Makron Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib borishga chaqirdi
Olam
−
14 fevral 1857 2 daqiqa
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Yevropa davlatlari Rossiya bilan Rossiya-Ukraina mojarosini yakunlash bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etishi kerakligini bildirdi. Bu haqda u kecha, 13 fevral kuni Myunxen xavfsizlik konferensiyasidagi nutqida so‘z ochdi.
Makronning fikricha, Rossiya bilan “oshkora aloqa kanalini tiklash” zarur. Uning aytishicha, Yevropa kelajakda Rossiya bilan muzokara olib borish uchun “kuchli pozitsiya”da bo‘lishi lozim. Buning uchun ko‘hna qit’a davlatlari mudofaa salohiyatini, xususan uzoq masofali tizimlar sohasidagi imkoniyatlarini “faol rivojlantirishi” kerak.
“Reuters”ning yozishicha, Makron Ukrainadagi mojaro tugagan taqdirda ham Yevropa baribir tajovuzkor Rossiya bilan yuzma-yuz kelishini ta’kidlagan. “Le Figaro” uning so‘zlaridan iqtibos keltirib, tinchlik bitimi tuzilgach, Yevropa Rossiya bilan “birga yashash qoidalarini belgilashi”, shunda “keskinlashuv xavfini cheklash” mumkinligini qayd etgan.
“Yevropaliklar bu ishni o‘z fikrlari va o‘z manfaatlaridan kelib chiqib boshlashi kerak. Shu bois bugun men ushbu muhim masala bo‘yicha maslahatlashuvlar turkumini boshlashni taklif qilaman”, deydi Makron.
U Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya allaqachon olib borayotgan muhokamalarga boshqa Yevropa davlatlarini ham qo‘shilishga chaqirgan. Shuningdek, Makron Yevropada xavfsizlik arxitekturasini qayta qurish va qayta tashkil etish, jumladan “yadro tiyib turish siyosatini qayta shakllantirish” zarurligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni Yevropa Ittifoqi yetakchilarining norasmiy uchrashuvidan oldin Germaniya kansleri Fridrix Mers va Belgiya Bosh vaziri Bart De Vever bilan uchrashgani va suhbat davomida rasmiy agar YeI “katta gapirish”ni istasa, xalqaro muammolarga duch kelganda aniq choralar ko‘rishi kerakligini ta’kidlagani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi