Namanganda qalbaki dorilar ishlab chiqargan sex aniqlandi (video)
3-sahifa
−
31 Oktabr 3049 2 daqiqa
Namangan viloyatida qalbaki dori vositalari ishlab chiqaruvchi sex aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, noqonuniy dori vositalari aylanmasiga qarshi kurashish yo‘nalishida Namangan shahrida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Xususan, biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi MCHJ rahbari tomonidan belgilangan tartib-qoidalarga zid ravishda dori vositalarini tayyorlash maqsadida tashkil etilgan sex ko‘zdan kechirilgan.
Tekshiruv chog‘ida sexda mavjud bo‘lgan 1,2 mlrd so‘mdan ortiq qiymatdagi 9 turdagi 138 ming 31 quti dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar, 1,8 mlrd so‘mlik prekursorlar, 3,4 mlrd so‘mlik flakon, qopqoq, quti va etiketkalar, 18 mlrd so‘mlik 14 nomdagi ishlab chiqarish uskunalari, 5,6 mlrd so‘mlik 23 dona katta va kichik hajmdagi maxsus idishlar – ya’ni, umumiy qiymati o‘rtacha 30 mlrd so‘mni tashkil etuvchi tovar-moddiy boyliklar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Ma’lum bo‘lishicha, MCHJ faqatgina biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarish uchun sertifikat olgan bo‘lishiga qaramasdan, sanitariya talablariga javob bermaydigan joyda, nomlarini o‘zgartirgan holda 9 turdagi kontrafakt dori vositalarini ham tayyorlab kelgan.
Jumladan, “Pikovit” dorisi – Pivovit, “Kanefron” – Kanaseron, “Espumizan” – Espumetik, “Nistatin” – Nestitam ko‘rinishida ishlab chiqarilgan.
Tekshiruv davomida aniqlanishicha, qo‘lbola usulda tayyorlangan dori vositalari Farg‘ona vodiysi, Toshkent shahri va boshqa viloyatlarga yetkazib berilgan.
Hozirda qalbaki dori vositalari bo‘yicha ekspertiza tayinlanib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni “zakladka” usulida tarqatish bilan shug‘ullanuvchi yirik uyushgan jinoiy guruh a’zolarining to‘rt nafari jinoyat ustida qo‘lga olingandi.