Moskvadagi maktabda o‘smir pichoqbozlik uyushtirdi. Qurbon bor (video)
Olam
−
16:56 2711 3 daqiqa
Bugun, 16 dekabr kuni Rossiyaning Moskva viloyatidagi maktablardan birida 9-sinf o‘quvchisi boshqa o‘quvchilarga pichoq bilan hujum qildi. Hodisa oqibatida tojik millatiga mansub o‘quvchi halok bo‘lgani aytilmoqda. Bu haqda REN TV xabar berdi.
Telekanalga ko‘ra, voqea Odinsovo shahri yaqinidagi Gorki-2 posyolkasida joylashgan Uspenskaya maktabida sodir bo‘lgan. Hodisa joyida favqulodda xizmatlar ishlamoqda, maktabga bir nechta tez yordam mashinalari yetib borgan.
Guvohlarning RIA Novostiga aytishicha, maktabdagi barcha o‘quvchilar evakuatsiya qilingan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘smir pichoq bilan qo‘riqchi va bir nafar o‘quvchiga zarba bergan. Bola olgan jarohati oqibatida vafot etgan.
SHOT Telegram-kanali hujum qilgan o‘smir o‘quvchilardan biri bilan sinfxonaga berkinib olganini yozdi. Garovga olingan bola jabrlanmagan. Umuman olganda, bir nafar bola halok bo‘lgani va uch kishi jarohat olgani aytilmoqda.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, maxsus kuchlar hujumchini shturm orqali qo‘lga olgan. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, u shu maktabning 9-sinf o‘quvchisi bo‘lgan. Internetda uni politsiya mashinasiga olib ketilayotgan paytdagi kadrlar tarqaldi – u ust kiyimsiz bo‘lgan.
Rossiya Tergov qo‘mitasi Moskva viloyatida maktabda yuz bergan hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.
“Bugun ertalab Odinsovo shahar okrugiga qarashli Gorki-2 posyolkasidagi ta’lim muassasalaridan birida voyaga yetmagan shaxs qo‘riqchi va bir nafar o‘quvchiga pichoq bilan zarba bergan. Olingan jarohat oqibatida bola vafot etgan”, deyiladi Tergov qo‘mitasi bayonotida.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda voqea joyidan guvohlar tomonidan tasvirga olingan videokadrlar ham e’lon qilindi.
“Baza”ga ko‘ra, pichoq bilan hujum uyushtirgan 15 yoshli Timofey K.ning telefonidagi galereyada selfilar va halok bo‘lgan maktab o‘quvchisining surati aniqlangan. Shuningdek, o‘smir ekstremistik iqtiboslar va o‘ng radikal tashkilotlar nomlari bilan bezatilgan o‘z kaskasini ham suratga olgan. Xususan, kaskada “Sygaown” so‘zi yozilgan bo‘lib, bu 2022 yilda AQSHda sodir etilgan ommaviy otishmaga ishora hisoblanadi.

Selfilardan birida u jilet kiygan va “kolovrat” belgisi bilan tasvirlangan. Bu esa Yangi Zelandiyaning Kraystcherch shahridagi masjidlarda ommaviy qotillik sodir etgan Brenton Tarrantga ishora sifatida talqin qilinmoqda.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lgan yagona qurbon – tojik millatiga mansub Qobiljon ismli 4-sinf o‘quvchisi. Hujumchining futbolkasida “No Lives Matter” (“Hech kimning hayoti muhim emas”) degan yozuv bo‘lgan. Shu nom bilan ataladigan, zo‘ravonlik, terrorizm va insoniyatni yo‘q qilish g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi ekstremistik tashkilot ham mavjud.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Vladimir viloyatida 54 yoshli o‘zbekistonlik migrant tanishi tomonidan shafqatsizlarcha o‘ldirilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi