Mirziyoyev Aliyev oldida – Midweek

Tahlil

Yekaterinburgda tazyiqqa uchrayotgan ozarbayjonliklarning alami Bakudagi ruslardan olindi. Ammo Ozarbayjon bu bilan xumoridan tushgani yo‘q. Rasmiy Baku ushbu voqealar fonida Rossiyadan o‘tgan yilgi samolyot halokati uchun tovon to‘lashni yana talab qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 iyul kuni Ozarbayjonga bordi. Ilhom Aliyev uni tantanali kutib oldi. Milliard dollar miqdordagi kelishuvlar imzonlandi.

Tramp ma’muriyati Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatdi. AQSH qonunchilari undan mazkur qarorning sababini so‘ramoqda.

USAID degan tashkilot endi deyarli yo‘q. AQSH ushbu agentlikning barcha loyihalarini yopdi. Ammo kelgusi bir necha yil ichida bu qaror millionlab insonlarning hayotiga zomin bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

G‘azoda yana sug‘ur kuni. Tramp oldinroq Isroil 60 kunlik sulhga rozi bo‘lganini e’lon qilganiga qaramay, yahudiy davlati o‘sha sulhgacha sektordagi qirg‘inni maksimal darajada amalga oshirmoqda.

Shunday qilib, joriy hafta o‘rtasiga qadar dunyoda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ'ning Midweek dasturi.

Ozarbayjon Rossiyadan tovon talab qildi

Ozarbayjon Rossiya bilan kuch tilida qat’iyat bilan gaplashishda davom etmoqda. Ikki davlat bir-birining elchilarini Tashqi ishlar vazirligiga chaqirib norozilik notasi berdi. Bu ketishda elchilar vazirliklarga bozchining mokkisiday qatnaydi. Ziddiyatning eng jiddiy ko‘rinishi esa diaspora va muhojirlarni qamash hamda ularga ayblov e’lon qilishda namoyon bo‘lmoqda. Rossiya Tergov qo‘mitasi Yekaterinburgda 27 iyun kuni o‘tkazilgan reyd doirasida hibsga olingan shaxslar – qator shaxslarga rasmiy ayblov qo‘yilganini e’lon qildi. Tergovchilar ularni Yekaterinburgda 2001 yilda Yunus Pashayevni o‘ldirish, 2010 yilda Fehruz Shirinovga suiqasd qilish va 2011 yilda Ikram Gadjiyevni o‘ldirish kabi og‘ir jinoyatlarda ayblamoqda. Ushbu jinoyatlar sababi biznesdagi ta’sir doiralarini bo‘lishish va shaxsiy adovat bilan izohlangan. Ularning besh nafariga oldindan til biriktirib, buyurtma asosida odam o‘ldirish va suiqasd moddalari bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Barcha gumonlanuvchilar Rossiya fuqarolari bo‘lib, ulardan biri jinoyat joyida ko‘rsatma berib, sheriklarini fosh qilgan. Ammo mazkur iddaolar fonida ma’lumot o‘rnida muhim bir jihatni ham takidlab o‘tish joiz. Gap shundaki, 1 iyul’ kuni Ozarbayjon diasporasi rahbari Shahin Shixlinskiy qo‘lga olinganda, uning o‘g‘li Mutvala otasi Rossiya huquq-tartibot organlari tomonidan o‘ldirilgan aka-uka Safarovlarga qarshi ko‘rsatma berish uchun ushlanganini ma’lum qilgandi. Shuning uchun asli ozarbayjonlik bo‘lgan ayblanuvchilarni fosh qilish jarayonidagi ko‘rsatmalarning to‘g‘riligiga ham shubha qilish mumkin.

Bu tomonda esa Ozarbayjon politsiyasi tomonidan ruslar narkotik savdosida qo‘lga olinib, so‘ng mashinaga ortish jarayoni Rossiyaning OMON kuch ishlatar tuzilmasi tomonidan Markaziy Osiyolik migrantlarga nisbatan qilinadigan tahqirli harakatlar kabi amalga oshirilgani haftaning eng shov-shuvli voqealaridan biri bo‘ldi. Boz ustiga, Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Bakuda qo‘lga olingan “Sputnik Ozarbayjon” xodimlarini qo‘yib yuborish talabiga aksincha javob berildi. Ular yana 4 oy hibsda saqlanishi mumkin. Shuningdek, hozircha eng so‘nggi muhim xabarlardan yana biri Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi Rossiya elchisi Mixail Yevdokimovni chaqirib, Rossiya tomonining ikki davlat munosabatlariga putur yetkazayotgan nodo‘stona xatti-harakatlari yuzasidan rossiyalik diplomatga norozilik bildirganidir. Bu Rossiya elchixonasi vakillarining 3 kun ichida ikkinchi bor chaqirtirilishi bo‘ldi. Oldin Rossiya elchisining muvaqqat ishlar bo‘yicha vakili, bu safar esa elchining shaxsan o‘zi chaqirtirilib, Rossiya tomoniga norozilik notasi bildirildi. Norozilikning asosiy omillaridan biri Safarovlar o‘limi sabablari Rossiya tomonidan notog‘ri ko‘rsatilgani bo‘lgan. Rossiyaning sodir bo‘lgan voqea yuzasidan berilgan tushuntirishi ekspert xulosasi va marhumlarning jasadlarida zo‘ravonlik izlari borligiga zid kelishi aytilgan. Buni o‘tgan dasturlarimizda ham ma’lum qilgandik.

Shuningdek, Yekaterinburgdagi reydlar munosabati bilan Rossiya ommaviy axborot vositalarida etnik murosasizlik ko‘rinishlari kuzatilayotgani, ozarbayjonliklarga nisbatan “etnik jinoiy guruh” kabi iboralarning qo‘llanishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi ta’kidlangan. Ozarbayjon TIV Rossiya tomonining “Sputnik Ozarbayjon” vakolatxonasidagi tekshiruvlarga oid xabarlari asossizligi va hozirda tergov harakatlari olib borilayotganini qo‘shimcha qilgan. Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi o‘tgan yilning oxirida Rossiya havo hududida urib tushirilgan “Ozarbayjon havo yo‘llari” aviakompaniyasiga tegishli samolyot bilan sodir bo‘lgan voqeadan so‘ng Rossiya rasmiylari va ommaviy axborot vositalari orqali Ozarbayjonga qarshi amalga oshirilgan dezinformatsion kompaniyani tanqid qildi. Buni hal qilish uchun zarur qadamlar qo‘yilmagani va haqiqiy vaziyatni buzib ko‘rsatishga urinishlar ham qabul qilinishi mumkin emasligini ham ta’kidladi. Zarur qadamlar deyilganda esa ushbu jinoyat yuzasidan to‘liq va oshkora tergov olib borish va jabrlanganlarga tovon puli to‘lash nazarda tutilgan. 

Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonga bordi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 2 iyul kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Baku shahriga yetib bordi. Poytaxtdagi Haydar Aliyev nomidagi aeroportda davlat rahbarini Ozarbayjon Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Yaqub Ayubov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi. Bakudagi “Zagulba” qarorgohida Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Oliy martabali mehmonni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev samimiy qarshi oldi. Birgalikda suratga tushishganidan so‘ng O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlari tor doiradagi uchrashuv, so‘ng Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishini o‘tkazdi. Qayd etilishicha, O‘zbekiston-Ozarbayjon do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarida kooperatsiya va almashinuvlarni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan. Bildirilishicha, iqtisodiy kooperatsiya yilida tovar ayirboshlash hajmi 25 foizga oshgan. Loyihalar portfeli 4 milliard dollarga yetgan. Ayni paytda 300 ga yaqin qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon va O‘zbekiston munosabatlari tarixda hech qachon bugungidek yuksak darajada bo‘lmaganini e’tirof etgan.

Davlat rahbarlari huzurida qator ikki tomonlama hujjatlar almashildi. Bular Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani 2025-2029 yillarda amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”, fan, kasb-hunar va oliy ta’lim sohalarida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim, 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan sanoat kooperatsiyasi dasturi, 2030 yilga qadar tovar ayirboshlashni 1 milliard dollarga yetkazish dasturi hamda Toshkent viloyati va Sumgait shahri, Navoiy va Gabala shaharlari o‘rtasida birodarlik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi kelishuvlardir. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga davlat tashrifi doirasida O‘zbekistonning Baku shahridagi elchixonasi yangi binosining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ikki yetakchi ramziy tasmani kesib, diplomatik vakolatxonaning yangi binosini tantanali ravishda ochib berdi. Qizig‘i shundaki, elchixona zallari O‘zbekiston hududlari nomi bilan atalgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev esa ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlik ramzi sifatida zallardan biriga Qorabog‘ nomini berishni taklif qilgan. O‘zbekiston Prezidentining Ozarbayjonga tashrifi esa 3 iyul kuni Qorabog‘da davom ettirishi, Xonkendidagi qo‘shma tikuvchilik fabrikasi va Ag‘dam shahridagi “Imorat” nomli tarixiy-me’moriy majmuasi bilan tanishishi bilan davom etdi. Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti 4 iyul kuni Xonkendi shahrida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 17-sammitida ishtirok etadi va qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi. Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bugun, 3 iyul kuni Ozarbayjonga ikki kunlik rasmiy davlat tashrifi bilan boradi. Japarov tashrifining asosiy sababi esa Ozarbayjonning Xonkendi shahrida bo‘lib o‘tadigan Iqtisodiy Hamkorlik Tashkilotining 17-sammitididir. Bir kun oldin esa Japarov Moskvada Rossiya Prezidenti Vladimir Putin huzurida bo‘lib, Qirg‘izistonda rus tiliga alohida maqom berilgani uchun rahmat eshitib qaytgandi.

AQSH Ukrainaga yordamni to‘xtatdi

Yaqinda bo‘lib o‘tgan NATO sammitidan so‘ng, alyans Bosh kotibi Mark Ryutte NATO shu Qo‘shma Shtatlar ham Ukrainani Rossiya bosqiniga qarshi kurashda to‘liq qo‘llab-quvvatlash va uni saqlab qolishga “mutlaqo sodiq” ekanini aytgandi. U NATOda hech kim Rossiyaga nisbatan soddadil emasligini va alyansning barcha a’zolari Moskvaga nisbatan “bir xil baho berishini” bildirgan. Ammo oradan ko‘p o‘tmay, AQSH shu ishning butunlay teskarisini amalga oshirdi. Pentagon mamlakat Qurolli kuchlari zaxiralari bilan bog‘liq xavotirlar tufayli Ukrainaga raketa va o‘q-dorilar partiyasini yuborishni to‘xtatgani haqida xabarlar chiqdi. NBC News telekanali ma’lumotiga ko‘ra, Pentagon rahbari Pit Hegset bir necha hafta avval AQSH Qurolli kuchlari o‘q-dorilari zaxirasini tekshirish bo‘yicha memorandum e’lon qilganidan so‘ng, Ukrainaga mo‘ljallangan qurol partiyasini yuborishni to‘xtatish bo‘yicha buyruq bergan. Xabarda aytilishicha, Ukraina va Yaqin Sharqdagi mojarolar fonida AQSH armiyasining o‘q-dorilar zaxirasi sezilarli darajada kamaygan. Mudofaa vazirligining ikki rasmiysi va Kongressdagi ikki vakilga ko‘ra, baholash yakuniga yetgunicha o‘q-dorilar va boshqa qurollar yetkazib berilishi vaqtincha to‘xtatiladi. Agar zaxiralarda jiddiy tanqislik aniqlansa, yetkazib berish muddati keyinga surilishi mumkin. Pentagondagi manbalar NBC News'ga Ukrainaga yuborilishi to‘xtatilgan qurollar ro‘yxatini taqdim etgan. Ular orasida havo hujumidan mudofaa tizimlari va front uchun mo‘ljallangan vositalar bor. Jumladan:

  • Patriot tizimlari uchun raketalar;
  • 155 mm o‘q-dorilar (portlovchi-fugasli snaryadlar);
  • 100 ta Hellfire raketasi;
  • 250 ta yuqori aniqlikdagi GMLRS raketalari;
  • o‘nlab yer-havo klassidagi Stinger raketalari, havo-havo tipidagi raketalar va granatomyotlar Ukrainaga yuborilishi cheklangan qurollardir.

AQSH Kongressida Prezident Donald Trampdan Ukrainaga harbiy yordamning to‘xtatilishi bo‘yicha zudlik bilan tushuntirish berish talab qilindi. Bu masalada Respublikachi kongressmen Brayan Fitspatrik AQSH Prezidenti nomiga rasmiy xat yubordi va buni o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.

“Men Oq uy va Mudofaa departamentidan shoshilinch brifing o‘tkazishni rasman so‘radim. Bu orqali mavjud xabarlar aniqlashtiriladi, AQSHning hozirgi qurol va o‘q-dorilar zaxirasi tahlil qilinadi hamda mamlakatimiz Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini saqlab qolayotgani tasdiqlanadi”, deb yozdi u.

Fitspatrik Ukrainaga qurol yetkazib berishning vaqtincha to‘xtatilishidan jiddiy xavotirda ekanligini bildirgan. Unga ko‘ra, bu qaror urush boshlanganidan beri Rossiyaning eng yirik havo hujumlari fonida qabul qilingan. Kongressmen ukrainaliklar o‘z yurtini mardonavor himoya qilayotganini ham alohida takidlab o‘tgan.

USAID endi yo‘q

Esingizda bo‘lsa, AQSH Davlat departamenti joriy yil mart oyining oxirida USAID 2025 yil 1 iyuldan boshlab tugatilishi haqida Kongressga rasmiy bildirishnoma yuborgan edi. Mana, joriy hafta 1 iyul kuni Tramp ma’muriyati AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) rasmiy ravishda yopilganini e’lon qildi. Davlat kotibi Marko Rubioga ko‘ra, bu qaror agentlik faoliyatining samarasizligi va amaldagi Prezident Donald Tramp ma’muriyatining ustuvor yo‘nalishlari faqat milliy manfaatlarga yo‘naltirilgani bilan izohlagan. Rubioning bayonotiga ko‘ra, Tramp ma’muriyati USAID’ning minglab dasturlariga ajratilgan mablag‘larni tahlil qilgan va agentlik mavjud bo‘lgan o‘n yilliklar davomida inflyatsiyani hisobga olgan holda 715 milliard dollardan ortiq mablag‘ sarflagani aniqlangan. Rubioga ko‘ra, shuncha mablag‘ go‘yoki havoga uchgan, chunki qo‘yilgan maqsadlarga erishilmagan. Shuningdek, Rubio USAID orqali eng ko‘p yordam olgan mamlakatlarni AQSH bilan o‘zaro hamkorlikdan bosh tortganlikda ayblagan. Unga ko‘ra, 1991 yildan beri 165 milliard dollar olgan Sahroi Kabirdan janubda joylashgan Afrika davlatlari BMTda AQSH uchun muhim bo‘lgan rezolyutsiyalar bo‘yicha atigi 29 foiz holatda Qo‘shma Shtatlarni qo‘llab-quvvatlagan.

Rubioning so‘zlariga ko‘ra, USAID’ning ayrim funksiyalari endi AQSH Davlat departamentiga o‘tkaziladi. Departament bu vazifalarni “ko‘proq javobgarlik, strategiya va samaradorlik bilan” bajara boshlaydi. Yangi model “yordam o‘rniga savdo” tamoyiliga asoslanadi. Chunki Rubio rivojlanayotgan mamlakatlar o‘n yillab davom etadigan homiylikni emas, balki o‘zining o‘sishiga turtki bo‘ladigan sarmoyalarni afzal ko‘radi, deb hisoblamoqda. Unga ko‘ra, kelgusidagi yordam maqsadli va muddatli bo‘ladi. AQSH endi resurslarni o‘ziga yordam berishga qobiliyati va istagi bor mamlakatlarga, hamda ko‘p yo‘nalishda foyda keltiruvchi sohalarga yo‘naltirmoqchiligini ma’lum qildi. Shunday qilib, joriy yil Ilon Mask hali Oq uydan quvilmaganda u tomonidan “USAID jinoiy tashkilot” deb yozilgan Xdagi postdan keyin boshlangan ish yakunlandi. Davlat samaradorligi departamenti (DOGE) USAID xodimlariga yuborgan xabarda qonun bilan mustahkamlanmagan barcha lavozimlar tugatilishi, agentlik xodimlariga esa iyul-sentyabr oylarida iste’foga chiqish taklifi yuborilgan. Aslida esa Tramp Prezidentlik lavozimiga kirishgan kunning o‘zidayoq mazkur agentlikni nishonga olgandi. U joriy yil 20 yanvarda USAID orqali xorijiy mamlakatlarga ko‘rsatilayotgan yordamni 90 kun muddatga muzlatib qo‘ygandi. Ammo o‘shanda tashkilotni tugatish haqida hech qanday gap-so‘z bo‘lmagan. Bu vaqt mobaynida shunchaki agentlik dasturlarining “Amerika qadriyatlari” va AQSH tashqi siyosatiga muvofiqligi tekshirilgan. Endi esa ular USAID’ni tugatishdi. Uzoq yillar davomida xalqaro miqyosda dunyodagi eng yirik yordam tashkilotlaridan biri bo‘lgan USAID’ning tugatilishi yer yuzida juda yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Jumladan, bu qaror 2030 yilgacha dunyo bo‘ylab 14 million kishining hayotiga zomin bo‘lishi mumkin.

Isroil G‘azoda 60 kunlik otashkesimga rozi bo‘ldi – Tramp

AQSH Prezidenti Donald Tramp Qo‘shma Shtatlar vakillari Isroil bilan G‘azo sektorida 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha shartlarni kelishib olganini ma’lum qildi.

“Isroil 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatishi uchun zarur bo‘lgan shartlarga rozi bo‘ldi. Shu vaqt ichida biz barcha tomonlar bilan urushni tugatish yo‘lida ishlaymiz. Qatarliklar va misrliklar – tinchlik o‘rnatish yo‘lida juda ko‘p harakat qilgan davlatlar bu yakuniy taklifni taqdim etadi”, deb yozdi Tramp.

U, shuningdek, “Yaqin Sharq manfaati yo‘lida” HAMAS ushbu bitimni qabul qilishiga umid bildirgan.

“Negaki, bundan yaxshirog‘i bo‘lmaydi, faqat yomonlashadi”, deydi u.

Isroilning so‘ngi hujumlarida 39 g‘azolik halok bo‘ldi

Kecha, 2 iyul kuni ertalab Isroil armiyasining G‘azo sektorining turli hududlariga uyushtirgan havo hujumlari oqibatida 39 falastinlik halok bo‘ldi.

Asosiy hujumlar tinch aholi va ko‘chirilgan fuqarolar to‘plangan joylarga qaratilgan. Tibbiy manbalar va guvohlarning xabariga ko‘ra, G‘azoning janubidagi Xon-Yunus shahrida joylashgan Al-Mevasi tumanida Isroil qo‘shinlari bir uyni nishonga olib, ikki kishining o‘limiga sabab bo‘lgan.

Xon-Yunusda ko‘chirilgan falastinliklarga tegishli uchta chodir bombardimon qilinishi oqibatida 12 kishi halok bo‘lgan.

Bundan tashqari, shaharning markaziy qismidagi yana bir hujumda uch kishi halok bo‘lgan, yana ikki kishining jasadi shaharning boshqa hududlarida vayronalar ostidan topilgan.

G‘azo sektorining markaziy qismida joylashgan Salohoddin prospektida Isroil qo‘shinlari yordam punktlariga yo‘l olgan falastinliklarga qarata o‘t ochgan. Bu hujumda 10 kishi halok bo‘lgan, 50 dan ortiq kishi jarohat olgan.
Deyr al-Balah shahrida uyushtirilgan hujumda 5 falastinlik halok bo‘lgan.

Rafah shahrida esa gumanitar yordam olish uchun yig‘ilgan odamlar ustiga bomba tashlangan. Bu hujumda ham 5 kishi halok bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Shavkat Mirziyoev Donal'd Tramp Ozarbayjon Ilhom Aliev Ukraina Isroil USAID G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing