Netanyaxu Tramp bilan birga “yomon yigitlar”ga qarshi kurashayotganini aytdi

Olam

image

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan birgalikda “yomon yigitlar”ga qarshi kurashayotganini, ularning o‘zlari esa “yaxshi yigitlar” ekanini aytdi. Bu haqda u “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.

“Bu yerda yomon yigitlar bilan urushyapmiz. Biz esa yaxshi yigitlarmiz”, deydi Netanyaxu.

Shuningdek, Netanyaxu Amerika xalqini Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishi ularning hayotiga xavf solishi haqida ogohlantirgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH va Isroil Eronga qarshi “cheksiz urush” olib borayotgani yo‘q, operatsiya tez orada yakunlanishi mumkin.

“Sizga bu yerda cheksiz urush bo‘lishini aytishayotganini eshityapman. Ammo cheksiz urush bo‘lmaydi, chunki... Erondagi ushbu terrorchi rejim o‘zi tashkil etilgan paytdan buyon eng kuchsiz holatda turibdi”, deya ishonch bildirgan Bosh vazir.

Netanyaxu berilgan zarbalar Eronda rejim almashishi uchun sharoit yaratishiga amin. Ular “biz hatto orzu ham qilmagan tinchlik davrini boshlab beradi”, deydi u.

Bosh vazir Amerika prezidenti Donald Trampni “Amerikaning manfaati uchun to‘g‘ri deb hisoblagan ishni qilayotgan dunyodagi eng kuchli yetakchi” deb atagan.

Tramp bungacha AQSH dastlab operatsiyani “to‘rt haftadan besh haftagacha” davom ettirishni rejalashtirganini, ammo Vashingtonda buni “ancha uzoqroq” olib borish imkoniyati borligini aytgan edi. U Eron bilan bo‘layotgan mojarodan zerikib qolishi mumkinligini inkor etgan.

“Men hech qachon zerikmayman. Agar zerikkanimda, hozir bu yerda turmagan va boshimdan o‘tkazgan barcha sinovlarga chidab turmagan bo‘lardim, bunga sizni ishontirib aytaman”, deydi Amerika yetakchisi.

AQSH–Isroil–Eron urushi

Kecha, 28 fevral kuni Isroil kutilmagan vaqtda Eronga qarata havodan zarbalar yo‘lladi. Ushbu zarbalar Eronning muhim ob’ektlari – Prezident qarorgohi, davlat idoralari va yadro inshootlariga tekkani iddao qilinmoqda. Eronning “Mehr” axborot agentligi Tehrondagi Eron razvedka binosiga ham hujum qilinganini yozgan. Dastlabki manbalarga ko‘ra, Eronga o‘ttizdan ortiq raketalar yo‘llangan bo‘lishi mumkin.

Oradan biroz vaqt o‘tib Isroil Mudofaa kuchlari Eronga hujumni rasman tasdiqlagan. Shuningdek, Mudofaa vazirligi Isroil fuqarolaridan xavfsiz joyga yashirinishni so‘ragan. Mamlakatda shoshilinch ravishda favqulodda holat e’lon qilingan.

Shu orada AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bo‘yicha operatsiyalar haqida 8 daqiqalik bayonot bergan va unda Eronga qilingan hujumda AQSHning ishtirok etganini tasdiqlagan. Uning qayd etishicha, Eronga qilingan harbiy opreatsiyalar Amerika xalqini himoya qilish uchun amalga oshirilmoqda. U o‘z bayonotida eronliklarni amaldagi tuzumni ag‘darishga chaqirgan. Tramp Eron harbiy xizmatchilariga taslim bo‘lishni va buning evaziga “immunitet” olishni taklif qildi yoki “muqarrar o‘lim”ni tanlashlari mumkinligini aytgan.

Qolaversa, barcha voqealarni bir chetdan kuzatib turgan Eron sobiq valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy ham Eron xalqiga murojaat qilib, mamlakat uchun hal qiluvchi lahzalar kelganini ta’kidlagan. Shuningdek, u bu so‘nggi jang ekanini va unda Eron xalqi Islom Respublikasi tuzumi ustidan g‘alaba qozonishini ta’kidlagan.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay endi Eron Isroil davlati hududiga qarata zarba yo‘llashni boshladi.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham hujumlarni tasdiqlab, bayonot bergan. Unga ko‘ra, Isroil va AQSHning Eronga qarshi qo‘shma operatsiyasi Eron terror rejimi keltirib chiqarayotgan tahdidni bartaraf etishga qaratilgan. Netanyaxu maxsus murojaatida so‘nggi 47 yil davomida Eron rahbariyati Isroil va AQSHga qarshi ochiq tahdidlar qilgan hamda mintaqada zo‘ravonlik siyosatini yuritganini aytgan.

Avvalroq, Eron davlat televideniyesi Xomanaiy Isroil va AQSH tomonidan o‘ldirilganini xabar qilgan edi. Eronning “Tasnim” axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, u kecha, 28 fevral kuni ertalab o‘z ishxonasida o‘ldirilgan. Oyatullohning vafoti munosabati bilan mamlakat bo‘ylab 40 kunlik umumxalq motami va 7 kunlik umumxalq dam olish kunlari e’lon qilindi.

Shuningdek, Eron hududiga uyushtirilgan hujum chog‘ida Oyatullohning oila a’zolaridan to‘rt kishi – qizi, kuyovi, nabirasi va kelinlaridan biri ham halok bo‘lgan.

Qayd etish joiz, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Islom Respublikasi Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning vafoti tasdiqlanganidan so‘ng, mamlakat “Qurolli kuchlari tarixidagi eng shiddatli hujum operatsiyasi” boshlanganini ma’lum qilgandi.

Shundan so‘ng, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi mamlakat Isroil va AQSHga qarshi yangi hujumlar boshlanganini e’lon qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Isroil Bin'yamin Netan'yaxu AQSh–Isroil–Eron urushi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing