Pokistonda 3 qavatli uy portlab ketdi. 16 kishi halok bo‘ldi (video)
Olam
−
19 fevral 1476 2 daqiqa
Pokistonning Karachi shahridagi uch qavatli turarjoy binosida kuchli portlash fojiaga olib keldi. Hodisa oqibatida 16 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda GZT xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, portlash bugun, 19 fevral kuni 04:15 larda “Soldier Bazaar”ning Gul Rana koloniyasi hududidagi turarjoyda sodir bo‘lgan. Jarohatlanganlar va marhumlar fuqarolik shifoxonasiga yotqizilgan.
Politsiya boshlig‘i yordamchisi Jamshid Asherning aytishicha, hodisa uch qavatli uyning birinchi qavatida gaz portlashi oqibatida sodir bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 16 kishi halok bo‘lgan. Ularning orasida ayollar va bolalar ham bo‘lgan. Jasadlar vayronalar ostida qolib ketgan. Bundan tashqari, 14 kishi jarohatlangani va ba’zilarining ahvoli og‘ir.
Politsiya gaz sizishini tekshirayotganini bildirgan. Voqea joyini ko‘zdan kechirayotgan xavfsizlik xodimlari portlashning dastlabki belgilari binoning gaz tizimida nosozlik borligiga ishora qilayotganini aniqlagan.
Portlash oqibatida yaqin atrofdagi boshqa inshootlar va transport vositalari ham zarar ko‘rgan. Pokiston hukumati fojia yuzasidan bir qator bayonotlar bergan. Sind bosh vaziri Murod Ali Shoh voqeadan chuqur qayg‘uda ekanligini bildirgan va portlashning aniq sababini aniqlash uchun keng qamrovli tergov o‘tkazishni buyurgan.
Pokiston Prezidenti Asif Ali Zardori halok bo‘lganlarning oilalariga ta’ziya bildirib, viloyat hukumatidan shunga o‘xshash fojialarning qayta takrorlanishining oldini olish uchun xavfsizlik choralari va nazoratni kuchaytirishni so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokistonning Islomobod shahridagi masjidda portlash sodir bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Hodisa oqibatida kamida 31 kishi halok bo‘lib, 169 kishi jarohat olgan edi.
Live
Barchasi