Meksikadagi Jahon kubogi bekor qilindi

Sport

image

Xalqaro suv sporti federatsiyasi Meksikada o‘tkazilishi rejalashtirilgan sho‘ng‘ish bo‘yicha Jahon kubogi bosqichi bekor qilinganini rasman e’lon qildi. Bu haqda federatsiya matbuot xizmati ma’lum qildi.

Bildirilishicha, joriy yilning 22 fevral kuni “Xalisko – yangi avlod” giyohvand moddalar karteli yetakchisi Nemesio Oseguera Servantesning (laqabi “El Mencho”) o‘ldirilishidan so‘ng Meksikaning bir nechta hududlarida, jumladan, Gvadalaxarada ham tartibsizliklar boshlangan. 

Namoyishchilar politsiyaga hujum qilgan, avtomobillarga o‘t qo‘yilgan va do‘konlar talon-toroj qilingan. Rasmiylar “qizil kod” e’lon qilib, aholini uyda qolishga chaqirgan. Mamlakat aeroportlarida 100 dan ortiq reys bekor qilingan.

Xalqaro suv sporti federatsiyasi Meksika suv sporti federatsiyasi va mahalliy hokimiyat bilan maslahatlashgan holda musobaqani bekor qilishga qaror qilgan. Turnir joriy yilning 5-8 mart kunlari Sapopan shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi.

Federatsiya rasmiy bayonotida ushbu qaror Xalisko shtatidagi vaziyatni har tomonlama o‘rganish natijasida qabul qilingani ta’kidlangan. 

“Suv sporti musobaqalaridagi barcha ishtirokchilarning xavfsizligi biz uchun ustuvor vazifa bo‘lib qoladi”,  deyiladi bayonotda.

Shuningdek, federatsiya meksikalik hamkorlariga tayyorgarlik jarayonidagi yordami uchun minnatdorlik bildirib, kelgusida suv sporti bo‘yicha yirik musobaqani Sapopan shahrida o‘tkazishga umid bildirgan. Biroq Jahon kubogining yangi sana hozircha e’lon qilinmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Jahon kubogi Meksika suv sporti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing