Maktabdagi hujumda yaralangan o‘quvchi 18 kundan so‘ng vafot etdi (video)

Olam

image

Turkiyaning Qahramonmarash shahrida Ayser Chalik o‘rta maktabida joriy yilning 15 aprel kuni sodir etilgan qurolli hujumda og‘ir yaralangan 11 yoshli o‘quvchi Almina Og‘ao‘g‘li 18 kundan so‘ng shifoxonada vafot etdi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.  

Mazkur maktabdagi hujumda og‘ir tan jarohati olgan 5-sinf o‘quvchisi Og‘ao‘g‘li shifoxonaning jonlantirish bo‘limida 18 kun davom etgan muolajalardan so‘ng jon berdi. 

Uning janoza marosimi Abdulhamidxon jome’ masjidida o‘tkazilgan. Unda mazkur hujum oqibatida halok bo‘lgan o‘quvchi Adnan Go‘kturk Yashilning onasi ham ishtirok etgan.

O‘quvchining vafotidan so‘ng, Turkiyaning ko‘plab rasmiylari o‘z ta’ziyasini bildirgan. Ular orasida Turkiya Buyuk millat majlisi (parlament) raisi Numan Kurtulmush, Ichki ishlar vaziri Mustafo Chiftchi, Prezidentlik huzuridagi Kommunikatsiya boshqarmasi rahbari Burhoniddin Duran, Xalq ta’limi vaziri Yusuf Tekin, Oila va ijtimoiy xizmatlar vaziri Mohinur O‘zdemir Ko‘ktosh, Sog‘liqni saqlash vaziri Kamol Memisho‘g‘li, Adolat va taraqqiyot partiyasi Raisi o‘rinbosari va partiya voizi O‘mer Cheliklar ham bor.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi kunlarda Turkiyadagi ta’lim muassasalarda tez-tez qurolli hodisalar yuz bermoqda. Xususan, joriy yilning 2 mart kuni butun Turkiyani larzaga solgan voqea sodir bo‘ldi. Istanbul shahridagi Bo‘rsa kasb-hunar va texnika Anadolu litseyida o‘qituvchi Fotima Nur Chelik o‘z o‘quvchisi tomonidan pichoqlanib, o‘ldirilgandi.

Shuningdek, joriy yilning 14 aprel kuni Shonliurfa viloyati Siverek tumanida joylashgan litseyda qurolli hujum sodir bo‘ldi. Oqibatda 16 kishi jarohatlanib, hujum sodir etgan o‘quvchi o‘z joniga qasd qildi.

Shuningdek, kecha, 15 aprel kuni Qahramonmarash viloyatidagi o‘rta maktabda sodir bo‘lgan otishma oqibatida 9 kishi halok bo‘ldi. Hozircha bu voqealarning bir-biriga aloqasi borligi haqida ma’lumotlar mavjud emas.

Qolaversa, Turkiyada Ichki ishlar vazirligi ko‘rsatmasi bilan mamlakatdagi maktablarda politsiya tomonidan nazorat olib borilishi belgilangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Qahramonmarash maktabdagi hujum

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing