Mirziyoyev AQSH vizasini oson olish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishdi buyurdi
Olam
−
15 yanvar 3851 3 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasining AQSHdagi Favqulodda va muxtor elchisi Furqat Siddiqovga AQSHdagi mavsumiy ishchilar jalb qilinadigan davlatlar ro‘yxatiga O‘zbekistonni kiritish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish topshirildi. Topshiriq bugun, 15 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati yuzasidan videoselektor yig‘ilishida berilgan.
Yig‘ilishda aytilishicha, o‘tgan yili AQSH hukumati qishloq xo‘jaligi ishchilari uchun maxsus viza olishni soddalashtirdi.
“Ushbu mamlakatdagi elchiga AQSHdagi mavsumiy ishchilar jalb qilinadigan davlatlar ro‘yxatiga O‘zbekistonni kiritish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish topshirildi”, deb xabar berdi Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov.
Yig‘ilishda shuningdek, bundan keyin har bir viloyat hokimi ishchi kuchi qabul qiluvchi rivojlangan davlatlar hududlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlash amaliyotini yo‘lga qo‘yishi kerakligi qayd etilgan.
Umuman, har bir elchi xorijda yuqori daromadli ish o‘rinlarini topish, aholini shunga mos kasb va tilga o‘qitishga ham mas’ul bo‘lishi belgilandi.
Bu borada Yaponiya, Shvetsiya, Norvegiya, Bolgariya, Avstriya, Xorvatiya, Sloveniya, Serbiya, Gretsiya va O‘mon bilan migratsiyaga oid hukumatlararo va idoralararo bitimlarni imzolash muhimligi aytilgan.
H-2A vizasi
Ma’lumot uchun, AQSH hukumati 2026 yil boshida qishloq xo‘jaligi ishchilari uchun mo‘ljallangan H-2A vizasi tizimini soddalashtirish va fermerlar uchun xarajatlarni kamaytirishga qaratilgan bir qator o‘zgarishlarni e’lon qildi.
AQSH Qishloq xo‘jaligi vazirligi (USDA), Mehnat vazirligi (DOL) va Milliy xavfsizlik vazirligi (DHS) arizalarni bir vaqtning o‘zida (simultan tarzda) topshirish imkoniyatini yaratish ustida ishlamoqda. Bu arizalarni ko‘rib chiqish vaqtini qisqartirib, tizimni yanada samaraliroq qilishi kutilmoqda.
Mehnat vazirligi 2026 yil uchun H-2A ishchilarining minimal ish haqi stavkalarini (AEWR) qayta ko‘rib chiqdi. Yangi hisob-kitoblarga ko‘ra, 2026 yilda fermerlar ishchilariga soatiga 15-20 dollar o‘rniga 8-17 dollar atrofida haq to‘lashi mumkin bo‘ladi.
2025 yil oxiri va 2026 yil boshidan boshlab USCIS arizalarni (I-129H2A formasi) onlayn tarzda qabul qilishni kengaytirdi, bu esa qog‘ozbozlikni kamaytiradi.
Hozirda Kongressda H-2A vizasini nafaqat mavsumiy, balki yil davomida ishlaydigan sohalar (masalan, chorvachilik) uchun ham qo‘llash bo‘yicha takliflar muhokama qilinmoqda.H-2A dasturida ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarning ro‘yxati AQSH Milliy xavfsizlik vazirligi (DHS) tomonidan har yili yangilanadi. 2025 yilgi oxirgi ro‘yxatga asosan, dasturda ishtirok etishga ruxsat berilgan ayrim davlatlar quyidagilar:
• Meksika
• Filippin
• Tailand
• Ekvador
• Gonduras
• Gvatemala
• Yamayka
• Va boshqa ko‘plab davlatlar.
O‘zbekiston 2026 yil 15 yanvar holatiga ko‘ra, H-2A viza dasturi orqali AQSHga qishloq xo‘jaligi ishlariga borish huquqiga ega bo‘lgan davlatlar rasmiy ro‘yxatiga kiritilmagan.
Live
Barchasi