PKK Turkiyani tark etmoqda
Olam
−
27 Oktabr 8327 2 daqiqa
Turkiyada taqiqlangan Kurdiston Ishchilar partiyasi (PKK) respublika hududidan o‘z qurolli tuzilmalarini olib chiqishni boshlaganini ma’lum qildi. Bu haqda partiyaning o‘zi xabar bergan va Turkiyaning hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi rasmiy vakili O‘mer Chelik bu ma’lumotni tasdiqlagan.
O‘mer Chelikning so‘zlariga ko‘ra, PKK’ning bu qadami va qurolsizlanish jarayonidagi yangi choralar Turkiyani terrorizmdan xoli qilish yo‘lida erishilgan taraqqiyotdan dalolat beradi. Uning ta’kidlashicha, Turkiya hududidagi PKK unsurlarini yo‘q qilish, shuningdek, uning mintaqadagi, xususan Iroq va Suriyadagi qurolli hamda noqonuniy tuzilmalarini tugatish va keyinchalik to‘liq qurolsizlantirish – Turkiyani terrorizm tahdididan xalos qilishning asosiy shartlaridan biridir.
PKK bayonotiga ko‘ra, bu qaror partiya yetakchisi bo‘lmish hozirda Turkiyada umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan Abdulla O‘jalonning roziligi bilan qabul qilingan. Bayonot Iroqdagi Kandil hududida jangarilarning bazasida o‘qib eshittirilgan. Ularning fikricha, Turkiya hududida qurolli guruhlarning qolishi turli provokatsiyalar va to‘qnashuvlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Kurdiston Ishchilar partiyasi 1978 yil 27 noyabrda chap sotsialistik partiya sifatida tashkil etilgan va 1984 yil 15 avgustdan boshlab Turkiya hukumatiga qarshi qurolli urushni boshlagan. Uning tarafdorlari Abdulla O‘jalonni oliy yetakchi va mafkuraviy ilhomlantiruvchi deb biladi.
Turkiya, AQSH, Yevropa Ittifoqi va ayrim boshqa davlatlar PKKʼni terrorchi tashkilot deb tan olgan.
Abdulla O‘jalon 1999 yildan beri Imrali orolidagi qamoqxonada izolyatsiyada saqlab kelinmoqda. U joriy yilning 27 fevral kuni tarixiy bayonot berib, tarafdorlarini Turkiyaga qarshi 40 yildan ortiq davom etgan kurashdan so‘ng qurollarini tashlab, PKK tarqatilganini e’lon qilishga chaqirdi. Bu harakat 40 mingdan ortiq odamning o‘limiga sabab bo‘lgan mojaroda tinchlikka yo‘l ochishga qaratilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kurdiston Ishchilar partiyasi qurolli mojaroni to‘xtatish va o‘zini tarqatib yuborishga qaror qilgani haqida bayonot tarqatgandi. Qolaversa, partiya Shimoliy Iroqda o‘tkazilgan marosimda o‘z ixtiyori bilan qurollarini topshirgani va ularni ramziy tarzda yoqqanini tasdiqlagandi.
Live
Barchasi