Pokiston va Afg‘oniston chegarasida janglar qaytadan boshlandi
Olam
−
27 mart 3163 2 daqiqa
Pokiston va Afg‘oniston chegarasida vaqtinchalik sulh muddati tugagach, harbiy harakatlar qaytadan boshlandi. Qurbonlar bor. Bu haqda afg‘on rasmiylariga tayanib, “Associated Press” xabar berdi.
Afg‘onistonning Kunar viloyati axborot va madaniyat departamenti direktorining ma’lum qilishicha, o‘t ochishni to‘xtatish muddati tugagach, Pokiston harbiylari Naray va Sarkano tumanlariga o‘nlab snaryadlar otgan. Oqibatda ikki nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgan, sakkiz kishi yaralangan.
Afg‘oniston chegara qo‘shinlari bunga javoban o‘t ochib, Pokistonning uchta harbiy posti yo‘q qilingani va bir harbiy xizmatchi o‘ldirilganini ma’lum qilgan. Pokiston harbiylari hozircha ushbu ma’lumotga izoh bermagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Iyd al-Fitr bayrami arafasida Saudiya Arabistoni, Turkiya va Qatar vositachiligida sulh e’lon qilingan edi. Bungacha fevral oyi oxirida Pokiston aviatsiyasi Afg‘oniston hududiga zarbalar berishi bilan vaziyat keskinlashgan edi. Afg‘oniston rasmiylariga ko‘ra, 16 mart kuni Qobuldagi reabilitatsiya markaziga berilgan zarba 400 dan ortiq kishining hayotiga zomin bo‘lgan. Islomobod fuqarolik ob’ektiga zarba berilganini rad etib, nishon o‘q-dori ombori bo‘lganini ta’kidlamoqda.
Pokiston Afg‘onistonni 2021 yilda “Tolibon” hokimiyatga kelganidan so‘ng mamlakat hududida hujumlarni kuchaytirgan “Tehrik-e-Tolibo Pokiston” (TTP) jangarilariga boshpana berishda ayblamoqda. Afg‘oniston hukumati bu ayblovlarni rad etadi. O‘tgan haftada Islomobod “G‘azab lil-Haq” operatsiyasi boshlanganini va yuzlab jangarilar yo‘q qilinganini e’lon qildi.
Live
Barchasi