Oltin O‘rda davriga oid tangalar topildi
Olam
−
25 iyul 3931 1 daqiqa
Qozog‘istonning Atirau shahri yaqinida joylashgan “Aqtobe-Laet” qadimiy shahar xarobalarida noyob o‘rta asrlarga oid kumush tangalar topildi. Bu haqda “Kazinform” xabar berdi.
Topilgan tangalar Oltin O‘rda hukmdori Temirxon davriga tegishli. Rossiyalik professor-numizmatlar tangalardagi belgilarning rel’efini o‘rganib, ularning tarixiy ahamiyatini yuqori baholagan.
Mashhur numizmatik olim Pavel Nikolayevich Petrovning fikricha, bu tangalar XIII asrning ikkinchi yarmiga oid. Tangalarning bir tomonida Temir xon, ikkinchi tomonida esa xitoy iyerogliflari tasvirlangan. Bu, ehtimol, Chingizxon avlodi bilan Chag‘atoy ulusi o‘rtasidagi mojarolar davrida asirga tushgan Nomo‘xon ismli siyosiy asir bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, qazishmalar davomida “Tagara” deb nomlangan qadimiy sopol idish ham topilgan bo‘lib, u to‘liq holatda saqlanib qolgan.
Qazish ishlari Atirau viloyatining tarixiy-madaniy merosini o‘rganish markazi buyurtmasiga asosan olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning Olmaota viloyati Uyg‘ur tumanida joylashgan Tog‘izbuloq qishlog‘i yaqinidagi qadimiy qabrlar hududida Al-Farobiy nomidagi Qozog‘iston Milliy universiteti arxeologlari tomonidan Sak davriga oid noyob oltin zargarlik buyumlari topilgandi.
Live
Barchasi