Oq uy yaqinidagi otishmadan so‘ng Milliy gvardiya xodimi halok bo‘ldi

Olam

image

Vashington shahridagi Oq uy yaqinida sodir bo‘lgan otishmada yaralangan Milliy gvardiya xodimlaridan biri halok bo‘ldi. Bu haqda kecha, 27 noyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp mamlakat harbiylariga yo‘llagan murojaatida ma’lum qildi.

“Milliy gvardiya xodimi Sara Bekstrom Oq uy yaqinida sodir bo‘lgan otishma oqibatida jarohat olib, shifoxonada vafot etdi”, degan Tramp. 

Trampning aytishicha, 20 yoshli Bekstrom – G‘arbiy Virjiniyadan bo‘lgan harbiy xizmatchi sanaladi. U xizmatini 2023 yilning iyun oyida boshlagan. AQSH Prezidenti halok bo‘lgan harbiyni “juda hurmatli va ajoyib inson” deb atagan.

Tramp, shuningdek, Vashingtondagi otishmada yaralangan ikkinchi Milliy gvardiyachi, 24 yoshli Endryu Vulf “juda og‘ir ahvolda” ekanini ma’lum qilgan. Tramp og‘ir yaralangan xodimga aloqador boshqa ma’lumotlarni tilga olmagan.

Milliy gvardiya xodimlari ishtirokidagi otishma 26 noyabr kuni Oq uy yaqinidagi Farragut maydonida sodir bo‘lgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, erkak ogohlantirishsiz navbatchilik qilayotgan harbiylarga qarata o‘q uzgan.

Keyinchalik bir nechta rasmiylar otishmada gumonlanuvchi – 29 yoshli Rahmonulloh ekanini aniqlagan. U 2021 yilda Afg‘onistondan AQSHga kirganini bildirilgan. 

Xabarga ko‘ra, u avval Afg‘onistonda AQSH maxsus xizmatlari bilan hamkorlik qilgan. Shu sababli, 2021 yilda AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistondan chiqib ketishi va “Tolibon” hokimiyatni egallaganidan keyin unga AQSHga ko‘chib o‘tish huquqi berilgan.

CNN ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchi 2024 yilda AQSHdan boshpana so‘ragan va bu ariza 2025 yil boshida qanoatlantirilgan.

Hodisaga munosabat bildirar ekan, Tramp Milliy gvardiya harbiylariga qilingan hujumni “terror” va “butun mamlakatga qarshi jinoyat” deb atagan. 

Tramp o‘z murojaatida yana Bayden prezidentligi davrida Afg‘onistondan AQSHga kirgan barcha xorijiy fuqarolar qayta tekshiruvdan o‘tkazilishini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH rasmiylari bu yerda o‘ziga joy topmaydigan har qanday chet ellikni chiqarib yuborish uchun zarur barcha choralarni ko‘radi.

OAVning ta’kidlashicha, Rahmonullohning boshpana so‘rab yozgan arizasi Trampning qayta hokimiyatga qaytganidan keyin, aynan uning administratsiyasi tomonidan qabul qilingan. Hujumdan oldin gumonlanuvchi jinoyat sodir etgan shaxs sifatida politsiyada qayd etilmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Afg‘oniston fuqarolarining mamlakatga kirish uchun barcha arizalarini darhol cheklangan muddatga to‘xtatganini e’lon qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Milliy gvardiya Donal'd Tramp Oq uy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing