Norozilik notasidan so‘ng Lavrov tojikistonlik mavqedoshiga qo‘ng‘iroq qildi

Olam

image

Bugun, 30 aprel kuni Rossiya tomonining tashabbusi bilan Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Rossiya TIV xabar berdi.

Bildirilishicha, Tashqi ishlar idoralari rahbarlari ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashgan.

“Tojikiston tomoniga Rossiya xizmatlari tomonidan Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga muvofiq terrorizmning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida qo‘shimcha batafsil tushuntirishlar berildi. “Krokus Siti Holl”dagi fojiali voqealar bizga kelayotgan chet el fuqarolarini sinchiklab tekshirishga asosiy sabab bo‘ldi. Ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning vaqtinchalik xususiyati, ularning muayyan millat yoki dinga qarshi qaratilmaganligi, nazorat-o‘tkazish punktlaridagi vaziyatning bosqichma-bosqich normallashishi alohida ta’kidlangan”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 26 aprel kuni Tojikiston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sodiq Imomiy Rossiyaning respublikadagi elchisi Semyon Grigorev bilan so‘nggi bir necha hafta ichida Tojikiston fuqarolari Rossiya Federatsiyasi davlat chegarasini kesib o‘tishda duch kelgan qiyinchiliklarni muhokama qilgandi. Tojikiston tomoni fuqarolarining Rossiyaga kirishini asossiz rad etish holatlari keng tarqalib ketganidan xavotir bildirdi. 27 aprel kuni Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi respublika fuqarolariga vaqtincha Rossiya Federatsiyasiga bormaslikni tavsiya qildi. 28 aprel kuni rasmiy Dushanbe Rossiya hukumati mingga yaqin Tojikiston fuqarosini Moskva aeroportlarida ushlab turganini bildirdi. Kecha, 29 aprel kuni Rossiya Federatsiyasining Tojikistondagi elchisi Semyon Grigorevga “Rossiya Federatsiyasi hududida Tojikiston Respublikasi fuqarolariga nisbatan keskin salbiy munosabatning ommaviy tarzda namoyon bo‘lishi, shuningdek, ularning huquq va erkinliklari keng miqyosda buzilishi holatlari yuzasidan jiddiy xavotir bildirgan holda” Tojikiston Tashqi ishlar vazirligining notasi topshirildi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Tojikiston Sergey Lavrov Sirojiddin Muhriddin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made