Nazarbekov yoshlar bilan uchrashuvga Hermes’ning $1200 lik poyabzalida bordi (video)
Jamiyat
−
12 mart 114370 3 daqiqa
Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bugun, 12 mart kuni Andijonda bo‘lib o‘tgan “Vazir va yoshlar uchrashuvi”ga qimmatbaho poyabzalda bordi. Buni vazirlikning rasmiy sahifalarida e’lon qilingan videolarda ko‘rish mumkin.
Bugun, 12 mart kuni Ozodbek Nazarbekov Andijon viloyatida yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Madaniyat vazirligiga ko‘ra, tadbirda 300 nafarga yaqin yoshlar ishtirok etgan. E’tiborli tomoni shundaki, vazir Ozodbek Nazarbekov mazkur uchrashuvga Hermes brendiga tegishli, Yevropa va AQSHda 1200 dollardan qimmat turadigan oyoq kiyimda borgan. Bu Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2022 yilning 14 oktyabrida qabul qilingan “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorga zid.
Ushbu qarorning 6-bandida davlat xizmatchisining tashqi ko‘rinishi mehnat sharoitlari va xizmat turiga qarab, xizmat majburiyatlarini bajarishi vaqtida fuqarolarning davlat tashkilotiga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishiga ko‘maklashishi, umumiy qabul qilingan ish uslubiga muvofiq bo‘lishi va rasmiylik, xolislik, kamtarlik va intizomni namoyon etishi lozimligi qayd etib qo‘yilgan. Ya’ni, davlat xizmatchisining tashqi ko‘rinishi kamtarona bo‘lishi lozim.
Hermes brendining rasmiy saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Ozodbek Nazarbekov kiygan oyoq kiyim – “Bouncing sneakers” modeli AQSHda o‘rtacha 1275 dollardan sotiladi. Bu narx Yevropada 895 yevroni, xususan, Angliyada esa 970 funt sterlingni tashkil etadi. Osiyo davlatlari uchun taxminan 15 mln so‘mdan yetkazib beriladi. Amaldagi tartibga ko‘ra, O‘zbekistonga chet el orqali kirib keladigan tovarlarining narxi 1000 dollardan oshsa, unga 30 foizlik boj solinadi. Shu orqali, “Bouncing sneakers” O‘zbekistonda mijoz qo‘liga yetib borguniga qadar taxminan 1500 dollarga tushadi.

Ma’lumot uchun, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 6 iyulda qabul qilgan va 7 iyuldan boshlab kuchga kirgan “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida 2022 yil 1 yanvardan boshlab, davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari, o‘rinbosarlari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etilishi belgilangandi.
Biroq hali hamon “Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinmadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ozodbek Nazarbekov xususiy universitetni reklama qilgandi. Qayd etish joizki, bu vazir Nazarbekovning birinchi marta reklamaga tushishi emas. 2024 yili O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri – Xalq artisti Ozodbek Nazarbekov ishtirokida kiyimlar do‘koni reklamasi tarqalgandi. Holat Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan o‘rganilganidan so‘ng do‘kon jarimaga tortilgan, vazir esa aybsiz deb topilgan. Qo‘mita raisi maslahatchisi Otabek Usmonov o‘shanda vazir nega aybsiz ekaniga tushuntirish berib, Nazarbekov reklamani hech qayerda tarqatmagani uchun reklamaning aylanishida rasman ishtirok etmaganini, u reklama beruvchi ham, reklama tayyorlovchi ham, reklama tarqatuvchi ham emasligini bildirgandi.
Live
Barchasi