OKMK futbol akademiyasi uchun yangi bino foydalanishga topshirildi
Biznes
−
27 avgust 9366 3 daqiqa
So‘nggi yillarda “Olmaliq KMK” AJ tomonidan bolalar futboliga katta e’tibor qaratib kelinmoqda. Xususan, OKMK futbol jamoasi qoshida futbol akademiyasi tashkil etilib, akademiya tarbiyalanuvchilari uchun zamonaviy maydonlar qurib berildi. Endilikda, yosh futbolchilar zamonaviy binoda yashab, ta’lim olish va parallel ravishda futbol sirlarini o‘rganish imkoniga ega bo‘ldi.
Bugun, 27 avgust kuni OKMK xomiyligida barpo etilgan akademiya tarbiyalanuvchilari uchun yangi bino foydalanishga topshirildi.
.jpg)
Ushbu ob’ektning ochilish marosimida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Odil Ahmedov, texnik direktor Gi Kiala, Qirg‘izistonning O‘sh shahridagi A.Momunov nomidagi futbol akademiyasi direktori Timur Abdullayev, Toshkent viloyati futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Asqar Jadigerov, OKMK PFK prezidenti Abdulla Xursanov, taniqli futbol sharhlovchilari Mirzahakim To‘xtamirzayev va Xayrulla Hamidov, Toshkent viloyati futbol mehnat faxriylari, murabbiylar hamda yosh futbolchilar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olganlar Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida bugungi kunda futbolga qaratilayotgan e’tibor natijasida erishilayotgan yutuqlar, ayniqsa, mamlakat terma jamoasining jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani islohotlar natijasi ekanini ta’kidladi. Olmaliqda ham kombinat tomonidan futbolga berilayotgan e’tibor yuksak baholandi.
Pudrat tashkiloti tomonidan OKMK xomiyligida 8 oy davomida sobiq “Vesna” mehmonxonasi kapital rekonstruksiya qilinib, zamonaviy qiyofaga keltirildi. Akademiya binosi 210 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, binoda akademiya tarbiyalanuvchilari uchun yotoqxona, oshxona, kir yuvish va tibbiyot xonalari tashkil etildi.
Zamonaviy jihozlarga ega bo‘lgan binoda 7 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar nafaqat yashab dam olishi, balki o‘z bilimlarini mustahkamlashi uchun ham imkoniyat yaratildi. Buning uchun 3 ta o‘quv xonasi ham tashkil etilib, yosh futbolchilar ingliz tilini o‘rganadi, nazariy bilimlarini oshiradi hamda o‘yinlarning videotahlili bilan tanishadi.
.jpg)
Bino ichkarisidagi har bir xona futbol hayotini aks etuvchi suratlar bilan bezatilgan.
Akademiyada 25 nafar tajribali murabbiy zamonaviy metodologiyalarni qo‘llagan holda futbol sirlarini yoshlarga o‘rgatadi. Shuningdek, tarbiyalanuvchilarga ingliz tili ham o‘rgatib boriladi.
E’tiborlisi, OKMK futbol akademiyasi O‘zbekiston jamoalari orasida mamlakatdagi yotoqxonalari bor to‘rtinchi akademiyaga aylandi. Ma’lumot o‘rnida, “Nasaf”, “Mash’al” va “Bunyodkor” futbol jamoalarining akademiyalarida yotoqxonalar mavjud.
Rekonstruksiya davomida binoning issiq va sovuq suv hamda isitish tizimlari to‘liq yangilandi. Yong‘in xavfsizligi va videokuzatuv tizimlari o‘rnatildi. Hudud obodonlashtirilib, ko‘kalamzorlashtirildi.
Eng asosiysi, akademiyada yoshlar sport bilan muntazam shug‘ullanishiga, futbol sirlarini o‘rganishiga keng imkoniyat yaratilgan.
Ma’lumot uchun, hozirda akademiyada bolalar va o‘smirlar futbolini rivojlantirish dasturi rahbari Denis Xomutov boshchiligida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Amalga oshirilayotgan ishlar natijasida joriy yilda akademiyaning 9 va 12 yoshli bolalar jamoasi qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasida o‘tkazilgan xalqaro turnirda bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. 10 yoshli bolalar jamoasi esa uchinchi o‘rinni egalladi. Bundan tashqari, akademiyaning 13 va 14 yoshli o‘smirlar jamoalari esa o‘z yosh toifalarida Qozog‘istondagi xalqaro musobaqada tengsiz ekanini namoyish etdi.
Hozirda akademiya qoshida 9 yoshdan 19 yosh toifasigacha bo‘lgan jamoalar faoliyat yuritib kelmoqda. Jami bo‘lib 300 nafarga yaqin o‘smir va yoshlar futbol sirlarini o‘rganyapti.
Tadbirda so‘z olgan mas’ullar futbol akademiyasi tarbiyalanuvchilarining professional rivojlanishi uchun mustahkam zamin yaratilganini ta’kidlashib, kelgusida Olmaliqdan jahon futbol yulduzlari yetishib chiqishini bildirdi.
Reklama huquqi asosida
Live
Barchasi