Ozodbek Nazarbekov mo‘g‘ulistonliklar bilan kuch sinashdi (video)

Jamiyat

image

O‘zbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov mo‘g‘ulistonliklar bilan “Naadam” musobaqalari doirasida kuch sinashdi. Bu haqda jurnalist Aziza Qurbonova xabar berdi. 

Ushbu musobaqa Prezident Shavkat Mirziyoyevning Mo‘g‘ulistonga davlat tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan hamda davlat rahbari ham oliy martabali mehmonlar bilan birgalikda “Naadam” an’anaviy mo‘g‘ul bellashuvlarini tomosha qilgan. 

Qurbonovaga ko‘ra, festival doirasidagi konsert dasturidan so‘ng, qiziqarli o‘yinlar bo‘lib o‘tgan. Ushbu o‘yinlarda Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ham o‘zini sinab ko‘rgan.

“Konsertdan so‘ng, juda qiziqarli musobaqa bo‘ldi. Bizning oshiq o‘yinini eslatuvchi suyak otish musobaqasi o‘tkazildi. O‘zbekiston tomonidan Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov o‘zini sinab ko‘rdi. Nazarbekovning oshiq otishda omadi kelmadi, lekin kamon otish musobaqasida o‘q nishonga yetib bordi”, deyiladi xabarda. 

Ma’lumot uchun, “Naadam” – Mo‘g‘ulistonning eng yirik va muhim milliy bayrami sanaladi. Har yili iyul oyining 11–13 kunlari nishonlanadi. Bu bayram qadimiy urf-odatlarga asoslangan bo‘lib, asosan mo‘g‘ul xalqining tarixiy merosi va milliy g‘ururini ifodalaydi. Naadam bayramining asosiy qismi “uch erkak sporti” deb nomlanadigan an’anaviy musobaqalardan iborat – mo‘g‘ul kurashi, ot poygasi va kamondan o‘q otish. Bayram nafaqat sport, balki madaniy voqealarga ham boy bo‘ladi. Unda milliy kiyimlar kiyiladi, an’anaviy musiqa va raqslar ijro etiladi, teatr tomoshalari sahnalashtiriladi. “Naadam”ning ildizlari qadimiy mo‘g‘ul va turk xalqlarining urusholdi mashqlari va bayramlariga borib taqaladi. Hozirgi rasmiy shakli esa 1921 yilda Mo‘g‘uliston mustaqilligini e’lon qilganidan so‘ng shakllangan. 2010 yilda esa “Naadam” UNESCO tomonidan Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Bugungi kunda bu bayram nafaqat sport musobaqalari, balki mo‘g‘ul xalqining birlik, tarix va milliy o‘zlik timsoli sifatida nishonlanadi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 24 iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi doirasida rafiqasi bilan birga Mo‘g‘ulistonga yetib borgandi. Suxe-Botir maydonida oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortgan. Harbiy orkestr ijrosida ikki davlat madhiyalari yangragan. Mo‘g‘uliston Davlat saroyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsuxning tor doiradagi va rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Oliy darajadagi muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux Keng qamrovli sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani qabul qildi. Shavkat Mirziyoyev hamda O‘zbekiston Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux va uning rafiqasi bilan Ulan-Bator shahrida ikki mamlakat san’at ustalarining konsertida ishtirok etdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Mo'g'uliston Ozodbek Nazarbekov Naadam

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing