Messi Portugaliyani mundialda favorit deb aytdi

Sport

image

Argentina terma jamoasi va jahon chempioni Lionel Messi Portugaliyani 2026 yilgi Jahon chempionatida g‘oliblik uchun asosiy da’vogarlardan biri sifatida tilga oldi hamda u har doim portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronalduni yuqori baholab kelganini aytdi. Bu haqda Messi “Lo del Pollo” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Argentina terma jamoasi sardori Portugaliyadan tashqari Fransiya, Ispaniya, Angliya, Braziliya va Germaniya terma jamoalarini ham Jahon chempionatida favorit ekanligini aytib o‘tdi. 

“Menimcha, bugungi kunda Fransiya juda yaxshi natijalar ko‘rsatmoqda va tarkibida ko‘plab yuqori darajadagi futbolchilar bor. Ispaniya ham shunday. Braziliya esa anchadan beri o‘zining eng yuqori cho‘qqisida bo‘lmasa-da, har doim da’vogar bo‘lib qoladi va istalgan yirik turnirda raqobatlasha oladigan futbolchilarga ega. Bundan tashqari, Germaniya, Angliya va Portugaliya kabi kuchli jamoalar ham bor. Menimcha, Portugaliya juda raqobatbardosh tarkibga ega. Jahon chempionatlari har doim kutilmagan natijalarni taqdim etadi. Yuqori saviyadagi jamoalar juda ko‘p. Argentinani ham hisobdan chiqarib bo‘lmaydi, garchi hozir ayrim futbolchilar jarohat yoki sport formasidagi muammolar bilan kurashayotgan bo‘lsa ham. Balki hozir bizdan kuchliroq ko‘rinayotgan favoritlar bordir, ammo Argentina har doimgidek birlashgan holda kurashadi va bor kuchini beradi”,  deydi Messi.

Shuningdek, sakkiz karra “Oltin to‘p” sohibi Lionel Messi o‘zining azaliy raqobatchisi Krishtianu Ronaldu bilan bo‘lgan raqobati haqida ham fikr bildirdi.

“Bizning o‘rtamizda ajoyib sport raqobati bo‘lgan. Bu futbol olamidagi tabiiy holat. Biz ham jamoaviy, ham individual tarzda raqobatlashdik va odamlar doim bizni solishtirishardi. Ammo munosabatlarimiz har doim yaxshi va hurmatga asoslangan edi. Sodir bo‘lgan barcha voqealar faqat sport bilan bog‘liq, shaxsiy adovat hech qachon bo‘lmagan. Biz ko‘p uchrashmasdik — asosan o‘yinlar yoki taqdirlash marosimlarida ko‘rishardik. Shunga qaramay, har doim yaxshi munosabatlarni saqlab qolganmiz”,  deydi Messi.

Ma’lumot uchun, Portugaliya terma jamoasi mundialda O‘zbekiston, Kolumbiya va Kongo terma jamoalari bilan birga “K” guruhidan o‘rin egallagan. Argentina esa Jazoir, Avstriya va Iordaniya terma jamoalari bilan birga “J” guruhidan joy olgan. Agar har ikkala terma jamoa ham o‘z guruhida 1-o‘rinni egallasa chorak finalda o‘zaro to‘qnash keladi.


Maqola muallifi

Teglar

Lionel' Messi Krishtianu Ronaldu Portugaliya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing