Markaziy bank tijorat banklarini ogohlantirdi

Jamiyat

image

Markaziy bank qarz oluvchi tomonidan kredit (mikroqarz) shartnomalarida belgilangan to‘lov bo‘yicha majburiyatlar o‘z vaqtida bajarilmagan holatlarda qo‘llanilayotgan chora va sanksiyalar amaliyoti bo‘yicha tijorat banklarini ogohlantirdi. Bu haqda Markaziy bankning rasmiy xatida keltirilgan.

Qayd etilishicha, o‘rganish natijalari ayrim hollarda banklar tomonidan kredit bo‘yicha to‘lovlar kechiktirilganda qo‘llanilayotgan sanksiyalar miqdori kreditning dastlabki qiymatiga ham, kreditorning haqiqiy xarajatlariga ham mutanosib emasligini ko‘rsatmoqda.

Xususan:

  • to‘lovlar muddati buzilganda kechiktirilgan to‘lov summasi uchun hisoblanadigan foiz kredit bo‘yicha shartnomada belgilangan yillik stavkaga nisbatan 1,5-3 barobarga, ba’zi holatlarda esa yillik 150-180 foizgacha oshirilmoqda. Bunda, ushbu sanksiya foizli daromadning muqobil shakliga aylanmoqda;
  • kredit bo‘yicha foizlarni to‘lash muddati kechiktirilganda kunlik penya (uni hisoblash bo‘yicha eng yuqori chegara belgilanmagan holda) hisoblanib, uning yillik miqdori kreditning dastlabki qiymatidan bir necha barobar yuqori darajalarga yetib bormoqda;
  • har bir kechiktirish holati uchun kreditorning haqiqiy xarajatlari bilan bog‘liq bo‘lmagan qo‘shimcha bir martalik jarimalar qo‘llanilmoqda.

Bir vaqtning o‘zida oshirilgan foiz stavkasi, penya va bir martalik jarima choralarining birgalikda qo‘llanilayotgan holatlar ham aniqlangan. Natijada, to‘lov muddatini kechiktirish bilan bog‘liq umumiy qo‘shimcha xarajatlar kreditni vijdonan va o‘z vaqtida xizmat ko‘rsatish qiymatidan bir necha barobar yuqori bo‘lishiga hamda qarz oluvchi uchun yuzaga keladigan haqiqiy moliyaviy yuklama ushbu majburiyatlar bajarilishini iqtisodiy jihatdan qiyinlashtiradigan darajaga olib kelmoqda.

Markaziy bank bunday amaliyot kreditor uchun kechikishning oldini olish yoki qarzni o‘z vaqtida to‘lashga ko‘maklashishdan ko‘ra, kechikish holatidan foyda ko‘rish manfaatliroq bo‘lgan iqtisodiy modelni shakllantirayotganligini qayd etadi.

Qayd etilishicha, kredit shartnomalaridagi bu kabi shartlar kreditorni to‘lov intizomini ta’minlashdan ko‘ra kechiktirish holatidan daromad olishga ob’ektiv ravishda undaydi hamda kreditlash shartlarining ochiq va tushunarli ravishda oshkor etilishida shaffoflikning buzilishi xavfini keltirib chiqaradi, ya’ni majburiyatlar buzilgan taqdirdagi haqiqiy moliyaviy oqibatlar kredit olish to‘g‘risida qaror qabul qilish bosqichida qarz oluvchi tomonidan yetarlicha baholanmay qoladi.

Bunday amaliyotlar tomonlar manfaatlari muvozanatini buzadi hamda ijtimoiy xatarlarning ortishiga, fuqarolar murojaatlari sonining ko‘payishiga va bank tizimiga bo‘lgan ishonchning pasayishiga olib keladi.

Markaziy bank majburiyatlarni kechiktirib bajarganlik uchun qo‘llaniladigan sanksiyalar kompensatsion xarakterga ega bo‘lishi lozimligini bildirib, kreditorning kechikishdan iqtisodiy manfaatdor bo‘lishiga olib keladigan hamda qarz oluvchining javobgarlik choralarini mustaqil daromad manbaiga aylantiradigan shartnoma shartlari shakllantirilishini yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holat deb hisoblaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda onlayn kredit olishda firibgarlikka uchragan fuqarolardan kreditni undirish to‘xatilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy bank mikroqarz tijorat banklari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing