Mirziyoyev poyezdda qashqadaryolik faollar bilan uchrashdi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 19 iyun kuni Qarshi shahridan Shahrisabzga ketayotib, poyezdda qashqadaryolik faollar bilan samimiy muloqotda bo‘ldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, suhbatda shaharu qishloqlardagi o‘zgarishlar, aholi hayoti, bugungi tinchlik qadri haqida so‘z borgan. 

“Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu g‘oya davlatimizning faoliyat dasturiga aylangan. Shu asosida aholining turmush sharoitlarini yaxshilash, daromadi va farovonligini oshirish, mahallalarni obod qilish ijtimoiy hayotimizda yetakchi o‘ringa chiqmoqda.

Hududlar imkoniyatini to‘liq ishga solish, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan dasturlar natijasida yurtimizning o‘zida munosib mehnat sharoitlari yaratilmoqda. Yoshlar va xotin-qizlar daromadli kasblarga o‘qitilyapti”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgarishlar samarasida sanoat jadal rivojlanmoqda, ilg‘or texnologiyali korxonalarda qo‘shilgan qiymat yaratilmoqda. Qishloq xo‘jaligi, turizm, transport, energetika sohalarida ulkan loyihalar ishga tushirilmoqda.

Prezident iqtisodiyot rivoji, aholi kayfiyatida yo‘llarning ahamiyati yuqori ekanini ta’kidlab, bu borada mutasaddilarga topshiriqlar bergan. Oxirgi 2 yilda O‘zbekistonda 40 ming kilometr yo‘l va 540 ta ko‘prik ta’mirlangan. Bu yil Qashqadaryoda jami 100 kilometr magistral yo‘llar ta’mirlanishi rejalashtirilgan. Bu loyihalarni tezlashtirish, yo‘l bo‘ylarini obodonlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.

“Nuroniylar bu o‘zgarishlarni xalqimiz o‘z hayotida sezayotgani,  islohotlarga yuqori baho berayotganini aytishdi. Xotin-qizlar vakili barcha sohalarda ayollarga keng imkoniyatlar berilgani, natijada ular o‘z oilasi va mehnat jamoalarida qadr topib, hayotidan rozi bo‘lib yashayotganini so‘zlab berdi”, deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Qashqadaryo Shahrisabz Qarshi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing