Ochilboy Ramatov Turkmaniston Prezidenti bilan uchrashdi

Olam

image

Kecha, 28 aprel kuni Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining Barqaror rivojlanish bo‘yicha birinchi vazirlar forumida ishtirok etish uchun mamlakatga tashrif buyurgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Ochilboy Ramatovni qabul qildi. Bu haqda “Turkmenistan segodnya” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Ramatov Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.

O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari turkman xalqining milliy yetakchisi tashabbusi bilan barpo etilgan yangi Arkadag‘ shahrini ko‘rib hayratda qolganini ta’kidlagan.

Qolaversa, Prezident Serdar Berdimuhamedov Turkman xalqining milliy yetakchisiga qadimiy Samarqand zaminida ko‘rsatilgan samimiy qabul va mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirgan.

Uchrashuv yakunida Prezident Serdar Berdimuhamedov va O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Ochilboy Ramatov bir-birlariga va ikki mamlakatning qardosh xalqlariga ezgu tilaklar bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, Gurbanguli Berdimuhamedov 23 aprel kuni rasmiy tashrif bilan Samarqandga kelgandi. Tantanali ravishda ikki mamlakat bayroqlari bilan bezatilgan Samarqand xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev kutib oldi. Samarqand shahridagi tadbirlar doirasida Mirziyoyev va Berdimuhamedov birgalikda Hazrati Xizr majmuasiga tashrif buyurib, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga hurmat ko‘rsatdi. Shundan so‘ng, yetakchilar birgalikda “ Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik bog‘i hududida tashkil etilgan madaniy tadbirlarda ishtirok etdi. 24 aprel kuni Samarqand shahrida Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedovning muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng, Gurbanguli Berdimuhamedovga O‘zbekiston Respublikasining yuksak davlat mukofoti – "Oliy Darajali Do‘stlik" ordenini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shavkat Mirziyoyev mukofotni topshirar ekan, Gurbanguli Berdimuhamedovning qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashdagi ulkan xizmatlarini alohida qayd etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkmaniston Ochilboy Ramatov Serdar Berdimuhamedov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing