Men urush qilishdan zerikmayman – Tramp
Olam
−
03 mart 5348 3 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi operatsiyaning uchinchi kunida Islom respublikasiga nisbatan yangi zarbalarning maqsad va istiqbollarini bayon qildi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
U jang harakatlari besh haftadan ortiq davom etishi mumkinligini istisno qilmagan va bu mojaro yaqin vaqt ichida “joniga tegishi” haqidagi taxminlarni rad etgan.
Tramp o‘z nutqida “Epik g‘azab” operatsiyasi doirasida AQSH harbiylari Eron hududida keng ko‘lamli jang harakatlarini davom ettirayotganini aytgan. Uning ta’kidlashicha, asosiy maqsad – Amerika uchun “o‘limli tahdid” deb baholanayotgan Eron rejimi xavfini bartaraf etish.
U “Yarim tun bolg‘asi” operatsiyasi chog‘ida Eronning yadroviy dasturi yo‘q qilinganini bildirib, Tehron ogohlantirilganiga qaramay, yadroviy qurolga ega bo‘lish urinishlaridan voz kechmaganini ta’kidlagan. Shuningdek, u Eronning ballistik raketa dasturi tez sur’atlarda rivojlanayotgani va bu AQSH hamda xorijda joylashgan amerikalik kuchlar uchun katta tahdid ekanini qayd etgan.
Trampga ko‘ra, Eron uzoq masofali raketalar va yadroviy qurolga ega bo‘lsa, bu nafaqat Yaqin Sharq, balki butun Amerika xalqi uchun qabul qilib bo‘lmaydigan xavf tug‘diradi. U, shuningdek, sobiq prezident Barak Obama davrida imzolangan Eron yadroviy kelishuvini tanqid qilib, uni bekor qilganidan faxrlanishini bildirgan.
Nutqida u Eron rejimi qariyb 47 yil davomida AQSHga qarshi harakat qilib kelganini aytib, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining “Al-Quds” maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni bo‘lgan Qosim Sulaymoniyni birinchi prezidentlik muddatida yo‘q qilganini eslatgan.
Tramp hozirgi harakatlarni “oxirgi va eng yaxshi imkoniyat” deb atab, to‘rtta asosiy maqsadni sanab o‘tgan: Eronning raketa salohiyatini yo‘q qilish, uning yangi raketa ishlab chiqarish qobiliyatini bartaraf etish, harbiy-dengiz flotini yo‘q qilish hamda Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishining oldini olish. Shuningdek, u Tehronning xorijdagi “terroristik armiyalar”ni qurollantirish, moliyalashtirish va boshqarish imkoniyatiga chek qo‘yish rejalashtirilayotganini bildirgan.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, AQSH armiyasi jahondagi eng kuchli armiya hisoblanadi va amaliyot belgilangan muddatdan ancha ilgarilab ketgan. Dastlab to‘rt-besh hafta deb baholangan vazifalarning ayrimlari qisqa vaqt ichida bajarilgani aytilgan.
Shu bilan birga, u jang harakatlari qancha vaqt talab etsa, shuncha davom etishini va bu mojaro unga “joniga tegmasligi”ni ta’kidlagan.
“Bizga zerikarli bo‘lmaydi. Menga hech qachon zerikarli emas”, degan Tramp.
Nutq yakunida u xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan to‘rt nafar amerikalik harbiyni yodga olib, qurolli kuchlarga minnatdorlik bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH razvedkasi Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy halok bo‘lganidan so‘ng Tehron tomonidan Amerikaga qarshi ehtimoliy hujumlar sodir etilishi mumkinligi haqida ogohlantirgandi.