Navoiyda kuchli sel: 4 ta qishloq evakuatsiya qilindi, mashinalar oqib ketdi (video)

Jamiyat

image

Bugun, 21 may kuni Navoiy viloyatining 3 tumaniga kuchli sel keldi. 4 ta qishloq aholisi evakuatsiya qilindi, mashinalar oqib ketdi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, soat 13:45 dan 15:40 ga qadar Navoiy viloyatining Xatirchi, Karmana va Nurota tumanlarining tog‘li va tog‘ oldi hududlarida kuzatilgan kuchli yog‘ingarchilik natijasida sel-suv oqimlari yuzaga kelgan. Xususan, Xatirchi tumanida avtomobil yo‘lining bir qismi xarsangtoshlar bilan to‘silib qolishi oqibatida 4 ta – Nexia-1, Cobalt, Nexia-3 va Uaz-469 rusumli avtomobillar va bir nechta uy-joylar sel oqimlaridan zarar ko‘rgan. Aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida Angidon, Langar, Kattasoy va Maydon soylari yaqinida yashovchi fuqarolar vaqtinchalik xavfsiz hududga ko‘chirilgan.

Karmana tumanida sel suvlari 7 ta aholi xonadonining tomorqa maydoni va qo‘shimcha qurilmalariga kirgan. Nurota tumanining ayrim hududlarida ham sel oqimlari qayd etilgan. Sel suvlari sel yo‘llaridan zararsiz oqib o‘tgan. Vaziyat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida jami 37 ta maxsus texnika va 173 nafar shaxsiy tarkib jalb etilgan.

O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, aholi xonadonlari, ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari va kommunikatsiya tarmoqlariga jiddiy zarar yetmagan. Tan jarohati olgan fuqarolar to‘g‘risida ma’lumot kelib tushmagan. Hozirda Navoiy viloyati FVB hamda FVDT xizmatlari tomonidan tezkor choralar ko‘rilib, vaziyat oqibatlarni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.

Bildirilishicha, ayni paytda vaziyat to‘liq nazoratga olingan bo‘lib, hududlarda monitoring ishlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida kuchli sel kelishi oqibatida 25 yoshli yigit halok bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Navoiy sel evakuatsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing