga qilingan kompensatsion bosqin yakunda Saddamning eng oxirgi xato qarorlaridan biri bo‘lgandi deyish mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing