Oq uyda o‘zgarish: Tramp yana bir vazirni haydab yubordi
Olam
−
21 aprel 7668 2 daqiqa
AQSH Mehnat vaziri Lori Chaves-Deremer nomaqbul xatti-harakatlar haqidagi ayblovlar fonida Prezident Donald Tramp ma’muriyatini tark etmoqda. Bu haqda Oq uy aloqa direktori Stiven Chung ma’lum qilgan.
Uning aytishicha, Chaves-Deremer “xususiy sektorda ishlashga o‘tadi”. Uning o‘rniga vaqtincha vazir vazifasini Kit E. Sonderling bajaradi.
CNN xabariga ko‘ra, so‘nggi oylar davomida vazirlikda ichki tekshiruv o‘tkazilgan. Unda Chaves-Deremer xizmat vakolati doirasida suiiste’mollik qilgani, jumladan, xizmat safarlarini shaxsiy maqsadlarda ishlatgani, xavfsizlik xodimi bilan nomaqbul munosabatda bo‘lgani kabi ayblovlar ilgari surilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, u xizmat safarlarini UFC janglari, konsertlar va yaqinlarini ko‘rish bilan birlashtirishni so‘ragan. Shuningdek, ayrim hollarda xodimlardan o‘ziga spirtli ichimliklar olib berishni talab qilgani aytilmoqda. Ushbu mojarolar fonida uning ikki nafar yordamchisi mart oyida lavozimidan ketgan.
“The Atlantic” ma’lumotiga ko‘ra, Oq uyda yana bir qator vazirlarni iste’foga chiqarish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda.
So‘nggi ikki oy ichida Chaves-Deremer Tramp ma’muriyatini tark etgan uchinchi ayol vazir bo‘ldi.
“Politico” yozishicha, Tramp o‘z vazifasini bajara olmayotgan yoki jamoatchilikda salbiy fikr uyg‘otayotgan amaldorlarni lavozimidan ozod qilishni rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp mamlakat Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noemni lavozimidan ozod qilgandi.
Live
BarchasiDehqonobod tumaniga sel keldi
23 aprel