OpenAI yangi AI modeli GPT-5’ni taqdim etdi
Texnologiya
−
08 avgust 3808 2 daqiqa
Kecha, 7 avgust kuni OpenAI kompaniyasi yangi avlod neyrotarmog‘i – GPT-5’ni taqdim qildi. Yangilangan versiya yanada aniqroq fikrlash, kengaytirilgan uzoq muddatli xotira va noto‘g‘ri javoblarni sezilarli darajada kamaytirish imkonini berishi aytilmoqda. Taqdimot translyatsiyasi OpenAI saytida namoyish etildi.
“GPT-5 har jihatdan aqlliroq bo‘lib, matematika, tabiiy fanlar, moliya, huquqshunoslik va boshqa sohalarda foydali javoblar beradi. Bu – xuddi sizga istalgan savolda yordam berishga tayyor ekspertlar jamoasi kabi”, deydi OpenAI kompaniyasi vakillaridan biri.
GPT-5 barcha ChatGPT foydalanuvchilariga taqdim etiladi, biroq bepul foydalanuvchilarga so‘rovlar sonida cheklov bo‘ladi – limitdan so‘ng ChatGPT oddiyroq modelga o‘tadi. API orqali foydalanuvchilar uchta versiyadan tanlashlari mumkin: GPT-5, GPT-5 mini yoki GPT-5 nano. Bundan tashqari, chat rangini va to‘rt xil muloqot uslubidan birini tanlash imkoniyati ham bo‘ladi: Cynic (“Sinik”), Robot (“Robot”), Listener (“Tinglovchi”) va Nerd (“Botanik”).
Ma’lum qilinishicha, GPT-5 kamroq faktlar to‘qiydi va javob bera olmasligini faolroq tan oladi. Yangi versiyani ishlab chiqishda 5 ming soatlik xavfsizlik sinovlari o‘tkazilgan.
“Taassurotingiz shunchalik bo‘ladiki, avvalgi modellarga qaytishni xohlamaysiz. Agar GPT-3 maktab o‘quvchisi, GPT-4 kollej talabasi bo‘lsa, GPT-5 doktorlik darajasiga ega ekspertga o‘xshaydi”, deydi OpenAI rahbari Sem Altman.
Qayd etish joiz, GPT-5 chiqishi bir necha bor kechiktirildi. Dastlab, 2024 yil o‘rtalariga rejalashtirilgan bo‘lsa, keyin 2025 yil o‘rtasiga, so‘ngra avgustga surildi. Bu vaqt ichida ChatGPT foydalanuvchilari soni oshishda davom etdi. Joriy yilning aprelida Altman haftalik faol foydalanuvchilar soni 500 millionga yetganini aytdi. OpenAI tez orada bu ko‘rsatkich 700 millionga chiqishini kutmoqda.
Ma’lumot uchun, OpenAI – sun’iy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqishga ixtisoslashgan kompaniya bo‘lib, 2015 yilda Ilon Mask va boshqa tadbirkorlar tomonidan San-Fransiskoda asos solingan. 2018 yilda Mask kompaniyani tark etgan. 2022 yil noyabrida OpenAI o‘zining ChatGPT chat-botini taqdim etdi. U matn yaratish, suhbatlashish, dasturlash kodlaridagi xatolarni topish, she’r yozish, ssenariy tuzish, prognoz va maslahatlar berish qobiliyatiga ega.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Google va Microsoft kompaniyalarida ishlagan sobiq muhandis, hozirda Machine Intelligence Research Institute nodavlat tashkiloti rahbari Neyt Soares sun’iy intellekt insoniyatning yo‘q bo‘lib ketishiga olib kelishi ehtimolini “kamida 95 foiz” deb baholagandi.