Muzokaralar muvaffaqiyatsiz tugasa, zarbalar qayta boshlanadi – Tramp

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Pokistonda Eron bilan olib borilayotgan tinchlik muzokaralari muvaffaqiyatsizlikka uchragan taqdirda, Eronga zarba berishni qayta boshlash uchun Amerika harbiy kemalari “eng yaxshi o‘q-dorilar” bilan qayta qurollantirilayotganini ma’lum qildi. Bu haqda u kecha, 10 aprel kuni “New York Post” gazetasiga bergan intervyusida so‘z ochdi.

“Biz kemalarni shu paytgacha yaratilgan eng yaxshi qurollar bilan, hatto ilgari ishlatganimizdan ham yaxshiroq qurollar bilan to‘ldiryapmiz. Agar kelishuvga erishmasak, biz ularni qo‘llaymiz va juda samarali foydalanamiz”, deydi u.

Muzokaralarning ehtimoliy natijasi haqidagi savolga javob berar ekan, Tramp: “Biz bu haqda taxminan 24 soat ichida bilib olamiz”, deb qo‘shimcha qilgan. 

“Siz shunday odamlar bilan ish qilyapsizki, ularning haqiqatni gapirayotganini bilmaysiz. Ko‘zingizga qarab barcha yadroviy qurollardan voz kechishlarini aytishadi. Keyin esa matbuotga chiqib, uranni boyitishni xohlashlarini bildirishadi”, deydi u. 

Ma’lumot uchun, vitse-prezident Jey Di Vens allaqachon Islomobodga yetib borgan. Unga maxsus vakil Stiv Uitkoff va prezidentning kuyovi Jared Kushner hamrohlik qilmoqda. Oq uyning bosh iqtisodchisi Kevin Xasett “Fox Business” telekanaliga bergan intervyusida Amerika tomoni muzokaralar muvaffaqiyatiga “juda-juda umid qilayotganini” aytgan. 

“Biz eronliklar bilan muzokara o‘tkazish uchun Pokistonga yuqori darajadagi jamoani yubordik. Zarurat tug‘ilganda bizda zaxira rejalari ham bor”, deydi u.

Islomoboddagi muzokaralar

Eron delegatsiyasi ham Pokiston poytaxtiga yetib borgan. Unga Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi va parlament spikeri Muhammad Bog‘ir G‘olibaf rahbarlik qilmoqda. Muzokaralar markazida AQSHning taxminan 450 kilogramm yuqori darajada boyitilgan uranni topshirish va Hormuz bo‘g‘ozini xalqaro kema qatnovi uchun to‘liq ochish talabi turishi kutilmoqda. Boshqa asosiy masalalar qatoriga Eronning mintaqaviy ittifoqchilarini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishi, Eron ballistik raketa dasturining maqomi va Tehronning Amerika sanksiyalarini bekor qilish talabi kiradi. Eronni bombardimon qilish to‘xtatilgandan beri bo‘g‘oz orqali faqat oz sonli kemalar o‘tgan.

Pokiston diplomatik manbalariga ko‘ra, muzokaralar bugun, 11 aprel kuni mahalliy vaqt bilan kunning ikkinchi yarmida boshlanishi kerak. Avvaliga delegatsiyalar Pokiston vosichilari – Bosh vazir Shahboz Sharif va oliy harbiy qo‘mondon, feldmarshal Osim Munir bilan alohida uchrashadi. Shundan so‘ng AQSH va Eron vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar bo‘lib o‘tishi kerak.

AQSH armiyasining iste’fodagi generali Jek Kin kecha, 10 aprel kuni Amerika qurolli kuchlari Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazorat o‘rnatishga tayyorligini ma’lum qildi. 

“Men bilamanki, bizning kuchlarimiz ushbu bo‘g‘ozni ochishi va u orqali o‘tayotgan kemalar xavfsizligini ta’minlashi mumkin”, deydi u “Fox News” telekanaliga. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiylar bo‘g‘ozning butun hududi ustida “mutlaq havo to‘sig‘ini” o‘rnatishga qodir. Tramp Hormuz bo‘g‘ozining ochilishi har qanday kelishuv uchun asosiy shart ekanini bir necha bor ta’kidlagan. Tehron esa o‘z navbatida Eronning bo‘g‘oz ustidan nazorat qilish huquqi tan olinishiga intilmoqda. Shuningdek, u mintaqadagi barcha harbiy operatsiyalarni to‘xtatishni va Eronga yetkazilgan zarar uchun reparatsiya (tovon puli) to‘lashni talab qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron haligacha Hormuz bo‘g‘ozini to‘liq ocha olmayotgani, chunki u yerga o‘rnatilgan barcha dengiz minalarini aniqlolmayotgani va ularni tezkor zararsizlantirish imkoniyatiga ega emasligi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Donal'd Tramp Pokiston Muzokara

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing