Mirziyoyev futbol bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasiga tabrik yo‘lladi

Sport

image

Kecha, 29 aprel kuni Qatar yashil maydonlarida o‘tkazilayotgan futbol bo‘yicha U-23 Osiyo kubogining yarim final o‘yinlarida Indoneziya bilan kuch sinashgan O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi 2:0 hisobida zafar quchib, Parij-2024 Olimpiadasi yo‘llanmasiga ega chiqqandi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu munosabat bilan futbolchilarga tabrik yo‘lladi.

“Shu kunlarda Qatar davlatida futbol bo‘yicha yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tayotgan Osiyo kubogida muvaffaqiyatli ishtirok etib, biryo‘la final yo‘llanmasi hamda shu yil yozda Parijda o‘tkaziladigan Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritganingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman”, deya boshlanadi Prezident tabrigi.

Mirziyoyev O‘zbekistonning futbol tarixida birinchi marta erishilgan bunday yorqin g‘alabani, hech shubhasiz, mamlakatdagi barcha sport muxlislari, ko‘pmillatli butun xalq cheksiz quvonch va g‘urur bilan kutib olganini urg‘uladi. 

“Zero, bu el-yurtimizning necha yillik buyuk orzusi edi. Bu orzuni amalga oshirish aynan sizlarga – Yangi O‘zbekistonning navqiron farzandlariga nasib etgani bilan har qancha faxrlansangiz, arziydi”, deydi Prezident.

Shuningdek, u yoshlarning tajribali murabbiy va mutaxassislar rahbarligida mazkur musobaqaga puxta tayyorgarlik ko‘rib, har bir o‘yinda chinakam mahorat, jasorat va matonat namunasini ko‘rsatgani albatta yuksak tahsinga munosib ekanini ta’kidladi.

“Osiyo qit’asidagi eng kuchli jamoalar bilan qizg‘in kurashlar ostida bo‘lib o‘tgan 5 ta o‘yinda ham jamoamiz darvozasini daxlsiz saqlab, raqiblar darvozasiga 14 ta javobsiz to‘p kiritganingiz ham futbolimiz tarixida misli ko‘rilmagan natijadir.

Ishonchim komilki, sizlar bu yutuqdan yanada ruhlanib, final bellashuvida “Osiyo chempioni” degan sharafli nom uchun munosib kurash olib borasiz.

Fursatdan foydalanib, barchangizga, sizlarning mehribon ota-onalaringiz, ustoz-murabbiylaringizga ham chin qalbimdan minnatdorchilik bildiraman.

Butun O‘zbekiston xalqi sizlarga hamisha baxt va omadlar, porloq g‘alabalar tilaydi, aziz bolalarim!” deya yakunlanadi Prezident tabrigi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev futbol

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made